Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi

Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–174-son, 31.05.2023 y.) qabul qilindi.

Xabaringiz bor, Prezident farmoni bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etildi.

Universitet davlat OTM hisoblanib, faoliyati «Hub and Spoke» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Universitetda ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilib, o‘quv jarayoni:

- kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi;
- o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Yetakchi, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqa) sertifikatlariga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball oladi va ushbu fanlardan imtihondan ozod qilinadi.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi.

2023 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, «yashil» iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.

Bunda, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida (990 ming so‘m), davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga har oyda BHMning 6 baravarida (1 mln 980 ming so‘m) stipendiyalar tayinlanadi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin – mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring