Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxtani qo‘l mehnatisiz yetishtirish mumkinmi? Yetmish sentner hosil olishchi?

Paxtani qo‘l mehnatisiz yetishtirish mumkinmi? Yetmish sentner hosil olishchi?

Foto: Sherzod Ikramutdinov

O‘zbekistonda klaster tizimida ishlashga o‘tilganiga ko‘p bo‘lmadi. Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Khantex Group» MChJ uch yil muqaddam birinchilardan bo‘lib tashkil etilgan edi. Hozirda bu klasterda 10,4 ming tonna paxta qayta ishlanib, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarilmoqda. «Milliy bank» tomonidan Andijon viloyatiga tashkil etilgan press-tur doirasida OAV xodimlari ushbu korxonada bo‘ldi.

«Milliy bank» bilan hamkorlik qilayotgan «Khantex Group» ish boshlash uchun o‘zining 20,7 million AQSh dollari miqdorida sarmoyasini tikdi va bankdan 37,0 million AQSh dollar kredit oldi. Ayni vaqtda klaster 6 ming gektar yerda paxta va g‘alla yetishtirib kelmoqda. Eng muhimi, «Khantex Group» faoliyati barcha dala ishlarini texnika yordamida amalga oshirishga qaratilgan.

— Biz o‘zimiz tayyorlagan xom-ashyoni to‘liq qayta ishlab, tayyor mahsulot qilib chiqarishga mo‘ljallangan klastermiz. Shunga monand qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or texnologiyalarni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz, — deydi «Khantex Group» ta’sischisi Zokirjon Nabijonov. — Buning uchun turli mamlakatlar tajribasini o‘rganyapmiz. Vodiy dexqonchiligida bir yomon jihat bor, paxta ertaroq yetishtirish uchun plyonka ostiga ekiladi. Kuzda uni yig‘ishtirib olish ortiqcha dahmaza va ko‘pincha yerda qolib ham ketadi. Oqibatda yer buziladi. Biz mana shu an’anadan voz kechdik, ammo to‘g‘ri agrotexnik tadbirlar tufayli paxtadan ko‘proq hosil oldi — gektaridan 40 sentnerdan.

Ammo shu bilan birga plyonka ostiga ekishdan ham voz kechmoqchi emasmiz. Irlandiyada ekologik toza plyonka kashf etilgan, u ikki oyda chirib, o‘g‘itga aylanib ketadi. Nasib qilsa ikki yilda ularning tajribasini joriy etmoqchimiz. Hozircha bunga imkonimiz yetmaydi, chunki qimmat. Bunday plyonka uchun gektariga 2 million so‘m harajat qilish lozim. Hosildorlikni 45 sentnerga ko‘tarib olsak, o‘sha plyonkaga kuchimiz yetib qoladi. Buning uchun biroz vaqt kerak.

Shuningdek ilg‘or davlatlar texnologiyasi ostida g‘o‘zani tomchilab sug‘orishni joriy etmoqchimiz. Bunday tizimning afzalliklari faqat suvni tejashda emas. Masalan, O‘zbekistonda bir gektar yerga bir tonna dori solinadi. Bu esa yerni buzadi. Tomchilab sug‘orishda bir gektarga 71 kilogramm solish kifoya, dori g‘o‘zaning ildiziga yetib boradi, bir grammi ham uvol bo‘lmaydi.

Yana bir afzallik — ketmon ko‘tarib yerga kirish shart emas. An’anaviy sug‘orish uslubida yerga begona o‘tning urug‘i suv bilan birga keladi. Tomchilab sug‘orishda esa suv ikkita filtrdan o‘tadi va tozalanib yerga tushadi. Ekish oldidan yerga to‘g‘ri ishlov berilgan taqdirda begona o‘t umuman chiqmaydi. Tomchilab sug‘oriladigan yerda rezina quvurlar bo‘ladi, unga ketmon urishning iloji ham yo‘q.

Hozir biz yerimizni to‘liq mana shunday tizimga o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Buning uchun yer tarkibi namunasi horijga yuborilgan. Hamkorlarimiz tadqiq qilib bo‘lgandan so‘ng, sug‘orish tizimini shakllantirish uchun mutaxassis yuborishadi. Ish mana shunday tizimda yo‘lga qo‘yilgan taqdirda gektaridan 70 sentner hosil olish imkoni bo‘ladi. Biz bu yil tajriba tariqasida ushbu texnologiyani sinovdan o‘tkazdik. Ishonch bilan aytaman, O‘zbekistonda bir gektar yerdan 70 sentner paxta hosili olish mumkin, — deydi «Khantex Group» MChJ ta’sischisi Zokirjon Nabijonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring