Buxoroda o‘pirilgan ko‘prik qayta bunyod bo‘lmoqda. Hokim bergan va’dasini bajaryapti...mi? (video)
Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi Po‘loti mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi ustidagi ko‘prikning og‘ir yuk tashuvchi avtomashina o‘tishi oqibatida qulab tushgani odamlarni ancha xavotirga solgan edi.
«Xabar.uz» muxbiri tomonidan holat bo‘yicha olib borilgan jurnalistik surishtiruv muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Shu jarayonda Jondor tumani hokimi Jamshid Xudoyev o‘z intervyusida aholini qiynab kelayotgan muammolar yil oxiriga qadar bartaraf etilishini bildirgandi. Shuningdek, hokim va’dasiga ko‘ra, odamlarga qulaylik yaratish maqsadida ko‘prik sozlangunga qadar tadbirkorga tegishli tovuqxonaning qumloq yo‘li shag‘allashtirilib, yo‘lovchi tashish avtobus xizmati ham yo‘lga qo‘yilishi lozim edi.
Hokim va’dasining ustidan chiqdi...
Bu savol ko‘pchilikda «hokimlar va’da beradi-yu, ammo bajararmidi?» degan mutoyibabop munosabatni uyg‘otishi mumkin. Yo‘q, bu gal unday bo‘lmadi. Hokim va’dasini bajaryapti.
Jondor tumanidagi 6 ta qishloqni birlashtirib turgan Po‘loti mahallasida 8 500 nafardan ortiq fuqaro yashaydi. Joriy yilning bahor fasli kunlarining birida 30 yildan ortiq vaqtdan buyon aholi foydalanib kelayotgan ko‘prikning o‘pirilib tushgani, nafaqat, mahalla aholisi, balki tuman kattagina zararli oqibat keltirdi. Odamlar norozilik kayfiyatida murojaatlar qilishdi. Hokim xabar olmayotganidan, muammoga yechim izlanmayotganidan ustma-ust shikoyatlar keltirishdi.
«Xabar.uz» muxbiri og‘riqli masalani o‘rganish davomida muammoni yechishga daxldor mutasaddi rahbarlar va qator tashkilot mutaxassislari bilan suhbat davomida o‘pirilgan ko‘prikni qayta sozlash va ta’mirlash bo‘yicha jarayonlar allaqachon boshlanganiga oydinlik kiritgan edi.
Jondor tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi mutaxassisi o‘pirilgan ko‘prik 2026 yilga qadar qayta va to‘liq ta’mirlanishini, ta’mir ishlari uchun 2 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilishi kutilayotganini bildirgan. Biroq, tuman hokimi esa baxtsiz hodisa sabab katta talofat ko‘rgan ko‘prik aholi uchun juda zarurat ekani bois, yil oxiriga qoldirmay, ta’mirlanishini va’da bergan edi.
Holat batafsil ko‘rinishda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, oradan bir oycha o‘tar-o‘tmas, yana odamlar tuman hokimligi yoki soha mutasaddilari tomonidan hech qanday ish amalga oshirilmayotgani, jumladan, qo‘lansa hid tarqatib turuvchi tovuqxonaning qumloq yo‘lni shag‘allashtirish o‘rniga uni sifatsiz mahsulot bilan to‘ldirishayotgani, aholi uchun avtobus xizmati yo‘lga qo‘yilmagani hamda ko‘prik haqida ham hech qanday bosh qotirilmayotgani haqida qayta murojaat bilan chiqishgan. Shu kuniyoq, jurnalistik surishtiruv uchun yana holat joyida bo‘lgan muxbir va blogerlar yo‘lni sozlash va ko‘prikni mukammal ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilganiga guvoh bo‘lishgan. Holat joyiga tuman hokimi ham yetib kelgan.
«Tovuqchilik fabrikasi yo‘li o‘nqir-qo‘nqir va hech qachon asfaltlanmagan qumloq ekaniga hamma guvoh. Uni shag‘allashtirish uchun birinchi bosqich ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday yo‘l avval mayda tosh aralashgan qum, ya’ni chaga bilan to‘ldirilib, tekislanib, so‘ng keyingi bosqichlar amalga oshiriladi. Murojaatchining «hokim men bilan uchrashmadi» degan munosabatiga aytishim mumkinki, tumanda 180 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning har biri bilan bitta-bitta uchrashish quvvati ham, imkoni ham yo‘q hech bir hokim uchun. Xavotirga hojat yo‘q. Har bir mezon reja asosida olib borilyapti. Yil oxirlamay, aholi sifatli yo‘lga ham, ko‘prikka ham ega bo‘lishadi», — dedi Jamshid Xudoyev.
Holatga ko‘ra, baxtsiz hodisa sabab ayni paytda ham o‘pirilgan ko‘prikda mukammal ta’mirlash ishlari jadal kechmoqda. Tuman hokimi matbuot xizmatining so‘ziga ko‘ra, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish loyiha qiymati 7 milliard so‘mdan iborat. Loyihachi tashkilot - «Ravon yo‘l loyiha» xususiy korxonasi hamda pudratchi tashkilot – Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi bunyodkorlari tomonidan sozlash va qayta ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Suv sathidan balandligi 15, eni 20 metrcha va uzunligi salkam 54 metr masofadagi halokatli ahvolga kelgan ko‘prik tez kunlar ichida foydalanishga topshiriladi.
Hudud aholisi muammoni bartaraf etish uchun mutasaddi tashkilotlar hamda aholi o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan «Xabar.uz» tahririyatiga hamda tuman hokimligiga minnatdorlik bildirishdi.
«Ko‘ngilsiz voqea hammamizni ancha tashvishga solib, ko‘pchiligimiz, to‘g‘risi, tinchimizni ham yo‘qotgan edik. Mutasaddilar va hudud aholisi o‘rtasida birmuncha anglashmovchiliklar va tortishuvlar ham bo‘lib o‘tganini yashirmaymiz. Ammo, nima bo‘lganda ham hammasi yaxshilikka va ijobiy natijaga sabab bo‘ldi. Xalq tashvishidan charchamanglar. Ko‘prikning foydalanishga topshirilgan kuni qishlog‘imiz uchun to‘ydir. Shu to‘ylarda ko‘rishishlik nasib etsin», — dedi Baxshulla Boboyev.
To‘yni sevgan elga to‘ylar yarashadi. Mavzuga qaytamiz.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter