Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli dunyo xaritasi: Kimlar yetakchi? (infografika)

Raqamli dunyo xaritasi: Kimlar yetakchi? (infografika)

Illyustrativ foto

Raqamli texnologiyalar bugungi kunda savdo-sotiq va ta’limdan tortib, davlat xizmatlaridan foydalanishgacha — deyarli barcha sohalarga katta ta’sir o‘tkazmoqda. Biroq internetga ulanish va undan samarali foydalanish imkoniyatlari dunyo mamlakatlarida keskin tafovutga ega.

Quyidagi xaritada Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (XEAI) tomonidan 2026-yil uchun e’lon qilingan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi indeksi (ICT Development Index, IDI) asosida tuzilgan dunyoning 159 mamlakati ko‘rsatkichlari aks etgan.

IDI indeksi «ommaviy va sifatli raqamli integratsiya» borasida erishilayotgan yutuqlarni baholaydi. U ikki yo‘nalishga ajratilgan 10 ta ko‘rsatkichni birlashtiradi: ommaviy integratsiya va sifatli integratsiya. Ular sirasiga internetdan foydalanish imkoniyati, tarmoq qamrovi, trafik hajmi va xizmatlar narxining hamyonbopligi kiradi.

Demak, ushbu reytingda Fors ko‘rfazi mamlakatlari qatorida, Yevropada eng yuqori natijani Estoniya (98,4 ball) qayd etdi. Keyingi o‘rinni 98,3 ball bilan Finlyandiya egalladi. AQSh 97,9 ball bilan umumiy reytingda to‘qqizinchi o‘rinda va Amerika qit’asi davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda. Rossiya va Xitoy 94,4 ball bilan 28-o‘rinni bo‘lishib turibdi.

Reytingdagi eng yuqori o‘nlikning teng yarmini Yaqin Sharq davlatlari — Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Qatar va Bahrayn band etgan. Ayniqsa, Saudiya Arabistoni indeksning har ikki yo‘nalishi bo‘yicha ham yuqori natijalarni qayd etgani diqqatga sazovor: ommaviy integratsiya — 100 ball, sifatli integratsiya — 99,6 ball.

Biroq barcha arab davlatlari ham bunday yuqori ko‘rsatkichlarga ega emas — mintaqadagi «raqamli vaziyat» ancha notekis. XEAI mintaqa bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichni 78 ball deb baholadi, vaholanki, ayrim mamlakatlarning natijalari eng yuqori darajadan 37 ballgacha past. Bu esa hatto qo‘shni davlatlarda ham internet va boshqa aloqa xizmatlarining hamyonbopligi, ulardan foydalanish darajasi va xizmatlar narxi o‘zaro nechog‘liq keskin farq qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tafovut bundan ham keskinroq. Gonkong va Singapur 97,9 balldan jamg‘argan bo‘lsa, Janubiy Koreya 95,5 ball, Malayziya 95,3 ball to‘pladi. Shuning barobarida, bu yetakchilar va minaqadagi eng past ko‘rsatkichga ega davlatlar o‘rtasidagi farq 62 ballgacha yetadi.

Bunday «raqamli jarliklar» yuzaga kelishiga shaharlashish darajasi, infratuzilma holati va aholi daromadlari kabi omillar sabab bo‘lmoqda. XEAIning avvalgi tadqiqotlariga ko‘ra, ayniqsa internetdan foydalanish, mobil qurilmalarning ommalashuvi va keng polosali tarmoq qulayligi borasida hududlararo farqlar juda katta. Elektron tijorat rivojlanib borgani sayin, raqamli integratsiyadagi bunday uzilishlar mamlakatlarning raqamli savdo bitimlarida ishtirok etishiga hamda umumiy raqamli iqtisodiyotdagi o‘rniga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Dunyo bo‘yicha IDI indeksining o‘rtacha ko‘rsatkichi 79 ballni tashkil etdi. 59 ta mamlakat 90 dan 100 ballgacha natija qayd etgan, 15 ta mamlakatda bu ko‘rsatkich 50 balldan ham past.

Daromad darajasi hali-hanuz raqamli rivojlanish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolmoqda: kamdaromad mamlakatlarda o‘rtacha ko‘rsatkich 42 ballni, yuqori daromadli mamlakatlarda esa 93 ballni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, Osiyo qit’asi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar) qurilishi bo‘yicha dunyodagi eng yirik rivojlanish o‘choqlariga aylanmoqda. Bulutli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamining kengayayotgani hamda sun’iy intellekt tizimlari tufayli yuklamalarning ortib borishi raqamli infratuzilmaga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirmoqda. Natijada Janubi-Sharqiy Osiyoning Malayziya, Indoneziya va Tailand kabi yirik xablari xorijiy sarmoyalarni faol jalb qilmoqda. Chunki soha operatorlari Singapur kabi allaqachon shakllanib bo‘lgan bozorlardan tashqariga chiqib, o‘z faoliyat qamrovini kengaytirmoqda.

Ushbu reytingning ayrim kamchiliklari ham yo‘q emas. Masalan, u simli internetning ommalashuvi, tarmoq tezligi, aholining raqamli ko‘nikmalari, shuningdek, foydalanuvchilar xavfsizligi va internetdagi himoyalanganlik darajasi kabi muhim ko‘rsatkichlarni hisobga olmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring