Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Svetlana Ortiqova bir qancha mutasaddilarni «o‘tqazib-turgizdi»

Svetlana Ortiqova bir qancha mutasaddilarni «o‘tqazib-turgizdi»

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Shu yilning 2-3-noyabr kunlari Namangan viloyatida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova sillasi qurishdan tashqari ta’bi tirriq bo‘lib qaytgani ehtimoli katta.

Sababi aniq: muammolar ko‘p, ularga yechim topish uchun mahalliy rahbarlar ikki karra kuch bilan ishlashi kerak. Joylarda zimmasidagi mas’uliyatni teran his qilib ishlayotgan mutasaddilar oz emas, biroq faoliyati katta-katta savol tug‘dirayotganlari ham tez-tez uchrab turibdi-da. Tuman darajasida hal qilinishi lozim va mumkin bo‘lgan muammolar Toshkentgacha yetib kelayotganining o‘zi ko‘p narsaga dalolat qiladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqatgan xabardan Svetlana Boymirzayevna viloyatning to‘rtta tumanida (Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Uchqo‘rg‘on) o‘tgan tadbirda jami 100 nafar fuqaroni qabul qilgani anglashiladi. Baland pardalarda yozilgan mazkur axborotdagi raqamlarga shubha qilmagan holda sayyor qabulni kuzatgan «Xabar.uz» manbasiga tayansak, miqdor bundanam ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Nega desangiz, Bosh prokuror o‘rinbosari murojaatchilar bilan gaplashar ekan, shu jarayonning o‘zida ayrim mas’ullarni «oborib-olib keldi», ayrimlarini «o‘tqazib-turgizdi». Bundan xavotirga tushgan ba’zi mahalliy rahbarlar qabulga kelganlar bilan chetroqda gaplashishga tushib, masalasini hal qilishga va’da-yu kafolatlar bilan opaning huzuriga kirmaslikka ko‘ndirish holatlari ham kuzatildi, deya xabar berdi manbamiz. Va qo‘shimcha qildiki, sayyor qabullarga Bosh prokurorning «devday-devday» boshqa o‘rinbosarlaridan ko‘ra ko‘proq «sinchalakdek» S.Ortiqova yuborilishi bejiz emasday: opa murosani bilmas, o‘rni kelsa, «tikka o‘qir» ekan...

...Raqamlarni gapirtirsak, qabullarda ish, uy-joy, moddiy yordam va boshqa ijtimoiy himoya masalalari, shuningdek, tadbirkorlik va kredit ajratish, qurilish va kommunal soha yo‘nalishi bo‘yicha avvalgi qabulllarga qaraganda kamroq (14 ta) murojaat tushgan. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, mahalliy hokimiyat va o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlaridan shikoyat qilganlar soni esa oz emas (23 nafar). Dastlabki tergov va surishtiruv ishlari va sud qarorlaridan norozilar esa jami murojaatchilarning teng yarmidan ko‘prog‘ini (51 nafar) tashkil qildi. Jarayonda murojaatlardan 17 tasi bo‘yicha mualliflarga qonun talablari tushuntirilgan bo‘lsa, 23 tasi Bosh prokuratura ish yurituviga olindi, qolgan 60 tasi nazorat ostida Namangan viloyati prokuraturasi organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring