Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mashhur Jeneva avtosaloni endi hech qachon o‘tkazilmaydi

Mashhur Jeneva avtosaloni endi hech qachon o‘tkazilmaydi

Foto: Reuters

Yevropadagi yilning eng muhim avtomobilsozlik tadbiri — mashhur Jeneva avtosaloni endi hech qachon o‘tkazilmaydi. Bu haqda Germaniyaning N-TV nashri xabar berdi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-2022-yillarda avtosalon o‘tkazilmagan, 2023-yilda esa Shveysariyada emas, Qatarda o‘tkazildi. To‘rt yillik tanaffusdan so‘ng bu yil Jenevada o‘tkazilgan avtosalon esa tashkilotchilarning umidlarini oqlamadi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga qaraganda, avtomobilsozlik sanoatida noaniqlik hukmron, Yevropadagi yirik yarmarkalar jozibadorligini yo‘qotgan. Shu bois ular Shveysariyadagi maydonni yopib, avtosalonni Qatarda o‘tkazishadi.

«Bir tomondan, sohadagi murakkabliklar sharoitida ishlab chiqaruvchilar Jeneva avtosaloniga qiziqmay qo‘yishdi, ikkinchi tomondan, Parij va Myunxendagi ko‘rgazmalar bilan raqobatga bardosh berish qiyin — mahalliy avtomobilsozlar o‘z mamlakatlarini tanlashmoqda. Qolaversa, sarmoya jalb etishdagi muammolar Yevropada yana bir ko‘rgazma tashkil etish yo‘lida qizil chiroqni ko‘rsatmoqda», — dedi ko‘rgazmani tashkil qiluvchi kompaniya prezidenti Aleksandr de Senarklens.

Jeneva avtosaloni birinchi marta 1905-yilda o‘tkazilgan va qariyb bir asr davomida jahondagi eng muhim avtoko‘rgazmalardan biri bo‘lib kelgan. Yevropaning esa birinchi raqamli avtosaloni edi.

Biroq so‘nggi yillarda avtomobilsozlarda ham, tashrif buyuruvchilarda ham shveysar avtosaloniga qiziqish so‘nib bordi. 2024-yilgi ko‘rgazma, ayniqsa, juda fayzsiz o‘tdi. Mercedes-Benz, BMW, Audi, Volkswagen, Toyota va Hyundai singari jahonning yirik avtokonsernlari Jenevaga tashrif buyurishmadi. Tomoshaga keluvchilar faqat ikkinchi va uchinchi toifaga mansub Renault, Dacia, BYD, Lucid, MG va IM ishlab chiqargan yangi mashinalarni ko‘rishdi, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring