Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?
Kichkinaligimda mendan «Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?» deb so‘rashsa, «Prokuror bo‘laman» deb javob berar edim. Ota-onam menga «Prokuror bo‘lish uchun yaxshi o‘qishing kerak. Chunki prokurorlarning o‘qishiga kirish oson bo‘lmaydi. Undan keyin prokurorlar juda bilimli insonlar bo‘ladi» deb takrorlashar edi.
Yoshligimdan qanday qilib prokuror bo‘lish haqida o‘ylay boshladim. Umrimda prokurorlarni ko‘rgan emas edim. Hind kinolaridagi prokurorlar bundan mustasno. Bizning qishlog‘imizdan prokuror chiqmagan. Men uchun prokuror Qorboboga o‘xshagan idealday gap edi. Bu maqsadga intilish men uchun faxrli bir ish edi.
Oltinchi sinfda o‘qiyotganimda O‘zbekistonda o‘qishga kirish uchun test tizimi yo‘lga qo‘yildi. Men yuridik institutga kirish uchun qaysi fanlardan imtihon bo‘lishiga qiziqib ko‘rdim va tarix, o‘zbek tili hamda chet tilidan imtihon bo‘lishini aniqladim. Mantiqan o‘ylab ko‘rib, «maktabda tarix va o‘zbek tilini mustaqil o‘qib o‘rganishim mumkin, lekin fransuz tilini o‘qishga kiradigan darajada o‘rganish uchun harakatni oltinchi sinfdayoq boshlashim kerak» degan qarorga keldim.
O‘shanda maktabimizga Rohat opa degan yosh fransuz tili o‘qituvchisi kelgan edi. Darslarni qiziqarli qilib o‘tar edi. Men unga fransuz tilini chuqurroq o‘rganmoqchi ekanligimni aytdim. U o‘sha kundan boshlab menga ko‘proq vazifalar berib, alohida ishlay boshladi. Keyingi yildan men fransuz tilidan fan olimpiadasiga bora boshladim. Tabiiyki, qishloqlarda fransuz tiliga deyarli hech kim qiziqmagani uchun olimpiadaning qishloq bosqichlarida menga teng keladigan raqibning o‘zi yo‘q edi.
Sakkizinchi sinfda, olimpiadaning tuman bosqichida yangi ochilgan jahon tillari litseyining o‘quvchisi bilan birinchi o‘rinni talashdim, lekin mening nazarimda ixtisoslashgan litsey bo‘lgani sababli birinchi o‘rinni ularga berib yuborishdi. Ikkinchi o‘rin bilan cheklanishga majbur bo‘ldim. O‘shanda jahon tillari litseyining o‘qituvchisi menga litseyga kirishni taklif etdi. Lekin mening niyatim boshqa edi. Turk litseyiga kirishni va u yerda kuchli bilim olib, keyin yuridik institutga kirishni niyat qilgan edim. Lekin vaqti kelganda turk litseyi yopilib, men turk litseydan ham, jahon tillari litseyidan ham quruq qolib ketdim. Shundan keyin mustaqil ravishda tayyorlanishni davom ettirdim.
Oradan bir yil o‘tgach, jahon tillari litseyida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan qarindoshimiz meni litseyga kirishga boshqatdan taklif qildi. Bu safar rozilik berib, litseyga o‘qishga kirdim. Unda asosan iqtidorli o‘quvchilar yig‘ilgani bois («turk litseyi» voqeasi tufayli men sinfdoshlarimdan bir yil keyin kirganman) men ularga yetib olish uchun ancha mehnat qilishimga to‘g‘ri kelgan. Litseyda Fransiyada malaka oshirib kelgan o‘qituvchilar Fransiyaning darsliklari asosida dars berar va bizning kunimiz ertalabdan kechgacha nafaqat fransuz tilini o‘rganish, balki Fransiyaning madaniyati, urf-odatlari, tarixi va hokazolarni o‘rganish bilan o‘tar edi.
Bunday kundalik o‘quv rejasi tufayli menda, tabiiyki, Fransiya va fransuz tiliga muhabbat uyg‘ongan. «Prokuror bo‘laman» deb tarix, huquq, o‘zbek tili fanlarini ham chuqur o‘rganib yurganimga qaramasdan vaqt o‘tishi bilan menda Fransiyada ta’lim olish orzusi paydo bo‘lgan. Bora-bora Fransiyada o‘qish orzusi prokuror bo‘lish orzusi bilan raqobatga kirishib, o‘qishga kiradigan pallada oldimda ko‘ndalang bo‘lib turib olgan.
«Agar yuridik institutga kiradigan bo‘lsam (agar kira olsam), prokurorlarga chet elga chiqish mumkin emas. Demak, men Fransiyada o‘qish orzusidan kechishimga to‘g‘ri keladi. Lekin jahon tillari universitetiga o‘qishga kiradigan bo‘lsam (obro‘si yuridik institutday bo‘lmasa ham), baribir Fransiyaga borolmasligim mumkin. Chunki men oddiy qishloqdan chiqqan bir yigit bo‘lsam, har holda Fransiyaga borish imkoniyatim bo‘ladi. Agar o‘zim qattiq o‘qib, harakat qiladigan bo‘lsam, bir kuni albatta Fransiyada o‘qish ham nasib etib qoladi».
Mana shunday o‘ylar bilan nihoyat jahon tillari universitetiga hujjat topshirganman. Kichkinaligimdagi prokuror bo‘lish orzusi tufayli har doim oldinga intildim, ota-onamning muntazam qo‘llovi natijasida yaxshi o‘qidim. Men shu orzuning ro‘yobi uchun kurashda davom etishim ham mumkin edi. Lekin o‘sib kelayotgan yosh inson uchun faqat «aytganida turish»gina emas, balki zarur paytda to‘g‘ri qarorga kelish ham muhim ekan. O‘sha paytda men xarakterim prokuror bo‘lishga to‘g‘ri kelmasligini va ideallarim o‘zgarganini his qilganman. Shu sababdan bolalikdagi orzum bo‘lmish prokurorlik kasbi va prokurorlarga o‘zgacha hurmatimni saqlab qolgan holda jahon tillari universitetining fransuz filologiyasi (roman-german filologiyasi) fakultetiga o‘qishga kirganman. Oradan yillar o‘tib, Fransiyada tahsil olish haqidagi orzum ro‘yobga chiqdi...
Ota-ona va bolalarning munosabatlari mushuk-sichqon o‘yiniga o‘xshab ketadi. Ba’zan ota-ona farzandlariga «Agar falon ishni qilsang, falon narsa olib beraman» deb, ularni «narsa-buyum»lar evaziga ish qilishga o‘rgatib qo‘yadilar. «Ovqatingni yesang, muzqaymoq olib beraman», «jim o‘tirsang, parkka olib boraman» qabilida. Undan keyin o‘sha bolalarda har bir qilgan ishini, hatto kundalik hayotda qilishlari lozim bo‘lgan oddiy ishlarni ham ota-onasiga «pullash» odati paydo bo‘lib qoladi.
Umuman olganda, ota-onaning farzandiga beradigan sovg‘asi ularning mehri, muhabbatining ramzi hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalar bolalariga sovg‘alar berishining yomon joyi yo‘q. Aksincha. Lekin sovg‘a berish, ya’ni muhabbat izhor qilish va bolani «poraxo‘rlik»ka o‘rgatish o‘rtasida farq bor. Ijtimoiy jihatdan sovg‘a va pora «qarindosh» bo‘lgani sababli ularning o‘rtasidagi farqni bilmay qolish ehtimoli har doim bo‘ladi.
Mantiqan sovg‘a hech qachon beg‘araz bo‘lmaydi. O‘z farzandiga sovg‘a bergan ota-ona uni xursand qilishni niyat qilgan bo‘ladi. Bolalarining xursandchiligi esa ota-onaning o‘zlarini xursand qiladi. Sovg‘ani shirinlikka tenglashtiradigan bo‘lsak, ko‘p sovg‘a berishni ko‘p shirinlik yeyishga qiyoslash mumkin. Ya’ni, shirinlik yeyish yaxshi, ko‘p shirinlik yeyish esa zararli!
Shuning uchun ota-onalar bolalariga sovg‘alar berganda me’yorni bilishlari lozim, chunki bu farzandlarning kelajagiga katta ta’sir qiladi. Buning ustiga sovg‘ani bolalarining har bir ishi uchun emas, ularning o‘rta va uzoq muddatli muvaffaqiyatlari uchun rag‘bat sifatida bersalar maqsadga muvofiq bo‘ladi deb o‘ylayman.
Bolalarda xotira qancha kuchli bo‘lsa, konsentratsiya, ya’ni fikrini bir joyga jamlash qobiliyati shuncha tarqoq bo‘ladi. Shuning uchun bolalar ovqatlanayotganida, dars tayyorlayotganida yoki boshqa ish qilayotganida besh minutga yetmasdan boshqa narsalarga chalg‘ib, o‘yinga berilib ketadilar. Shunday paytlarda ota-onalar muammoni tez hal qilish maqsadida «ovqatingni yesang yoki darsingni qilsang falon narsa olib beraman» deb ularga motivatsiya berishga harakat qiladi. Bu albatta samarali metod. Lekin bunday qilinsa, kelajakda bolaning har bir ovqat yeyishi yoki dars qilishiga sovg‘a berib borishga to‘g‘ri keladi. Bir-ikki marta sovg‘a berilgach, uchinchi martasida berilmay qoladigan bo‘lsa, bolaning hafsalasi pir bo‘lishi va dastlab qo‘llangan metod teskari samara bera boshlashi mumkin.
Xuddi shu metodni o‘rta yoki uzoq muddatli qilib amalga oshirish ham mumkin. Masalan, bolaga «Agar faqat «5» bahoga o‘qisang, yozda senga velosiped olib beraman» deyilsa, bunda o‘rta muddat tanlangan bo‘ladi. Tabiiyki, yil davomida buni bolaga eslatib turishga to‘g‘ri keladi. Asosiysi, bola yil davomida 100 ta muzqaymoq yeb, oxirida poraxo‘r bo‘lib katta bo‘lmasdan, yil davomida o‘z maqsadi bo‘lmish velosiped uchun kurashib, oxirida uni qo‘lga kiritadi. Ota-onaning sovg‘asi bolani rag‘batlantiradi, unga o‘z maqsadi sari intilishni o‘rgatadi.
«Katta bo‘lganingda kim bo‘lasan?» kabi savollar bolalarga uzoq muddatli maqsadlar beradi. Agar bola «Katta bo‘lganimda falon kasb egasi bo‘laman» deb o‘z oldiga maqsad qo‘ysa, bu unga oldinga intilish uchun ishtiyoq beradi. Bolaning katta bo‘lganda o‘sha kasb egasi bo‘lishi unchalik muhim ahamiyatga ega emas. Agar u o‘sha kasbni egallay olsa, judayam yaxshi. Agar taqdir taqozosi bilan bola boshqa sohaga (menga o‘xshab) qarab ketadigan bo‘lsa ham bundan yutqazmaydi. Chunki uning bolalikdagi maqsadlari, ya’ni ideallari uni oldinga qarab intilishga va mehnat qilishga o‘rgatgan bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter