Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: «Ishchi guruh» tomonidan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda

«O‘zbekneftgaz»: «Ishchi guruh» tomonidan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda berilgan vazifalar, shuningdek Prezident Administratsiyasi rahbari boshchiligida energetika sohasida yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘rganilmoqda.

2023 yilda belgilangan tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlariga erishish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 744 ta geologik-texnik tadbirlar ishlab chiqildi va ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Jumladan, Ustyurt boshqarmasida ham ushbu geologik-texnik tadbirlar doirasida jami 102 ta tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» tomonidan boshqarmaga tashrifning ikkinchi kunida ushbu tadbirlar ijrosining holati hamda joylarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Dastlab, «Arslon» konida tashkil etilgan shtabda quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’minlash dastgohlarida ishlayotgan pudratchi tashkilotlar ish boshqaruvchi muhandis-texnik xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Boshqaruv raisi tomonidan maqsadga erishish yo‘lida g‘ov bo‘layotgan mavjud muammoli masalalarni bartaraf etish choralari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Ishchi guruh» tomonidan mavjud 19 ta burg‘ilash dastgohlari bilan quduqlarni burg‘ilash reja-jadvallari ko‘rib chiqildi. Birinchi navbatda, gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan quduqlarni ishga tushirishni tezlashtirish maqsadida burg‘ilash reja-jadvallari qayta tasdiqlandi.

Tashrif doirasida «Arslon» kompleksi quvvatini oshirish maqsadida, qurilayotgan 3-texnologik tarmoqdagi ishlar nazorat qilindi. Bu yerda mas’ullarga ushbu texnologik tarmoqni qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish bo‘yicha zarur bo‘lgan moddiy texnik resurslarni xarid qilish va yetkazib berish ishlarini jadallashtirishga doir topshiriqlar berildi.

Qishning izg‘irinli sovuq kunlarida Kompleksda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning ish va yashash sharoitlari ko‘zdan kechirilib, zarur shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar berildi.

Ayni vaqtda tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish maqsadida, «Quyi Surgil» koniga qarashli 24-, 25-, 26-sonli, «Shimoliy Berdaq» konidagi 114-, 117-sonli ishlatish quduqlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda burg‘ilash tashkilotlari va Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati bilan birgalikda mavjud muammoli masalalar ko‘rib chiqildi va ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan bir qatorda, kunlik gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan «Shimoliy Berdaq» konidagi 29-, 69-sonli, «G‘arbiy Quyi Surgil» konidagi 1-sonli quduqlardagi kapital ta’mirlash ishlari va «Quyi Surgil» koni 15-sonli, 16-sonli quduqlarda mahsuldor qatlamda chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nazorat qilindi.

Bundan tashqari, Ustyurt mintaqasida uglevodorod zahiralarini o‘stirish dasturi doirasida «Boylik» nomli yangi istiqbolli maydonidagi 1- sonli hamda «Quyi Surgil» konidagi 7-sonli quduqlarda olib borilayotgan burg‘ilash jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, «G‘arbiy Quyi Surgil» konidagi 2 ta quduqda burg‘ilash ishlari hamda ushbu kondan «Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmasigacha diametri 426 mm lik gaz uzatish quvurining qurilish montaj ishlari ham o‘rganildi.

Ta’kidlash joizki, pudratchi - «Neftgazmontaj» MChJ tomonidan ayni paytga qadar umumiy uzunligi 9,2 km bo‘lgan quvurlar to‘liq olib chiqilib, 8,6 km payvandlash ishlari va 4,2 km trassada yer ishlari bajarildi.

O‘rganish davomida pudratchi tashkilot, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati va tegishli departament boshliqlari zimmasiga gaz quvurini qisqa muddatda ishga tushirish uchun ishchi kuchlarni kupaytirish hamda gaz quvuri qurilishi bo‘yicha zarur-choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar yuklatildi.

Ma’lumot uchun: 2022 yilda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 4,4 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olinib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 114,8 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun jami 65 ta geologo-texnik tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 21 ta yangi gaz quduqi burg‘ilanib, 39 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib borildi va 5 ta texnologik ob’yekt ishga tushirildi. Chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 1,05 mlrd kub metr tabiiy gaz, 27,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring