Ish joyidagi baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentyabrdagi 505-son qarori bilan mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, baxtsiz hodisa yuz berganda ish beruvchi jabrlanuvchiga zudlik bilan shifokordan oldingi birinchi yordamni ko‘rsatishi va zarur bo‘lsa, uni tibbiy muassasaga olib borishi kerak.
Shuningdek, ish beruvchi tegishli organ va tashkilotlarni, jabrlanuvchining yaqinlarini xabardor qilishi lozim. Baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki guvoh darhol bo‘linma, ya’ni sex rahbariga xabar berishi kerak.
Sex rahbari birinchi yordam ko‘rsatishi va jabrlanuvchini tibbiy-sanitariya qismiga yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etadi.
Shuningdek, maxsus tekshiruv komissiyasi ishni boshlaguniga qadar ish joyidagi vaziyat va jihozlar holatini hodisa vaqtida qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha saqlab qolishi shart.
Sex rahbari baxtsiz hodisa haqida ish beruvchiga hamda kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga darhol xabar berishi kerak.
Guruhli baxtsiz hodisalar, ya’ni bir vaqtning o‘zida ikki va undan ziyod xodim bilan yuz bergan holatlar maxsus tekshiriladi. Bunda jabrlanganlarning salomatligiga yetkazilgan zarar og‘irligidan qat’i nazar tekshiruv o‘tkaziladi.
Oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir bo‘lgan baxtsiz hodisalar ham maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. O‘lim bilan tugagan hodisalar uchun ham shu tartib qo‘llaniladi.
Ayni paytda tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jinoyat sodir qilish vaqtida olingan jarohatlar tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter