Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chilonzordagi ahvoldan bezovta Bosh prokuror bugun shu tumanda bo‘ldi

Chilonzordagi ahvoldan bezovta Bosh prokuror bugun shu tumanda bo‘ldi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev  raisligida poytaxtning Chilonzor tumanida katta yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, Toshkent shahar hokimiyati, Chilonzor tumani sektor mutasaddilari ishtirok etdi.

Aytilishicha, tumanda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ahvoli tashvishli darajaga kelib qolgan. Bosh prokurorning ayni masalalarga bag‘ishlangan muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishini shu tumanda o‘tkazilishi sababi ham shunda.

Aytildiki, nafaqat Toshkent, balki mamlakatimizda tinch-osoyishtalik barqarorligi bo‘yicha dunyoga namuna bo‘lib kelayotgani bor gap. Mamlakat poytaxti esa mamlakatning ko‘zgusi  hisoblanadi. Shu ma’noda poytaxtda huquqbuzarlik va jinoyatchilik holati hamda qonuniylik ahvoli eng namunali darajada bo‘lishi lozimligi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, ijtimoiy-siyosiy, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga davlat rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratab kelinmoqda. Shunga qaramay, ayrim mahalliy rahbarlarning, mas’ullarning beparvolik va loqaydlikka berilgani oqibatida so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida yuzaga kelgan kriminogen vaziyat, hududda uyushgan jinoyatchilik holatlari oqlab bo‘lmas darajaga kelib qolmoqda.

Toshkent shahri bo‘yicha oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni boshqa viloyatlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni har 100 ming aholiga 138 tadan to‘g‘ri kelgan bir vaqtda, Chilonzor tumanida bu ko‘rsatkich shahar ko‘rsatkichidan qariyb ikki baravarga ko‘p bo‘lib, 246 tani tashkil etganiga nima deyish mumkin?!

Pandemiya sababli joriy etilgan karantin munosabati bilan harakatlanish bir muncha cheklanib, nazorat tadbirlari kuchaytirilgan bir sharoitda, Chilonzor tumanida kriminogen vaziyatning bunday ayanchli holatga kelgani tuman mas’ullarining o‘z ishiga o‘ta loqayd va yuzaki munosabatda bo‘lganligidan dalolat emasmi?!

Buning oqibati shuki, tumandagi vaziyat barqarorligi va aholi xotirjamligiga jiddiy salbiy ta’sir qiladigan mudhish jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, firibgarlik, o‘g‘irlik, bezorilik jinoyatlari hamda ayollar va ishlamaydiganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar keskin oshib, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, talonchilik hamda retsidiv va guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar tahlili, sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va ko‘rsatkichlari, ochilmagan jinoyatlar, qidiruvdagi shaxslar, ularning sabablari va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar tumandagi har bir hudud, shuningdek, ayollar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va boshqa toifadagi fuqarolar kesimida tanqidiy ko‘rib chiqildi va atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarning tushuntirish va izohlari tinglandi.

Raislik etuvchi tomonidan tuman hududidagi toifalangan ob’yektlar, katta bozorlar va aholi gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibi nazorat qilinishiga zamonaviy usul va vositalarni keng tatbiq etish choralari ko‘rilishi, jamoat tartibi saqlanishini ta’minlash va qidiruvdagi shaxslarni tezkor aniqlash maqsadida intellektual kameralar, dronlar, «SOS» tugmachasi va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi yuzasidan aniq va asoslantirilgan taklif va tavsiyalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring