Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shifokor konditsioner ishlatishda muhim ogohlantirishlar bilan chiqdi

Shifokor konditsioner ishlatishda muhim ogohlantirishlar bilan chiqdi

Konditsioner – yoz faslida, xususan, issiq ob-havo sharoitida eng muhim qurilmalardan biri hisoblanadi. Ular biz uchun uy va ofislarda qulay va salqin muhit yaratishga yordam beradi. Biroq, undan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida salomatlikda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

Xo‘sh, ushbu texnika vositasidan qachon va qanday foydalanish kerak? Uning sog‘liqqa qanday salbiy ta’sirlari bor?

Quyida tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimovaning yoz faslida konditsionerdan to‘g‘ri foydalanish va uning ehtimoliy zararlari haqidagi zarur ma’lumotlari bilan tanishasiz.

Temperaturani to‘g‘ri belgilash. Yoz faslida konditsioner uchun ideal harorat 18-20°C oralig‘ida bo‘lishi tavsiya etiladi. Boshqa o‘lkalarda bu raqam biroz farq qilishi mumkin, ammo asosiysi — xona ichidagi salqinlik tashqari havodan keskin farq qilmasligi lozim. Bu esa tana uchun qulay va sog‘lom muhit yaratadi.

Ventilyasiyadan foydalanish. Konditsionerni noto‘g‘ri ishlatish xonadagi havoni quritib yuboradi. Shu bois uni yoqishdan avval, ertalab yoki kechqurun xonani shamollatib turish juda muhim. Bu esa havoning toza bo‘lishiga yordam beradi.

Konditsioner tozaligini nazorat qilish. Ushbu qurilma filtrlarini muntazam ravishda tozalash yoki almashtirish muhim ahamiyatga ega. Toza filtrlar havo sifatini yaxshilab, allergen va mikroblar hamda boshqa zararli moddalarning havoga tarqalishining oldini oladi.

Faqat zarurat bo‘lganda ishlatish. Konditsionerni faqat ehtiyoj bo‘lganda yoqish kerak. Xonada hech kim bo‘lmagan paytlarda uni o‘chirib qo‘yish energiyani tejaydi va qurilmaning xizmat muddatini uzaytiradi.

Konditsionerdan noto‘g‘ri foydalanishning zararlari:

Teri va allergik kasalliklar. Konditsionerdan noto‘g‘ri foydalanilganda u havoni quritib yuboradi. Xonada namlik yo‘qoladi va deraza hamda eshiklar yopiq bo‘lgan sharoitda havo kislorod bilan to‘yinmaydi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan terini quruqlashtirib, yuzda ajinlar paydo qiladi.

Qolaversa, terining doimiy quruq bo‘lishi uning tashqi qatlamiga salbiy ta’sir etib, qichishish yuzaga keladi. Shuningdek, konditsioner filtrlari toza bo‘lmasa, ularda yig‘ilgan chang – allergenlar va mikroblar havoga tarqaladi. Bu esa allergik va infeksion kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Muskul va bo‘g‘imlarda og‘riqlar. Konditsionerdan noto‘g‘ri foydalanish, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havoning inson tanasiga urilishi tufayli muskul va bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘lishi mumkin.

Termal shok. Tashqi muhitdagi yuqori haroratdan birdan sovuq xonaga kirish yoki aksincha muzdek xonadan issiq havoga chiqish termal shokka sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur holat tana haroratini tezda o‘zgartirib, organizmda stress reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Bu, o‘z navbatida, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini qo‘zg‘ashi mumkin.

Qon bosimi ko‘tarilishi. Odatda qon bosimi issiqdan ko‘ra, sovuq havoda yuqori bo‘ladi. Chunki, salqin harorat qon tomirlarining siqilishi va spazmlarga olib keladi. Shunday ekan, konditsioner tagida uzoq vaqt o‘tirish sistolik va diastolik qon bosimini ko‘taradi. Shu boisdan xona harorati tashqi havodan keskin farq qilmasligi maqsadga muvofiq.

Respirator muammolar. Konditsionerning yana bir salbiy tomoni, u tana haroratini tushirib yuboradi. Oqibatda bronxit, tomoq, bel va bo‘yin og‘riqlari yuzaga keladi. Ayniqsa, qurilmaning sovuq havosi insonga to‘g‘ri yo‘naltirilsa, nafas yo‘llari shamollashi, hatto, zotiljam kelib chiqishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring