Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hafta oxirigacha qor yog‘adimi? O‘zgidromet xabar berdi

Hafta oxirigacha qor yog‘adimi? O‘zgidromet xabar berdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi ob-havoda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xususan, kelgusi kunlarda qanday ob-havo kutilishi haqida ma’lumot berdi.

Mazkur hafta boshidan respublikamiz hududida Sibir antitsikloni hukmron bo‘lib, ob-havoning sovishini belgilab berdi. Oqibatda sovuq to‘lqinlari ta’sirida mamlakatimiz bo‘ylab yog‘ingarchiliksiz, quruq sovuq kuzatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida hamda tog‘li hududlarda kechalari -15 darajagacha, qolgan joylarda -5 darajagacha sovuq, kunduz kunlari Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida +13 darajagacha iliq havo haroratlari qayd etildi. Qolgan hududlarda havo harorati +8-10 daraja iliq atrofida bo‘ldi. Farg‘ona vodiysi, shimoliy va tog‘li hududlarida tuman tushdi.

Odatda O‘zbekistonda qish mavsumida sovuq antitsiklon ta’sirida quyoshning chiqishi va botishidan so‘ng qalin tuman tushish hodisalari tez-tez takrorlanadi. Bu havodagi suv bug‘larining kuchli to‘yinishi natijasida yuz berib, bu turdagi tuman sutkalab davom etmaydi va 3-4 soat davomida tarqalib ketadi.

25-yanvar kechasi sovuq antitsiklon respublika hududlarida davom etgani uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ko‘plab hududlarida qalin tuman tushish hodisasi kuzatildi. Ko‘rinuvchanlik joylarda 50-200 metrgacha cheklandi. Tuman tushgan paytda Toshkent shahridagi yuqori sezuvchanlikka ega atmosfera havosi ifloslanish darajasini o‘lchaydigan zamonaviy statsionar postlarda RM-10 mayda dispers zarrachalari miqdori 111,2 mkg/m³ ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich SSV huzuridagi Sanitariya, osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash xizmatining sanitar me’yor qoidalariga ko‘ra, inson salomatligi uchun «xavfsiz» daraja hisoblanadi.

Payshanba-juma kunlari Sibir antitsikloni chekinishi hisobiga mahalliy xususiyatga ega iliq havo massalari rivojlanib, kechalari 0 va undan yuqori havo harorati, kunduz kunlari esa +7-12 daraja iliq harorat kutiladi.

Juma kuni (28-yanvar) tushdan so‘ng beqaror ob-havo kuzatila boshlaydi, respublikamizga g‘arbdan to‘yingan nam havo oqimlari kirib kelishi hisobiga, avvaliga respublikaning shimoliy hududlari (Qoraqalpog‘iston, Xorazm), Markaziy qismi (Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax), Qashqadaryo va Surxondaryo hududlarida, shuningdek kechga borib Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kutiladi.

Dam olish kunlari Farg‘ona vodiysida ham yog‘ingarchiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Hafta davomida shamol 7-12 m/s. tezlikda esadi, 27–29-yanvarda ba’zi joylarda shamolning tezligi 15-20 m/s. gacha kuchayishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring