Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eshakka shafqatsiz munosabatdagi odamga jazo yengil bo‘ldi(mi?)

Eshakka shafqatsiz munosabatdagi odamga jazo yengil bo‘ldi(mi?)

Videodan lavha

Hindistonlik siyosiy arbob Mahatma Gandining bir gapi bor: «Xalqning buyukligi va uning ma’naviy rivojlanish darajasi bu xalqning hayvonlarga qanday munosabatda bo‘lishi bilan belgilanadi».

E’tibor beradigan bo‘lsak, barcha rivojlangan davlatlarda hayvonlarga munosabat yaxshi, ularning haq-huquqlari qonun bilan belgilab qo‘yilgan.

Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida mushuk va itlarning huquqlari hayvonlarni shafqatsizlikdan himoya qilish bo‘yicha 1987 yilgi konvensiya bilan himoyalangan. Masalan, kosmetikani hayvonlarda sinab ko‘rish to‘liq taqiqlangan. Ba’zi mamlakatlarda itni quyoshli kunda mashinada qulflangan holda qoldirib bo‘lmaydi. Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Gollandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveysariyada uysiz itlar yo‘q. Bu mamlakatlarda an’anaviy tarzda yuqori darajadagi nazorat (ro‘yxatga olish, litsenziyalash), keng ko‘lamli qonunchilik, shuningdek, aholining ijtimoiy mas’uliyati mavjud. Ushbu davlatlarda sterilizatsiya dasturi ko‘cha mushuklari populyasiyasiga nisbatan qo‘llaniladi.

Qonunlar

Gollandiya. Hayvonlar huquqlari to‘g‘risidagi qonun mavjud. Sirkda yovvoyi hayvonlardan foydalanish ta’qiqlangan. Dunyodagi uysiz hayvonlar mavjud bo‘lmagan birinchi mamlakat! Bunga erishish uchun hayvonlarni yo‘q qilishmadi, balki ularning huquqlarini joriy etishdi, uy hayvonlariga yuqori soliqlar solinishi esa ularni boqishni o‘ylab ko‘rishga turtki bo‘ldi. 

Hayvonlarga yomon munosabatda bo‘lganlik uchun qattiq jazolar berildi, ya’ni uch yil qamoq va 17 000 yevro jarima. Hayvonlarni ommaviy sterilizatsiya qilish majburiydir.

Yangi Zelandiya. 2016 yil aprel oyida barcha hayvonlarda hissiyot bor ekani rasman tan olingan. Hayvonlar ustida tadqiqot va tajribalar o‘tkazish taqiqlanadi. Har qanday yovvoyi hayvonni ovlash va qo‘lga olish noqonuniy hisoblanadi.

Buyuk Britaniya. Hayvonlarni shafqatsizlikdan himoya qiluvchi birinchi qonun 1822 yilda qabul qilingan. Buyuk Britaniyadan ko‘p o‘tmay, ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida hayvonlarni himoya qilish qonunlari qabul qilinadi.

Britaniya parlamenti Britaniya orollarida yashovchi 7 million it, 8 million mushuk, 650 ming ot, 2 million quyon, parrandalarga huquq va erkinlik berdi. Qonun hayvonlar egalarining qonunni buzganliklari uchun qattiqroq javobgarlikni nazarda tutadi — katta jarimalardan tortib, qamoqqa olishgacha.

Germaniya. 2002 yildan beri hayvonlar huquqlari Konstitutsiya bilan himoyalangan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Germaniyada  «Hayvonlar himoyachisi» kasbi tan olingan.

Italiya. Tashlab ketilgan mushuk yoki it uchun jinoiy javobgarlik mavjud— bir yil qamoq va 10 ming yevro jarima. Sog‘lom hayvonlarning evtanaziyasi butunlay taqiqlangan.

Turinda uy hayvonlarini kuniga uch martadan kam sayrga olib chiqqan it egalari 500 yevrogacha jarimaga tortiladi, shaharda oltin baliqni plastik qoplarda sotish taqiqlanadi. Uy hayvonlariga yetarli darajada rahm-shafqat ko‘rsatmaganlik uchun 500 yevrogacha jarima solinadi.

Avstriya.  Tovuqlarni tor qafaslarda saqlash, chorva mollarini qattiq arqonlar bilan bog‘lash, jinoyat hisoblanadi.

Sirklarda yovvoyi hayvonlardan foydalanish qat’iyan man etiladi —siz itni zanjirda ushlab turolmaysiz, bu hayvonni hayratda qoldiradi.

Ispaniya. Dunyoda birinchilardan bo‘lib inson va hayvonlar huquqlari tenglashtirildi.

2008 yilda har bir maymunning yashash, erkinlik va shafqatsizlikdan himoyalanish huquqi tan olingan. Endi Ispaniyada maymunlarni xususiy mulk ob’yekti deb hisoblash mumkin emas, maymunlar ustida tajribalar o‘tkazish, ularni sirk va teledasturlar uchun boqish taqiqlangan, hayvonot bog‘larida yashash sharoitlari jiddiy ravishda yaxshilangan. Ularda sirkda hayvon o‘ynatish, mo‘yna fermalari, baliq ovlash o‘rta asr vahshiyligi, sharmandali hol hisoblanadi.

Hindiston. Delfinlar huquqlarini tan olgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Delfinlar «insondek hissiyotlarga boy mavjudot» sifatida ko‘tarib chiqilgan. Ularni asirlikda saqlash mutlaqo mumkin emas. Bundan tashqari, Hindiston Janubiy Osiyoda kosmetika va ingrediyentlarni hayvonlarda sinab ko‘rishni taqiqlagan birinchi davlat bo‘ldi.

Shveysariya. Hayvonlar huquqlari sohasida Yevropaning yetakchi davlati. Qonun yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomala qilishni batafsil tartibga soladi. Masalan, agar biror jonivor birovning aybi bilan yaralangan bo‘lsa, sudya aybdorni veterinariya shifokorida davolanish uchun haq to‘lashga majbur qilishi mumkin, hatto bu xarajatlar hayvonning qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa ham.

Boliviya. 2009 yilda uy va yovvoyi hayvonlar ishtirokida sirk o‘yinlarini taqiqlovchi qonunni qabul qilgan birinchi Lotin Amerikasi davlati bo‘ldi. Sirklarda hatto kaptar, it va otlardan foydalanish ta’qiqlanadi. 

Chexiya. Agar fuqarolar ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, yolg‘iz itni ko‘rganligi haqida xabar berishsa, qarovsiz hayvonlarni nazorat qilish xizmati darhol itni boshpanaga yuboradi. U yerda hayvonda chip yoki tatuirovka bor-yo‘qligi tekshiriladi, chipda uning raqami ko‘rsatilgan. Agar chip bo‘lsa, u holda egasini qidirish boshlanadi, agar bo‘lmasa, it boshpanada qoladi va uning fotosuratlari shahar politsiyasining internet sahifalarida joylashtiriladi. 

Amerika. Uysiz hayvonlar bilan bog‘liq vaziyat hali ham qiyin. Ammo «Hayvonlarni sterilizatsiya qilish qonuni» qabul qilingan, unga ko‘ra egasiz bo‘lgan barcha hayvonlar jarrohlik sterilizatsiyasidan o‘tishi kerak. Istisno faqat chempion hayvonlar va ko‘rgazmalar g‘oliblari, politsiya va gid itlari, shuningdek seleksionerlar tomonidan ishlatiladigan hayvonlar uchun qo‘llaniladi. Qonunga rioya qilmaslik 500 dollargacha jarima bilan jazolanadi, beparvolik qilgan egasi 40 soatgacha majburiy mehnatga yuborilishi mumkin. Bundan tashqari, siz 9 dan ortiq hayvonga ega bo‘lolmaysiz.

Gretsiya. Hayvonlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda qabul qilingan. Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 15 000 yevrogacha jarima bilan jazolanadi.

Hayvonlarni o‘g‘irlash 6 oygacha qamoq va 3000 yevro miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Jazolar

Germaniya. Uch yilgacha qamoq yoki 25 ming yevro jarima.

Buyuk Britaniya. Besh yilgacha qamoq yoki 5000 funt sterling miqdorida jarima solinadi.

Italiya. Bu mamlakatda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga uch yilgacha qamoq yoki 3-160 ming yevro jarima to‘lanadi.

Fransiya. Ikki yilgacha qamoq yoki 30 ming yevro jarima...

Bizdachi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki erkak voyaga yetmagan bola ko‘z o‘ngida eshaklarning bo‘yni va boshiga qattiq zarba berib azoblagani videosi tarqalgandi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra,  hayvonlarga ozor bergan ota-o‘g‘il javobgarlikka tortilgan.

Ma’lum qilinishicha,  hayvonga ozor berganlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismi (voyaga yetmagan shaxs hozirligida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish yoxud hayvonlarning mayib bo‘lishiga olib kelish) bilan aybdor deb topilib, unga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Voqeaning ikkinchi ishtirokchisi — sudlanuvchining o‘g‘li B.S. voyaga yetmagani uchun uning xatti-harakati uchun ham otasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan aybli deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (270 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar o‘tgan yili 27 noyabrdan kuchga kirdi. Tegishli qonun prezident tomonidan 2021 yil, 25 avgust kuni imzolangandi.

Jinoyat kodeksining 202-1-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelgan harakatlar shundan harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (6,75 million so‘mdan 13,5 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) sanksiyasi ham 27 noyabrdan kuchaytirildi.

Unga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ma’muriy va jinoiy qonunchilikka ushbu o‘zgartirishlarni kiritish borasidagi loyiha Bosh prokuratura tomonidan 2020 yilning noyabrida muhokamaga qo‘yilgan edi. Mazkur taklif tayyorlash tashabbusi «Mehr va oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati tomonidan ilgari surilgan.

Yuqoridagi eshak bilan bog‘liq voqeada esa ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks moddalari qo‘llanilgan.  Unda aytilishicha, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Xo‘sh solingan jarima, ya’ni 270 ming so‘m BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha bo‘lgan mablag‘ni tashkil qilayaptimi?  Internet foydalanuvchilari iddao qilishayotgandek bu jazo juda  yengil jazo emasmi? Demak savol tug‘iladi, bunday yengil jazo bilan qutulib qolgan odam yana takrorlamasligiga kafolat bormi? Yoki ma’muriy huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsagina, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishini yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishini kutishimiz kerakmi. Mana shunday qiynoqqa solgan odamni dastlab ma’muriy jazo qilmasdan birato‘la jinoiy javobgarlikka tortsa bo‘lmaydimi? 

Xo‘sh, savol. Eshakning ahvoli bugun qanday holatda? Undan alamini olish uchun uni bira to‘la, endi ko‘rsatmay qiynashmayaptimi? Xorijda hayvonlarga shavqatsiz munosabatda bo‘lishsa o‘sha fuqarodan jonivor olib qo‘yiladi, bizda shunday qonun bormi?

Bo‘lmasa shunday qonuniy hujjatlar loyihasi tayyorlanishi maqsadga muvofiqdir. Toki, Yaponiyadagidek odamlar ko‘chadan egasiz hayvon topib olishsa, o‘zlarini baxtli his qilishsin. Chunki ularda qonun shu qadar kuchliki, har bir hayvonni boqishdan oldin mas’uliyatini, sharoitini, mehr bera olish olmasligini hisobga olisharkan. Bizda esa bu haqda orzu qilishga ham ancha borga o‘xshaydi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring