Bola kitob orqali o‘z muammosini anglaydi...
Bolangiz qalbidagi muammoni bilasizmi? Yaqinda bolalar bilan mutolaa uchrashuvida qiziq bir holatga duch keldim. Men bolalarga “Quvonch” kitobimni o‘qib berayotgan edim. Kitob yakunida bolalar birin-ketin syujet haqida aytib, “bu tushida bo‘lgan ekan”, “bola uxlayotgan ekan”, deb o‘z fikrlarini aytishni boshladi. Shunda bir qizaloq menga qarab, “bu uyqusizlik”, dedi. Undan bu gapni eshitdim-u, tushni adashib uyqusizlik deb yuborgandir, deb o‘yladim. Lekin u qiz ko‘zimga tik qarab, yana ikki marta baland ovozda “bu uyqusizlik” dedi.
Yoniga borib: — Shunday deb o‘ylayapsanmi, — deb so‘radim.
— Ha, men ko‘pincha kechasi uxlolmayman, kecha ham soat to‘rtgacha uxlolmay yotdim. Bu bolada ham shunday. U uxlolmay qiynalgan, — dedi.
Qizaloqdan bunday gapni eshitib g‘alati bo‘ldim, ammo hammani chetga surib bu qiz bilan alohida gaplashishga imkonim yo‘q edi, shunday bo‘lsa-da:
— Qiynalibsan-da ancha? Qo‘rqmadingmi, — deb so‘radim.
— Yo‘q, o‘rganib qolganman, — dedi u.
— Uyqusizlik menda ham bo‘ladi. Faqat men qiynalaman, sen esa kuchli ekansan, deb kulib qo‘ydim.
Keyin suratga tushayotganimizda u chopib kelib, yonimda turish uchun meni mahkam quchoqlab oldi...
Kitob shunday kuchga ega, u ba’zida bolaning ichidagi qo‘rquvlarni, tushunmayotgan holatlarini ham ochib beradi.
“Quvonch” kitobi uyqusizlik haqida bo‘lmasa-da bolaning qalbidagi kechinmalarini ochishga unday oldi. Bola uyqusizlik kabi tushunarsiz holati haqida suhbatlashishni istadi, aytib berishni istadi.
Bolalar o‘zidan o‘zi men uyqusizlik tufayli qiynalaman yoki qo‘rqaman, deyishi oson emas. Bunday anglashlar katta bo‘lganida namoyon bo‘lishni boshlaydi, shunda ham hammada emas. Lekin kitob qahramonini ko‘rish orqali o‘zini anglashi, hissiyotlari haqida gapirishni istashi, o‘zining holatini tushunishi mumkin.
Bolalar bilan birgalikda turli mavzularda kitob o‘qishga harakat qiling. Uning sirli qalb kechinmalarini bilib olasiz va vaqtida ko‘mak bera olasiz.
Bolalar kitobi — bolalar bilan mazmunli suhbat qurish uchun zo‘r imkoniyat bo‘la olishi kerak, deb ko‘p aytganman. Shu yerda eng muhimi, suhbat muallifni emas, bolani qiziqtiradigan mavzuda bo‘lishi kerak! Yaxshilik va halollik haqida gaplashish yaxshi, lekin bola qorong‘ida uxlolmay qiynalgan bo‘lsa, unga yaxshilikdan ko‘ra uyqusizlik haqida gaplashish ham ruhiyatiga, ham aqliga, ham ma’naviyatiga foydaliroqdir.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter