Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rahbarning mas’uliyatsizligi ishchining o‘limiga sabab bo‘ldi

Rahbarning mas’uliyatsizligi ishchining o‘limiga sabab bo‘ldi

Kasbiy majburiyatlarga bo‘lgan beparvolik ba’zida ayanchli oqibatlarga sabab bo‘ladi. Bu kabi holatlardan biri to‘g‘risida Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB katta tergovchisi mayor J. Safarov so‘zlab berdi.

«48 yoshli O.S. MChJ rahbari sifatida shahar tumanlarining ko‘p qavatli uylarida ta’mirlash ishlari o‘tkazish vazifasini o‘z zimmasiga olgan edi. Shartnomada mazkur tashkilot uylarning tashqi qismini bo‘yash va tom qismini to‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun mas’ul ekanligi belgilandi. Albatta, bu kabi ishlarga odatda professionallar jalb qilinadi. Ammo ularning xizmatlari O.S.ga qimmat tuyuldi.

Pulni tejash maqsadida u kamroq pul evaziga mazkur ishlarni bajarishga rozi bo‘lgan odamlarni yolladi. Ishchilar bilan barcha shartlar muhokama qilingach, keyingi kundanoq ishga kirishishga kelishildi. Ustalar uylarning tashqi tomonini bo‘yashga kirishdilar. Ammo sentyabr oyining kunlaridan birida tushlikdan so‘ng kutilmagan holat ro‘y berdi. Ishchilardan biri – 43 yoshli I.A. muvozanatni yo‘qotib, 10 metrlik balandlikdan yiqildi. Atrofdagilar shu zahoti tez yordamni chaqirdilar va yetib kelgan tibbiyot xodimlari I.A.ni bexush holatida kasalxonaga olib ketishdi. Ammo unga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, oradan 9 kun o‘tgach I.A. hayotdan ko‘z yumdi.

Rahbar qonun bo‘yicha ishchisining o‘limi uchun javobgarlikka tortilishi kerakmi? Ha, agar qoidabuzarliklar kuzatilgan bo‘lsa. Rahbar birinchi navbatda ishchilariga xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqnoma berishi va ularga rioya qilinishini kuzatishi kerak. Ammo bu ishlar amalga oshirilmagan edi. Uning mas’uliyatsizligi bir kishining o‘limiga olib keldi», deydi katta tergovchi.

48 yoshli O.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi («Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring