Sankt-Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov derazadan yiqilib tushayotgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi.
“Qahramonlar turlicha bo‘ladi. Ba’zan ular qutqaruvchilar libosida, shifokorlar xalatida, ba’zan esa ishchi kiyimida bo‘lishadi.
Bugun Xayrullo Ibadullayev bilan uchrashdim. Uning qahramonligi haqida butun shahrimiz biladi. Ish vaqtida, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, u oynadan yiqilib tushayotgan 7 yoshli bolani ushlab qolgan. O‘zi jarohat olgan bo‘lsa-da, bolaning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Xayrullo klining kompaniyasida ishlaydi, o‘zi to‘rt nafar farzandning otasi.
Unga befarq emasligi, yordamga shay turishi va insonparvarligi uchun «Qutqaruvdagi jasorat uchun» ko‘krak nishonini topshirdim”, deya izoh qoldirdi gubernator.

Shuningdek, u bir million rubl (130 million so‘m) miqdoridagi pul mukofoti bilan ham taqdirlandi. Ma’lum qilinishicha, Ibodullayev mukofot pulini O‘zbekistondagi qizlari va betob otasiga yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, hodisa 22 fevral kuni Sankt-Peterburgning Petrozavodskaya ko‘chasida sodir bo‘lgandi. Bola ko‘pqavatli uyning yettinchi qavatining ochiq derazasidan tushib ketadi. Uni Ibodullayev uni qo‘llari bilan tutib qolgan. Hozirda bola barqaror holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.
Xayrullo Ibodullayevning jasorati O‘zbekistonda ham e’tirof etilib, “Jasorat” medali bilan taqdirlangandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter