Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Viloyat hokimlariga Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi

Viloyat hokimlariga Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi

Foto: Xabar.uz

Prezident yig‘ilishida Jizzax viloyati Do‘stlik tumani misoli ko‘rib chiqildi.

Tumanda xitoylik investorlar bilan suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha loyiha yakuniga yetkazildi.

Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilib, kimga qancha suv borgani aniq ko‘rinadi. Avtomatlashgan boshqaruv orqali 20 foiz, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi.

Viloyatlar hokimlariga Do‘stlikdagi yangi tizimni o‘rganish, viloyatidagi suv ta’minoti og‘ir va xarajati qimmat 1 tadan tumanda Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi.

Noyabr-mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqtligi ta’kidlandi. Hali 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlash zarur.

Kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yo‘qotilayapti. Bu – Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng.

Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Mas’ul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1 aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir so‘mni maqsadli, tejamkorlik bilan to‘g‘ri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.

Prezidentimiz 2025 yil suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishini ta’kidladi.

Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sug‘orishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017 yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt ishlatilar edi.

Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring