«Generalnaya doverennost» mulk huquqini bermaydi!
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
O‘sha statistikada bir jihat e’tiborimni tortdi. 2020-yil davomida berilgan ishonchnomalar soniga e’tibor bersak, 400 mingdan oshiq tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomalar berilgan. Ya’ni xalq tilida aytganda «generalnaya doverennost». Bu juda katta raqam albatta.
Bizda bir an’ana bor. Ko‘pchilik uy yoki mashinani oldi-sotdi qilgan bo‘lsa ham, lekin buni tegishli rasmiylashtirmasdan «generalnaya doverennost» olish bilan cheklanadi va shu bilan «mulk meniki», deb xotirjam yuraverishadi.
Ammo «generalnaya doverennost» mulk huquqini bermaydi! Istalgan payt ishonchnoma bergan shaxs buni bekor qilishi va mulkni olib qo‘yishi mumkin.
Bunday amaliyot shakllanganining bir qancha sabablari bor, albatta. Eng avvalo oldi-sotdi qilish jarayonining qimmatligi bunga sabab bo‘ladi. Ayniqsa avtomobil oldi-sotdisi kamida 3-4 mln so‘mga aylanib ketadi va dahmazasi, qog‘ozbozligi katta.
Birgina solishtirish uchun: 80 kv.m.li uyni oldi-sotdi qilishda davlat boji atigi 223 ming so‘m. Ammo 80 ot kuchiga ega avtomashinani oldi-sotdi qilishda davlat boji 1 mln 338 ming so‘m. Yana qo‘shimchasiga Yo‘l fondiga otning kallasiday to‘lov ham bor! Shuncha pul olinadigan yo‘llarimizning ahvoliga esa maymunlar yig‘laydi! Bu qip-qizil qaroqchilik emasmi?!
Bunday katta to‘lovlarni kamaytirish kerak. Shunda amaliyotda mulk mojarolari, firibgarlik holatlari birmuncha kamaygan bo‘lar edi.
Uy-joy uchun beriladigan ishonchnomalar soni ko‘pligi esa uzoq yil davomida o‘rnatilgan propiska taqiqlariga bog‘liq edi. Ammo bugunga kelib, bu muammo hal bo‘lgan. Boz ustiga yuqorida aytilganidek, ko‘chmas mulk oldi-sotdisida davlat bojlari ancha arzonlashtirilgan. 100 kv.m.gacha bo‘lgan uylar uzog‘i 300-400 ming so‘mga aylanadi. Shu sabab uy olishda ayrim vaziyatlarni hisobga olmaganda, umumiy holatda «generalnaya doverennost» rasmiylashtirishga sun’iy to‘siqlar yo‘q, menimcha.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter