Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Amerikada yashayotgan atlas ko‘ylakli jurnalist

Amerikada yashayotgan atlas ko‘ylakli jurnalist

Foto: «Xabar.uz»

«Makonim» gazeta-jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari Halima Jumaniyazova bilan internet orqali tanishganmiz. Amerikada yashayotgan jurnalist egnida doimo milliy kiyimlar bilan suratga tushishi zavqimni keltirardi.

Gohida Amerika hayoti, gohida qo‘shnisi Asya xonim haqida yozganlarini maroq bilan o‘qirdim. Ammo bitiklarining orasida Vatanini sog‘inib yozganlari bir boshqacha edi. Doimo «keling, sizdan intervyu olay» desam «chap» berardi, o‘zi haqida gapirgisi kelmasmidi, kamtarlik qilardi. Ammo bu gal «jurnalistika haqida suhbatlashamiz», deganimdan so‘ng rozi bo‘ldi.

Men bu suhbatni Halima opaning barcha hamkasblarimizga bayram sovg‘asi deb tushundim. Aynan mana shu maqolani e’lon qilish arafasida Halima opani «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlanganini, xursandligi cheksizligini eshitib osmon qadar suyundik.

Halima opa deyarli barcha yozganlaringizda vatan sog‘inchi bor....

Yiqilsam, onamday ko‘taradigan,

Umidday har lahza ufuradigan.

Tovonimni o‘pib gurkiraydigan

Sen ishqsan ,mehrsan, ey ona zamin.

Vatanda ilohiy bir sehr bo‘ladi. Bu sehr shohni ham, gadoni ham baravar o‘ziga tortadi. Yuragingda hamisha ustuvor bir ishq yashaydi. Vatan degan buyuk bir qudratdan taskin olasan. Tug‘ilgan joying, tuprog‘ingning otashin ishqi yuragingda doimo atirguldek yashnab turaveradi. Bu ishq odamzodni ulug‘laydi. Ildizlari baquvvat chinor – Vataning seni minoralardek falakka yuksaltiradi. Men bag‘ri keng, mehmondo‘st Qoraqalpog‘iston farzandiman. To‘rtko‘l – mening jonim tutashgan diyor. Xorazmning suyukli keliniman. Besh nafar qorako‘zlarimning otasi, o‘n bitta nevaramning suyukli bobosi tug‘ilib o‘sgan yurt – mening ham Vatanim. Toshkentda suyukli nevaralarim istiqomat qilishadi. Olis bolaligim o‘tgan, bag‘rida ota-onamning qabrini e’zozlagan tuproqdan aytar kalomim, sajdagohimdan qarzim bor. Qishlog‘imning bo‘ylarini eslab-eslab, xotiralar yozib yashayman.

Jurnalistsiz, Amerikada garchi boshqa sohada ishlayotgan bo‘lsangizda jurnalistikani ham birga olib borayotirsiz...

– 1982 yilda TashDUning jurnalistika fakultetini tugatganman. Bir necha yil jurnalistika sohasida ishlaganman. Beshta farzandimning ta’lim-tarbiyasi, oilaning mas’uliyati biroz bu sohadan uzoqlashtirgan bo‘lsa ham men doimo sodiq edim.

Pedagogik ish faoliyatimda bir muncha muvaffaqiyatga erishdim. Tonggacha kitoblar titkilab, turkiy, mumtoz, hozirgi davr adabiyotidan testlar tuzdim, minglab o‘quvchi yoshlarga ustozlik qildim. Dostonlar, test to‘plamlari, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi maqolalar muallifi sifatida pedagogikaga ham ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shildi.

Lekin shu bilan birga, gazetalarga dolzarb maqolalar, ijodlarimdan namunalar berib bordim. «Ishonch» va «Gulchehralar» gazetalarida, «Saodat» jurnalida maqolalarim, she’rlar va badialarim muntazam ravishda chop etilgan. Daftarlarda qolgan dil mulkim, she’rlar va xotiralarimni kitob holatida chop etilayotgani meni quvontiradi…

Jurnalistikaga havas sakkizinchi sinfdaligimda uyg‘ongan. Tumanimizdagi «Kommunizm g‘alabasi» gazetasida ilk xabarlarim bosilgan. To‘qqizinchi sinfda ishchi-guruh muxbirlar degan o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashardim. Hozir eslasam jazirama issiqdayam, qishning sovug‘idayam dalada edik ,kechalari esa yarim tungacha kitoblarni yashirinib o‘qirdim. Eh-he, men jurnalistika so‘zini shu qadar sevardimki, tasavvur ham qilolmaysiz, xuddiki men Toshkentga kelib tahsil olmasam, dunyo to‘xtagudek… Allohga shukrki, niyatlar vojib bo‘lib, mana ikki yildirki, AQShday sehrli diyorda o‘z matbuotimizga egamiz!

Ummon ortiga qanday borib qoldingiz?

– Iqtisodiy sharoit yoki o‘zingni o‘ylamaslik ham, qo‘ying shu mavzuda gapirmay, asosan hech qachon o‘zim haqimda o‘ylashga vaqt bo‘lmagan, bu aniq…

Amerikada Vatanimni ko‘nglimda ko‘tarib yashayotganimga ham o‘n bir yil to‘layapti. Umr oqar daryo desalar hayron qolardim. Yillar, bahorlar meni aldab, va’dalar berib, kuzga eltib tashlab ketayotganidan hayratdaman.

Ko‘ngil juda yosh, yashashga ishtiyoq baland, yillar ortidan qo‘limni siltab xayrlashib qolar ekanman, o‘tgan umrimga, bosib o‘tgan yo‘llarimga hech achinmayman. Yuksak ma’naviyat chashmalarining boshida yashagan ota-onamdan olgan islomiy-diniy va dunyoviy tarbiya, ustozlar o‘giti, ko‘plab kitob mutolaasi, hayotga ziyrak va oqilona yondashuv, barchasi irodali bo‘lishimga sababdir, deb bilaman.

Eshitayotgandirsiz, o‘qiyotgandirsiz internet zamonida matbuot kerak emas, degan iddaolarni, ammo siz shunga qaramay Amerikada «Makonim» nashrining asoschilaridan birisiz...

– Ozodlik, hurriyat yo‘llarida ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib borayotgan – o‘zbek xalqining farzandlariga, albatta, matbuot kerak. Hech ikkilanmasdan ayta olamanki, matbuot o‘lmaydi, yashayveradi. Qonun ustuvor bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bu o‘z tasdig‘ini topgan. Nyu-Yorkda chop etilayotgan nashrlar bunga misol bo‘la oladi. Yuz ellik yildan beri qo‘ldan tushmay kelayetgan «New-York Times» gazetasining muxlislari erta tongdayoq, qavha ichmasdanoq gazeta mutolaa qilishadi. Aytmoqchimanki, gazeta — ma’rifat, ilm va ma’naviyatga boshlovchi yo‘l. «Makonim» ma’naviy-marifiy, adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy gazetamizning hozirgi kunda 60 sahifadan iborat nashrimizning muxlislari juda ko‘p. AQShning ko‘plab shtatlarida o‘z muxlislariga ega bo‘lgan gazetamizning chop etilishini intizorlik bilan kutadiganlar bor. Matbuotga, gazetaga bo‘lgan ehtiyoj yillar davomida o‘z tasdig‘ini topgan. Nyu-Yorkda minglab o‘zbekistonliklar yashashadi va o‘z tilimizda gazeta-jurnalning chop etilishi, albatta, barchani quvontiradi. Shu tufayli biz jurnalistlarni ham.

AQShda kun gazeta mutolaasi bilan boshlanadi. Ma’lumki, dunyodagi barcha mashhur kompaniyalar o‘z mahsulotini televideniye, gazetalar orqali reklama qilishadi. Aynan biz ham bu borada reklamalardan unumli foydalanib, tushadigan daromadlar orqali ham uddalayapmiz, desak bo‘ladi. Bilasiz, hozir texnika asri. Internetga qiziqish kun sayin ortmoqda. Televideniye, teatr, internetga bo‘lgan qiziqish katta, ammo matbuot ham ulardan qolishmasligini inkor qilmaymiz. Mana ikki yildirki, biz jamoamiz bilan harakatdamiz. Pandemiya sharoitida bu ishga qo‘l urildi. Bosh muharrir Dildora Salohiddin va Bosh marketolog direktor Sevara Xalillarning tashabbusi, g‘ayrat-shijoati evaziga biz yutuqlarga erishyapmiz. Dizayner, muxbirlar, dliver-manzillarga tarqatuvchilar ham o‘z ishlarini bilib qilishadi.

AQShdagi ko‘pgina shtatlarga pochtalar orqali yetkaziladi. Tashkilotlarga esa bosmaxonadan yuborilishiga erishdik. Quvonchlisi shundaki, manzillarimiz aniq, odamlar gavjum bo‘ladigan o‘zbek supermarketlarda, kafe va kichik do‘konlarda ham. Masjidlarga ham beriladi. Filadelfiya, Ogoya shtatlaridan kelib olib ketishadi. Bizga juda katta yordam berayotgan Nyu-York Bosh Konsulligiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining Nyu-Yorkdagi konsulligi bilan doimiy muloqotdamiz. U yerdan ham ko‘plab muxlislar shtatlardan kelgan o‘z manzillariga olib ketishadi. Yangi loyihalar asosida ish boshladik.

Amerikada farzandlaringizni o‘zbekcha liboslarda o‘zbekcha to‘y qilganingizdan xabarim bor.

– Farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ibrat ko‘rsatish uchun ham o‘zing tarbiyali, og‘ir mulohazali, oqni qoradan ajratadigan, ma’rifatli, ichki intizoming go‘zal bo‘lishi shart! Farzandlar tarbiyasida onalar muhim o‘rin egallaydi. Erkin fikrli, dunyoqarashi keng farzandni tarbiyalash uchun yillar kerak. Bir kun kechiktirilgan tarbiya uchun yillab aziyat chekish mumkin. Shukrki, farzandlarimizning hammasi oliy malumotli.

O‘g‘limiz Dilshodbek moliya-iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha ish faoliyatining bir qismini O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘ydi va 60ga yaqin yoshlarni ish bilan ta’minlagan. Bugungi kunda yuzdan ortiq mamlakatlarda faol a’zolari bor. «Amerika-Musaffo» kompaniyasining asoschisi va bosh direktori. U iqtisod bo‘yicha butunjahon moliya-iqtisod diplomiga ega. Tinimsiz o‘z ustida ishlaydi. Minglab kitoblar mutolaa qilgan desam, mubolag‘a emas. Mutaxassisligi bo‘yicha o‘z tilimizda aytsam ,haqiqiy professor. Institut, magistratura, boshqaruv tizimi barchasini Amerikada imtiyozli tugatgan.

Dilafruzxon esa ilmiy izlanishda. Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanida, ma’naviyat yo‘nalishida rahbar. Farzandlari ham o‘zimizdagi chet el universitetlarida ta’lim olishmoqda. Albatta, bu borada nevaralarim Malika va Jaloliddinlar bilan faxrlanamiz.

Behzod o‘g‘limiz tadbirkor. Bloger kelinimiz Zuhraxon bilan ham o‘z ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan.

Dilnozaxon ham Buyuk Britaniyada tahsil olgan. Magistratura va boshqaruv yo‘nalishini ham tugallagan. To‘rtta tilda treninglar o‘tadi.

Kichkina qizim hozirgi kunda turizm sohasi bo‘yicha blogerlikni boshlagan. «Makonim» gazeta-jurnalimizning O‘zbekistondagi muxbiri.Turk tilidan tarjima bilan ham shug‘ullanayapti.

Albatta, ko‘plab me’moriy loyihalar muallifi, arxitektor Ozod Jumaniyazovning qattiqqo‘lligi tufayli ham bolalarimiz shu darajaga erishganini etirof etaman.

Doimo atlas ko‘ylakda ko‘raman sizni...

– Atlas ko‘ylak – bizning milliy libosimiz. Bilasizmi? Mayli endi, aytaqolay. Yoshligimiz paxta dalalarida o‘tgan. Eng ko‘p tergan terimchiga atlas berilardi. Juda havas qilganman. Afsus, garchi brigada bo‘yicha eng ko‘p paxta teradigan o‘quvchi bo‘lsam ham mukofot – atlasni ololmaganman. Noyob edi atlaslar, qimmat edi atlaslar. Garchi atlas berilgan ayol mendan ko‘p paxta terolmasdi. Haqiqat yoki haqiqatsizlikka ana shunda duch kelganman. Hayron qolganman. Nihoyat talabaligimda eng qimmat juhut atlas olib berishgan. O‘shanda uning narxi 170 so‘m turardi. Ilk kiygan kunim 20 yoshimda farzandlarimning otasi bilan uchrashganman. Bahor edi chog‘i, sevishga sevilishga muhtoj bo‘lgan ko‘ngil bilan atlas ko‘ylakda qimtinib, uyalib turardim. U va’da berdi: «Sizga atlas yarasharkan, men sizga bir umr atlas sovg‘a qilaman».

Sharoitimiz ko‘tarmagan paytlar bo‘ldi, uy-joy, bola-chaqa tashvishida vaqtlar o‘tdi. Ammo, qirq yildirki, atlas kiyaman. Atlaslar jonu-dilim, ko‘pincha uy yumushlarida ham ularni sevib kiyaveraman.

Tennisi shtatining Nashvil shahrida yashaganimizda yon qo‘shnimiz qorajon, ismi Po‘lat, u ushlab ko‘rardi.

Juda go‘zalku! – deb hayratlanib qaragan.

Unga milliy kiyimlarimiz ekanligini aytsam, «quyoshning aksi bor», deya ta’riflagan. Chet elda bizning liboslarga qiziqib qarashadi. Tarixini so‘rashadi, asosan necha yoshdagilar kiysa bo‘ladi deya qiziqishadi… Tug‘ilgandan to keksayganda ham kiysang bo‘laveradi, deyman. Ipakning organizm uchun tanaga foydali ekanligini e’tirof etishadi.

Bugungi kunda atlaslarga bo‘lgan ishtiyoq yoshlarimiz orasida ham urf bo‘lmoqda. Xilma-xil jilolanuvchi atlaslar, ularning mualliflari – dizaynlariga ham tashakkurlar bo‘lsin!

Menimcha, faqat festivallarda, bayramlarda emas, balki kundalik ish faoliyatida ham atlaslar kiysa bo‘laveradi. Atlaslarda quyoshning, yulduzning aksi, oyning yog‘dusi, Momo Havoning nigohlari bor. Atlaslarda momolarimizning ushalmagan orzulari, umidlarining soyasi – kelajakka bo‘lgan ishonchlarining ramzi – gullar aksi bor. Men atlasni juda yaxshi ko‘raman. Qirq uch yillik juftim, umr yo‘ldoshimning va’dasini eslatib turguvchi atlaslarim bilan tabassumla xushmuomalalik bilan choy uzataveraman. Chunki, men o‘zbekistonlik, o‘z qadrimni va haddimni biladigan oddiygina ayolman, onaman…

Atlas ko‘ylak kiygan ayollarga, kiyishga iymanayotgan xonimlarimizga ham faqat salomatlik, oilaviy baxt tilayman.

Matbuot sohasida ishlovchi barcha hamkasblarimizni ulug‘ kun – bayram bilan qutlayman! Oilaviy baxt, ishlarida omad, oilaviy baxt tilayman!

So‘z – qilichdir! So‘zlari haqiqat yo‘lida o‘tkir bo‘lsin!

Barno Sultonova suhbatlashdi

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети