Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jizzaxda «Spark» avtomobili egasi bilan birga yoqib yuborildi

Jizzaxda «Spark» avtomobili egasi bilan birga yoqib yuborildi

2021 yil 28 dekabr kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani «Nayman» qishlog‘ida yashovchi fuqaro tomonidan ichki ishlar bo‘limiga murojaat kelib tushgan.

U hududdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidagi zovur ichida «Spark» avtomobili yonib ketgani haqida ma’lum qilgan. Uning murojaati yuzasidan voqea joyiga viloyat prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasi xodimlari yetib borishgan. Avtoulov ichida kuyib ketgan inson jasadi va «Spark»ning davlat raqam belgisi bo‘lmaganligi tergovchilarning e’tiborini tortgan.

Mazkur holat yuzasidan surishturuv ishlari olib borilganda, avtomobil egasi Samarqand shahrining Zarafshon mahallasida yashashi aniqlangan. Uning yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbatda yigit bir kun oldin o‘z yashash xonadonidan chiqib ketib, qaytib kelmaganligini bildirishgan.

Tibbiy ekspertiza marhumning «Spark» haydovchisi ekanligi haqida xulosa bergan.

Tezkor qidiruv natijasida jinoyat fosh qilindi. Yonib ketgan avtomobildan topilgan marhum giyohvand bo‘lgan, muqaddam o‘g‘irlik jinoyatiga qo‘l urgani uchun sudlangan. Marhumni Samarqand viloyati Jomboy tumani, Beshsayid mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi uch nafar fuqaro narkotik moddalar bilan ta’minlab turgan. Qarzi 2000 AQSh dollariga yetgach, «ta’minotchi»lar qarz uzilmaguncha «mol» bermaslikka qaror qilishadi. Shundan so‘ng «xaridor» ichki ishlar organlariga borib, ularni «sotishi»ni aytib qo‘rqitadi.

2021 yilning 27 dekabr kuni marhum o‘zi boshqaruvidagi avtomobilida, Beshsayitdagi tanishlarining hovlisiga 5 million so‘m ko‘tarib boradi. «Xaridor»ning kelishiga tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan uch erkakdan biri bolg‘a bilan unga jarohat yetkazadi, boshqasi tesha bilan uradi. Bir qancha zarbalarni o‘tkazgach, jabrlanuvchi qochish chog‘ida suvli zovurga yiqiladi va shu joyning o‘zida jon beradi. Bu paytda jinoyatchilar giyohvand modda ta’sirida edi. Jasaddan qutilish maqsadida ular marhumni «Spark» avtomobilining orqa o‘rindig‘iga joylashtirib, «Nayman» qishlog‘idagi zovur bo‘yiga olib borishadi. Manzilga yetib kelgach, marhumni haydovchi o‘rindig‘iga o‘tkazib avtomobilni zovurga qulatishadi va yoqib yuborishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring