O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston muhim masalada hamkorlikni rivojlantiradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Mo‘g‘ulistonning atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri S. Sandag-Ochir bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston bir qator o‘xshash ekologik muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, cho‘llanish, yaylovlarning degradatsiyasi, qurg‘oqchilik, qum va chang bo‘ronlarining kuchayishi kabi jarayonlar ekotizimlar, qishloq xo‘jaligi hamda aholining yashash sharoitlariga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Uchrashuv yakunida “Qurg‘oqchil hududlar ekotizimlarini tiklash va qum hamda chang bo‘ronlarini kamaytirish bo‘yicha "Orol–Gobi" hamkorligi” (Aral–Gobi Partnership for Dryland Ecosystem Restoration and Sand and Dust Storm Reduction) tashabbusini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birinchi bosqichda O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonda pilot hududlarni aniqlash, ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini baholash va aniq loyiha takliflarini tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bunda degradatsiyaga uchragan yerlar va yaylovlarni tiklash, qum va chang bo‘ronlari xavfini kamaytirish, shuningdek, yer resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha amaliy yechimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston, shuningdek, qo‘shma loyiha takliflarini ishlab chiqish va xalqaro moliyalashtirishni jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu boradagi ishlar, xususan, Adaptatsiya jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma, Yashil iqlim jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy mexanizmlar imkoniyatlaridan foydalanish orqali amalga oshiriladi.
Mo‘g‘ulistonning BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga raislik qilishi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun alohida imkoniyatlar yaratadi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda yer resurslarini boshqarish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash mexanizmini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Yangi mexanizm yerlarni tiklash bo‘yicha investitsiyaga tayyor loyihalarni ishlab chiqishning amaliy vositasiga aylanishi kutilmoqda. U ustuvor hududni aniqlash va loyiha konsepsiyasini ishlab chiqishdan tortib, xalqaro moliyalashtirishni jalb etish uchun zarur bo‘lgan loyiha hujjatlarini shakllantirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter