Shavkat Mirziyoyev MDH milliy taomlari festivalida (foto)
Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari milliy taomlari festivali o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda ishtirok etdi.
Festivalda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonning boy pazandachilik merosi namoyish etildi. Turli xalqlarning milliy taomlari, qadimiy oshpazlik an’analari va mehmondo‘stlik madaniyati bir maydonda namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasida mamlakatimizning turli hududlariga xos non va pishiriqlar, qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar hamda milliy taomlar keng namoyish etildi. Mehmonlarga o‘zbek novvoyligining ko‘p asrlik an’analari haqida ma’lumot berildi.
O‘zbek oshpazlari somsaning turli xillarini tayyorlash, non yopish jarayonini namoyish etish bilan birga, Xorazm milliy oshxonasiga xos shivit oshi va tuxumbarak kabi taomlarni ham tayyorlab, mehmonlarga taqdim etdilar. O‘zbek palovining turli hududlarga xos tayyorlanish usullari va milliy oshxonaning boshqa nodir taomlari ham festival ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston stendida milliy taomlar bilan bir qatorda xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik namunalari ham namoyish etildi. Rishton kulolchiligi, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlarining an’anaviy mahsulotlari mehmonlarga yurtimizning boy madaniy merosi haqida yanada keng tasavvur berdi.
Festival davomida hunarmandlar nafaqat tayyor mahsulotlarni, balki ularni yaratishning an’anaviy usullarini ham namoyish qildilar. Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar esa tadbirga o‘ziga xos bayramona muhit bag‘ishladi.
O‘zbekiston stendi bilan tanishgan MDH davlatlari delegatsiyalari rahbarlari festivalning boshqa milliy ekspozitsiyalarini ham ko‘zdan kechirdilar. Mazkur festival nafaqat milliy taomlarni namoyish etish, balki MDH xalqlarining tarixiy-madaniy yaqinligi, an’analari va o‘zaro hurmatini yana bir bor namoyon etishga xizmat qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter