Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘chadagi «mazza»ning malhami yo‘q «aza»si...

Ko‘chadagi «mazza»ning malhami yo‘q «aza»si...

Foto: «Favim.ru»

Ayol tovlamachilik qildimi? Shubhasiz!

Yigitni tang ahvolda qoldirdimi? Bo‘lmasa-chi?!

Kechagina bir-birni yalab-yulqab yurgan bu «oshiqlar»ga nima jin urdiki, bugun biri sudlanuvchi, ikkinchisi jabrlanuvchiga aylanib o‘tiribdi?

Voqea mana bunday bo‘ldi: Jizzaxga ish qidirib surxondaryolik Qurbonoy Xolliyeva (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) Yigitali Qodirovga duch keladi. Yigitalini boyvachcha deb bo‘lmasa-da, ozdir-ko‘pdir kunlik tushumi bor: «Lasetti»da kira qiladi. Niyati samimiy edimi yoki nosamimiy – endi ko‘pam ahamiyati yo‘qku-ya, ammo tanishgan zahoti Qurbonoyga  yordam qo‘lini cho‘zgani rost. O‘sha kuni birga ayol uchun ish qidirishdi, bir nechta oshxonalarga bosh suqishdi, mabodo, «ofitsiantka» yoki idish yuvuvchi kerakmasmi, deb. Ertasiga, indiniga ham... Biroq munosibroq ish topilmadi ayolga.

Bu orada munosabatlari qalinlashib, o‘rtadagi jamiki chegaralar buzib-yanchildi: ayol Yigitalining jazmaniga aylandi-qoldi. Yigitning qo‘ynidan kirib, qo‘ltig‘idan chiqayotgani uchunmi Qurbonoyda ish topish ishtiyoqi so‘na boshladi. O‘z navbatida, «xizmatini qilayotgani» uchun yigit ayolni uch-to‘rt so‘msiz qoldirmadi.

Shu tariqa uch-to‘rt oyni o‘tkazdilar.

Yigitali qarasaki, topganidan baraka ketayotir: «chap»ga yurgan erkakning ishi yurishganmi o‘zi?! Qolaversa, «ko‘chadan topgani»ga obdon «to‘ygach», u ming ofatijon bo‘lmasin, erta bir kun erkakning ko‘ziga baloday ko‘rina boshlashi kimga sir?!

Xullas, Yigitali Qurbonoy bilan orani ochiq qilmoqchi bo‘ldi: yedik-ichdik, o‘ynadik-kuldik... bas endi!

Biroq  ayol osonlikcha  rozi bo‘ladiganidan emas ekan: «Men o‘yinchoq emasmanki, xohlaganingcha o‘ynab, tashlab ketaversang! Uyingga borib, hammasini aytib, sharmandangni chiqarmasammi?!»

Yigitalining dami ichiga tushib ketdi.

Shu suhbatdan keyin munosabatlar yana ikki-uch oy davom etdi. Biroq o‘rtadagi rishtani mehrdan ko‘ra (qanaqa mehr?!), qo‘rquv bog‘lab turganini  «oshiq-ma’shuqlar» yaxshi bilishardi.

Nihoyat, pichoq suyakka yetgach, Yigitali munosabatlarga batamom nuqta qo‘yishga ahd qildi: «kel, yaxshilikcha ajrashaylik...»

Qurbonoy shart qo‘ydi: «Bir million so‘m berasan, keyin oramiz ochiq. Aks holda,  mahallangga, uyingga borib...»

«Shart miqdori»ni pasaytirish uchun qilingan muzokaralardan naf bo‘lmagach, Yigitalining rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi. O‘z navbatida, Qurbonoy ishni yana-da puxta qilishga shoshildi: garovga nimangni qo‘yasan?

Yigitali haydovchilik guvohnomasini «garov» sifatida tashlab ketdi. Va to‘g‘ri borib, IIB xodimlariga uchrashdi: «yordam beringlar-yey, bir ayolga ilakishib, bo‘larim  bo‘ldi, axir?!»

Voqelarning keyingi rivojini tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz kerak: Qurbonoy tovlamachilik bilan talab qilgan pullarni olayotganda qo‘lga tushdi...

Sud Qurbonoy Xolliyevaga bir yarim yil muddatga ozodlikdan cheklash  jazosi tayinladi.

...Voqelikka ma’naviy-ahloqiy tomondan yondoshilsa,  na ayolni, na erkakni oqlab bo‘ladi aslida. Biroq haddidan oshgan  barbir pand yeyishi aniq. Shu uchun ham ayolning borgan joyi sudning qora kursisi bo‘ldi. Yigitali? Nainki unga, balki ko‘chada ko‘zi o‘ynab yurgan barcha yigitalilarga insof bersin. Ko‘chadagi «mazza»ning shunaqa «aza»si ham bor...

R.Orziqulov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring