Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘nggi temuriy imperatorning qismati va o‘limi

So‘nggi temuriy imperatorning qismati va o‘limi

Bahodir Shoh suddan keyin. Undan qolgan yagona fotosurat. 1858-yil. The British Museum’da saqlanadi.

Foto: Reddit.

1862-yilda Birma (hozirda Myanma) poytaxti Yangonda, yog‘ochdan yasalgan juda oddiy bir xonada, angliyalik qo‘riqchi askarlar ko‘z ostida, 3-4 oila a’zolari oldida Bahodir Shoh Zafar jon berdi.

Ko‘proq so‘fiy pir va shoir sifatida nom orttirgan Bahodir Shoh 300 yil davomida Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston va Bangladeshda hukmronlik qilgan Temuriylar sulolasining eng oxirgi imperatori edi.

1837-yilga kelib Bahodir Shoh taxtga o‘tirganda Temuriylar sulolasi hududi kichrayib, faqat Dehli va Dehli atrofi qolgandi, xolos.

Avrangzeb paytidan boshlab hududlar asta-sekin Angliya qo‘liga o‘tib, ayrimlari esa mustaqil va yarim mustaqil bo‘lib avvalgi imperiyaning soyasi qolgandi, xolos.

1857-yili Britaniya qo‘l ostidagi yerlarda hind askarlari isyon qilishadi. Meyerutda boshlangan qo‘zg‘olon Dehli, Laknav, Agra va Kanpurga tarqaladi. Isyonchilar Bahodir Shohni o‘zlariga bosh deb e’lon qilishadi. Ya’ni, ular Britaniyadan voz kechib Bahodir Shoh hukmdorligiga o‘tmoqchi bo‘ladilar.

Britaniya esa sikxlarni va afg‘onlarni olib kelib qo‘zg‘olonni 1858-yilda bostiradi.

Britaniya shundan keyin Bahodir Shohni hibsga olib, sud qilib, Britaniya qo‘l ostidagi Birmaga, harbiy qamoqxonaga olib boradi. Eng oxirgi temuriy imperator o‘sha yerda, 1862-yilda vafot etadi.

Vafotidan keyin Angliya Bahodir Shoh qabridan turib ham isyonlarga bosh bo‘lmasin deb hech kim bilmaydigan joyda sirli ravishda dafn qiladi. Qabrini yashirishadi, hech qanday belgi qo‘yilmaydi.

Qabr uzoq ilmiy izlanishlardan keyin 1991-yili topiladi.

Hozirda Bahodir Shoh qabri maqbaraga va dargohga (hind-urdu tillarida ziyoratgoh degani) aylantirilgan.

Mahalliy Myanma musulmonlari kunda, boshqalar kunora ziyoratga borishadi va Bahodir Shoh Zafarni nafaqat oxirgi temuriy imperator, balki so‘fiy pir va shoir sifatida ham eslashadi.

Shavqu Rajabov,
Encyclopedia Britannica, BBC History ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring