Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilishi haqida savollarimiz bor

Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilishi haqida savollarimiz bor

Foto: Xabar.uz

Senat raisi kecha Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish masalasi haqida hech qanaqa gap yo‘q, bo‘lsa, xalq bilan muhokama qilinadi, dedi.

Ammo blogerlar bu gaplarni osmondan olib gapirishayotgani yo‘q. Senatning rasmiy saytida navbatdagi yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilishi e’lon qilingan.

Lekin negadir bugunga kelib bu masala kun tartibida yo‘q deyilmoqda. Balki jamoatchilikning e’tirozi sabab, olib tashlangandir, kim bilsin.

Ammo bizda boshqa savol tug‘iladi.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish masalasi haqiqatdan ko‘rib chiqilayotganini va bu sudlar tizimi hamda «qonun hujjatlari» atamasiga oid ekanligini ma’lum qilgandi.

Qonunchilik palatasining saytida ham sentyabr oyida Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritishga oid qonun loyihasi muhokama qilingani aytilgandi.

Demak, Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish haqidagi qonun loyihasi allaqachon Qonunchilik palatasida muhokama qilib bo‘lingan. Lekin nima uchun birorta joyda bu qonun loyihasining matni yo‘q? Nega bu loyiha qonun hujjatlari muhokamasi portalida e’lon qilinmagan? Jamoatchilikning fikri olinmagan?

Jamoatchilik bu qonun sirli qabul qilinmayotganiga ishonishi uchun biror fakt bormi?

Mayli, boshqa savollarim ham bor:

  • Nega Qonunchilik palatasi va Senatning yalpi majlislari kun tartibi ochiq va batafsil e’lon qilinmaydi? Faqat umumiy gaplar bilan axborot beriladi xolos.
  • Nega Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan barcha qonun loyihalarining matni saytda ochiq e’lon qilinmaydi? Vaholanki «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasida birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasining matni Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi aytilgan.
  • Nega Qonunchilik palatasi qabul qilgan va Senatga yuborilgan barcha qonunlar matni ochiq e’lon qilinmaydi? Biz bilaylik, qanaqa qonunni deputatlar yubordiyu, Senat unga qanaqa o‘zgarish kiritdi. Axir qonun loyihasining matnini e’lon qilish shunchalar qiyin ishmi?
  • Nega Senat tomonidan ma’qullanib, Prezidentga imzolash uchun yuborilgan qonun matni ochiq e’lon qilinmaydi? Yana o‘sha gap: Senat ma’qullagan qanaqa qonunlar Prezidentga yuborilganini bilishga haqqimiz yo‘qmi?

Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat tomonidan yuborilgan qonunlar 30 kun ichida yoki imzolanishi, yoki rad qilinishi kerak. Ayrim qonunlar Senat ma’qullagandan keyin salkam 1 yil o‘tib imzolanganini ham ko‘ryapmiz. Mana shunaqa holatlarni jamoatchilik nazorati kuzatib borishi kerak emasmi?

Xullasi kalom, «sirli qonunlar» deganda yopiq eshiklar ortida qabul qilinayotgan maxfiy qonunlarni emas, balki jamoatchilikka ochiq va batafsil ma’lumot berilmasdan, faqat deputatlar va senatorlarning o‘zi qabul qilib, ma’qullab yuborayotgan qonunlarni ham tushunish kerak. Buning uchun esa Parlamentda ko‘rilayotgan barcha qonunlar matnini har bir bosqichdan keyin ochiq e’lon qilishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu qiyin ish emas, agar xohish bo‘lsa, albatta.

Shunda deputat va senatorlarning mas’uliyati yanada oshar edi.

Axir xalq qonunlar haqida qancha ko‘p ma’lumotga ega bo‘lsa, shuncha yaxshi emasmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring