Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AOKAning ogohlantirishi «Daryo»ga ham yetib keldi

AOKAning ogohlantirishi «Daryo»ga ham yetib keldi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbari Asadjon Xo‘jayevning «Kun.uz»  va «Gazeta.uz» saytlariga yuborgan ogohlantirish xatlaridan  biri mamlakatimining yana bir yetakchi sayti - "Daryo"ga  ham yetib keldi. Bu haqda elektron nashr bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev ma’lum qilishi barobarida o‘z o‘rnida munosabat ham bildirib o‘tgan. Munosabatki, uni navbatdagi tarsaki deyish mumkin. Zero, nashr ogohlantirish xatini  "...haddan ortiq o‘rinsiz va mantiqsiz" deb baholagan. 

"Xabar.uz" nashr nuqtai nazariga to‘la qo‘shilishi va qo‘llab-quvvatlashi ifodasi sifatida  "Daryo" bosh muharririning  maqolasi to‘laligicha chop etmoqda.

***

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 20 noyabr kuni chiqarilgan xat bugun, 26 noyabr kuni tushdan so‘ng, «Daryo» tahririyatiga yetib keldi. Avvalroq «Gazeta.uz» va «Podrobno.uz» internet-nashrlari ham AOKAdan ogohlantirish xati olganini bildirgan edi — «Daryo»ga berilgan «ogohlantirish» ham bu ikki qo‘shni saytniki bilan mazmunan bir, faqat «qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan» sayt nomi va tegishli havolalar o‘zgargan, xolos.

Uchala saytning «aybi» bir xil — birinchidan, ular Prezident matbuot xizmati 17 noyabr kuni tarqatgan axborotga tayanib, O‘zbekistonda «COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan... o‘rinlarda 6 570 nafar bemor davolanmoqda» deb yozgan, ikkinchidan, Prezident matbuot xizmati keltirgan raqam (6 570 nafar bemor) O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq rasmiy statistika yuritishga mas’ul (biz bilishimizcha, shunday) Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) e’lon qilib kelayotgan raqamlaridan uch barobar ko‘pligini alohida ko‘rsatib o‘tgan.

AOKAning ogohlantirish xatida qayd etilishicha, «yuqoridagi to‘la tekshirilmagan ma’lumot asosida joylashtirilgan birlamchi axborotlar... jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelishi kuzatildi». Ya’ni, AOKA aytmoqchiki, Prezident matbuot xizmati axborotidagi O‘zbekistonda «COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan... o‘rinlarda 6 570 nafar bemor davolanmoqda» degan gap — to‘la tekshirilmagan ma’lumot, demak, Prezident matbuot xizmati jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib keladigan to‘la tekshirilmagan axborot tarqatgan.

Ma’lumot uchun: «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 40-moddasiga ko‘ra, «bosh muharrir, shuningdek jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi: agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan,.. yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlari orqali olingan bo‘lsa».

Prezident matbuot xizmati tarqatgan «to‘la tekshirilmagan ma’lumot»ni tekshirish uchun, avvalo, O‘zbekistonda hatto Prezident matbuot xizmati ham to‘la tekshirilmagan, jamoatchilikni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan ma’lumot tarqatishi mumkinligini bilish kerak. AOKAning 20 noyabr kuni OAVlarga yo‘llagan xatlaridan keyin shunday bo‘lishi mumkinligi, qaysidir ma’noda, rasman tasdiqlandi — endi buni aniq bilamiz va kelasi safar Prezident matbuot xizmati tarqatgan axborotni imkon doirasida to‘la tekshirishga, xatosi bo‘lsa, tuzatishga urinamiz, albatta.

AOKAning mantig‘i bo‘yicha, Prezident matbuot xizmati tarqatgan «to‘la tekshirilmagan ma’lumot»ni OAVlar mavzuga mas’ul soha matbuot xizmati orqali aniqlashtirishi maqsadga muvofiq hisoblanadi — gap koronavirusga chalingan bemorlar haqida borarkan, u holda SSVga murojaat qilish lozim edi. «Podrobno.uz» «ogohlantirish»ga sabab bo‘lgan materialni chiqarishdan avval SSVga murojaat qilganmi-yo‘qmi, aytilmagan; «Gazeta.uz» murojaat qilganini, ammo tezkor javob ololmaganini yozgan. «Daryo» murojaat qilmagan, chunki javob berilmaydigan joyga murojaat qilish o‘rinsiz.

Nega endi «javob berilmaydigan joy»? Hamkasblarimizning ahvoli bunga yaxshiroq javob bo‘la oladi — «Gazeta.uz» AOKAning «ogohlantirishi» haqidagi xabarida qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi fonida 2020 yil iyul oyida O‘zbekistonda o‘limlar soni 26,4 foizga, Toshkentda 2,6 barobarga ko‘paygani yuzasidan sentyabr oyida SSVdan izoh so‘ragani, lekin haligacha javob ololmaganini, 2020 yil uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha statistik hisobotga so‘nggi yillarda birinchi marta mamlakatdagi o‘lim holatlari soni kiritilmagani yuzasidan noyabr boshida berilgan so‘rov SSV tomonidan hali ham javobsiz qoldirilayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Daryo»ning ham SSVga yo‘llagan qanchadan-qancha so‘rovlari shunchaki javobsiz qoldirilgani AOKAdagi mas’ullarga sir emas va shuni bila turib, yana koronavirus statistikasiga daxldor ma’lumotlarni SSV orqali aniqlashtirishni talab qilish — o‘ta ketgan mantiqsizlik. «Ogohlantirish»ga sabab bo‘lgan bu materiallar «tirnoq ostidan kir qidirish» yoki «kosa ostidagi nimkosa»ni ko‘tarish mahsuli ham emas, bor-yo‘g‘i bir davlat organi tarqatgan axborotdagi raqam davlatning boshqa organi berayotgan raqam bilan taqqosi, xolos — shunga shuncha jazava, «jiddiy huquqiy oqibatlar» bilan qo‘rqitish. Shuning o‘ziyoq muammoning tag-tomiri «ogohlantirilgan» OAVlar emas, butunlay boshqa taraflarda ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Biz AOKAning bu xatini bosim deb hisoblamaymiz, chunki shu kecha-kunduzda OAVga bundan battar, rostmana jiddiy (va ba’zan tuturiqsiz) bosimlar yetarlicha, yo‘q joydan yana bir bosim o‘ylab topish ma’qul emas. Bu — bor-yo‘g‘i oldiga qo‘yilgan ko‘plab vazifalardan birini (masalan, matbuot xizmatlari faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirishni) eplay olmayotgan davlat tashkilotining yoqimsiz bir ogohlantirish xati. Faqat haddan ortiq o‘rinsiz va mantiqsiz. Biz, boshqa bir mavzu sabab asossiz ogohlantirilgan «Kun.uz»ni ham qo‘llab, uning mana shu nuqtai nazarini quvvatlaymiz — «Daryo» OAV sifatida qonun bilan belgilangan huquqlari doirasida, mavjud muammolarni xolis va shu bilan birga boricha yoritishda davom etadi.

AOKA esa jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrlar shakllantirishi mumkin bo‘lgan to‘la tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqat(ayot)gan, shuningdek, OAVning dolzarb masalalar bo‘yicha so‘rovlariga javob bermayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlarini tartibga chaqirishi maqsadga muvofiqdir.

Muhrim A’zamxo‘jayev, 
«Daryo» bosh muharriri

PS. AOKA «Daryo»ga 16 noyabr kuni ham ogohlantirish xati yo‘llagan edi (xat tahririyatga 18 noyabr kuni yetib kelgan). Unda agentlik «Qashqadaryoda yashil rangga bo‘yalayotgan chim» nomli xabarni «noxolis axborot» deb atagan, agar bu «axborot o‘z isbotini topmasa», kamida to‘rtta qonun buzilishidan ogohlantirgan va shu kabi xabarlarda «mas’ul tashkilotning axborot xizmati orqali masalaga aniqlik kiritishni tavsiya qilgan». Xabar qaysi asoslarga ko‘ra noxolis deb topilgani bildirilmagan. Xatda ijrochi sifatida ko‘rsatilgan AOKA mas’uli men bilan suhbatda xabarda yozilgan voqea haqiqatda qachon, qayerda bo‘lganini o‘zlari ham bilishi, ammo «Daryo» masalani viloyat hokimligi matbuot xizmati orqali aniqlashtirmagani uchun xat chiqarilgani, buni ogohlantirish emas, tavsiya sifatida qabul qilish lozimligini aytgan edi. «Daryo»ning Qashqadaryodagi muxbiri o‘sha kuniyoq bu voqeani o‘rganib, xabar haqqoniy ekani, haqiqatda ham chim Prezident tashrifi arafasida bo‘yalganini aniqladi, biroq raddiya ma’lum bir sabablarga ko‘ra chop etilmagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring