Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sen kuchlisan bolajon! Xayriya tadbiri mablag‘lari o‘z egalariga yetkazildi

Sen kuchlisan bolajon! Xayriya tadbiri mablag‘lari o‘z egalariga yetkazildi

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 18 sentyabrida poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida «Sen kuchlisan» tashabbuskor guruhi tomonidan bemor bolalar ijodiga mansub san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Taqdim etilgan va kim oshdi savdolariga qo‘yilgan suratlardan tushgan pullar bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab quvvatlashga sarflandi.

Aziza Qurbonova, jurnalist:

«Men tanlagan surat (suratni sotib olishda Dilnoza opaning ham hissalari bor) Og‘abek ismli bolaga tegishli. O‘tgan yili bolaning otasi vafot etgan. Uning o‘zi esa 1 hafta avval, 12 sentyabrda farishtaga aylangan…

Og‘abek yashashni juda-juda istagan. Bo‘lmasa, hayotni bunchalik rang-barang chizarmidi?! Kartinalar konteksti uchun bebaho. O‘lim oldidan, to‘xtovsiz terapiyalar, uzluksiz «kapelnitsa»lar, pulsizlik, otasizlik iztiroblari ichida boshqa ranglarni topa olgani uchun tanladim.

Tadbirda bir chekkada bemor bolalar surat chizib o‘tirishdi. Onalar hamroh, ularning o‘zi bemordek. Har ko‘zim tushganda jiqqa yoshga to‘laveradi. Men bu taqirboshlik, rangparlik, kannula ulangan qo‘llar nimaligini taxminan bilaman. Bolalarga tikon kirmasin, gard yuqmasin. Bemorlarga shifo bersin. Hech kim kasal bo‘lmasin!»

 

Hasan Toshxo‘jayev, Energetika vazirligi matbuot kotibi:

«Eng asosiy suratni eng qimmat narxga sotib oldim. Bunda meni kanalimdagi muxlislar ham qo‘llab-quvvatlashdi. Ochig‘i, auksionda eng baland narx – 6 mln so‘m taklif bilan xarid qilgan bo‘lsamda, bu tadbir va mazkur asar uchun ko‘proq berishga ham tayyor edim. Kecha men xarid qilgan suratlar puli bugun Hindistonga uchib ketayotgan bolaga asqatganini eshitib, ruhimda boshqacha yengillik his qildim. Tashkilotchilarga rahmat».

Husan Ermatov, «Ishonch» gazetasi bosh muharriri:

«Ilk suratni men xarid qildim. Bu bolalar xastaligidan ezilgan bo‘lsam, ko‘zlaridagi umidni ko‘rib ko‘nglim ko‘tarildi. Yana bir jihat – bu bolalarga, ayniqsa men xarid qilgan surat muallifiga shunchaki havaskor sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ularda professional yondoshuv bor. Tilagim, bu bolajonlarimiz tezroq sog‘ayib ketishsin va tasviriy san’at bilan jiddiy shug‘ullanishsin. Ular orasida suratlari Luvr muzeyidan joy oladigan iqtidor egalari yetishib chiqishiga ishonaman».

Dilfuza Sobirova, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi:

«Sen kuchlisan» loyihasining navbatdagi tadbirida biz ham jamoamiz bilan ishtirok etdik. Ko‘rgazmaga ko‘plab suratlar qo‘yilibdi. Har kim o‘ziga yoqqan suratni sotib olyapti. Tashkilotchilar suratlarga narx qo‘yishmagan «ko‘nglingizdan chiqarib beravering» deyishdi.

Bolajonlarning suratlari hayratga solgan bo‘lsa,  har bir surat tarixi ko‘ngillarni zir titratdi. Har bir surat ortida bir go‘dak taqdiri bor...

Tashkilotchilar shu go‘daklar taqdiriga jamoatchilikning e’tiborini qarata olishdi. Buning uchun ularga ko‘pdan- ko‘p rahmat».

 Sherzodbek Umaraliyev, ijtimoiy tarmoq faoli:

«Mana bu suratga e’tibor bering. Hech qachon arg‘imchoqlar egasiz, bolalarsiz qolmasin!

«Sen kuchlisan»  jamoasi tomonidan tashkillangan ko‘rgazmada shu rasm yuragimni titratib yubordi, deyarli hamma rasmda nimadir bordek edi.

Egasiz arg‘imchoq...»

Marjona Nurmuhammedova, g‘oya muallifi va tashkilotchi:

«Tadbirni yakunladik, yelkadan tog‘lar ag‘darildi. Lekin keyingi ikki kun davomida ham jamoamiz tinmadi. Barcha pullarni chiroyli tarzda egalariga yetkazdik, uzoqdagilarga ham jo‘natyapmiz. Eng asosiy maqsadimiz – bolalarda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni o‘yg‘otish, irodalarini mustahkamlash va shu orqali sog‘ayishlariga yordam berish. Zero ularning har biri kuchli!».

«Sen kuchlisan» jamoasi mas’ullarining Xabar.uzga ma’lum qilishicha, ayni paytda nodavlat-notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tish ishlari boshlangan va kerakli hujjatlar tegishli tashkilotlarga topshirilgan. Keyingi tadbirlar viloyatlarda ham o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring