Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida yangi markaz tuzish taklif etilmoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida yangi markaz tuzish taklif etilmoqda

Foto:«O‘zA»

«O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda mineral o‘g‘itlarga ehtiyojni aniqlash uchun tuproq agrokimyoviy tahlillari asosida agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqishning ahamiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mineral o‘g‘itlardan doimiy foydalangan holda qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda har 4 yilda bir marotaba tuproq agrokimyo izlanish ishlari bajarilib, agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqilishi belgilangan. Aynan agrokimyoviy xarita – sug‘oriladigan ekin yerlari tuproqlarining qishloq xo‘jalik ekinlari uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari (harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy va gumus) bilan ta’minlanganlik holatini belgilovchi hujjat hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’qidlashicha, mamlakatimiz bo‘yicha har yili 30 foizgacha ekin maydonida agrokimyoviy xarita tayyorlash va tuproq holatini inobatga olgan holda qishloq xo‘jalik ekinlarining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talabini o‘rganish imkoniyati mavjud. Agrokimyoviy xarita ishlab chiqish uchun 1 gektar yerdan tuproq namunalari olish va laboratoriya tahlillari asosida xulosalar tayyorlashga talab etiladigan mablag‘ 9 ming 960 so‘mni tashkil etadi.

O‘tkazilgan dala-kuzatuv tajribalariga ko‘ra, o‘rta tolali paxta navlari uchun 1 tonna paxta hosili bilan birga tuproqdan 60 kilogramm azot, 20 kilogramm fosfor va 50-60 kilogramm kaliy o‘zlashtirilishi aniqlangan. Ingichka tolali paxta o‘rta tolali paxta naviga nisbatan 20-25 foiz ortiq ozuqa moddalar o‘zlashtiradi.

– Sug‘oriladigan ekin maydonlari tuproqlarida agrokimyoviy laboratoriya tahlillari asosida agrokimyo xaritalari tuzish ishlari oxirgi marotaba 1986-yilda o‘tkazilgan, – dedi Agrokimyo stansiyasi direktori Asliddin Muhiddinov. – Respublikaning 3 million 623,5 ming gektar sug‘oriladigan ekin yerlaridan 25 foizida har yili tuproq ning tahlil ishlari bajarilishi belgilangan. Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari bilan o‘zaro shartnoma asosida yillik 5-8 foiz maydonda agrokimyoviy xaritalar ishlanib, shu ma’lumotlar asosida o‘rtacha koeffitsiyentlarga qisman o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talab ishlab chiqilmoqda.

Agrokimyo kartogramma asosida qishloq xo‘jalik ekinlariga mineral o‘g‘itlar kiritilmasligi oqibatida tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligi pasayib, yetishtirilgan maxsulot sifati yomonlashib, atrof-muhit ifloslanishi ortmoqda. 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra umumiy sug‘oriladigan ekin yerlaridagi tuproqlarning ozuqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rtachadan past holda qolmoqda.

Tadbirda soha mutaxassislari agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarini aytdi. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida «Agrokimyoviy tahlil markazi»ni tashkil qilish zarur. Mazkur markaz va uning filiallarida tuproq, mineral o‘g‘it, toksikologik va radiologik kuzatuv-tahlil laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatishi kerak. Qishloq xo‘jaligiga yetkazib berilayotgan mineral o‘g‘itlar sifati doimiy nazoratda bo‘lishi ham hosil unumdorligi va sifatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, ekinlar pishib yetilish davrida dala sharoitida namunalar olib, tarkibidagi pestitsid, nitrat va og‘ir metall tuzlari qoldiqlarini aniqlash uchun laboratoriya tahlillarini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Shu asosda savdoga chiqarish, qayta ishlash va omborga kiritishdan oldin xavfsizlik guvohnomalari berish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring