Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Tandir - o‘tmish va bugunni bog‘lovchi qadriyat

Tandir - o‘tmish va bugunni bog‘lovchi qadriyat

Foto: Xabar.uz

Andijon viloyati, Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonov ko‘rsatmasiga ko‘ra, ekologik reyd davomida tandirlarning buzdirib tashlangani keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, unga nisbatan ushbu ishi uchun xayfsan – intizomiy jazo chorasi berilgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu bevosita o‘tmish va bugunning qadriyatlariga ko‘prik bo‘lib kelayotgan tandirlar haqida mulohaza yuritishimizga sabab bo‘lmay qolmaydi, albatta.

Bolalik hidi

Bolaligimizda tandir boshida non yopib turgan onamiz yoki buvijonlarimiz yoniga “cho‘p otlarimiz”ni “durr”illatib to‘xtatardik-da, kulcha berishlarini so‘rardik. Kulchaga uzatilgan qo‘llarimiz: “Avval qo‘lchangizni yuvib keling!”-degan tanbeh bilan havoda qolardi. Tezda borib, onamiz aytmoqchi qo‘lchalarimizni yuvib kelardik. Kulcha nonda qo‘llarimiz kuysa-da, yana “cho‘p otlarimiz”ga minib, ariq bo‘ylariga yugurardik. Uzoqdan turib, ariqqa otgan kulchalarimizni qo‘lbola ko‘priklar ustiga yotib olgan ko‘yi ilib olardik. Issiqqina kulchalarni suvga bo‘ktirib yeyishning gashti o‘zgacha edi-da...

Bugun esa qishloqdan yaqinlarimiz mehmonga kelib, ostonadan kirishlari bilanoq, butun uyni tandirda yopilgan non hidi tutib ketadi. Ko‘zlarimiz xuddi bolalikdagidek chaqnab, “oh-oh”lab, yog‘li non, patiru kulchalarni muborak bilib, peshonasidan o‘pib, sindirib yeymiz. Bolalik hidi, qadim ajdodlar toti bor-da, bu hidlarda...

Ayonki, tandirga non yopayotganda, insondan toat ibodatli, halol, pokiza, rostgo‘y, iymonli, diyonatli bo‘lishi talab etilgan. Onalarimizu, yanga-opalarimiz toza kiyim bilan tandirga yaqinlashtirilgan. Eslayman: onamning hovlining yuziga kiyib yuradigan kiyimi boshqa, tandirboshi kiyimlari boshqa bo‘lardi. Har gal non yopgani tandir boshiga kelganda, bo‘g‘chasiga tugunlab qo‘ygan tandirboshi kiyimini avaylab olib, kiyib, keyin non yopishni boshlardi. Bugun shu urfni yangalarimda, opalarimda ko‘raman. Demak, barcha oilalarda tandir-o‘choqdan juda noziklik bilan foydalanishgan, unga ma’naviy ehtirom bilan munosabatda bo‘lishgan. Toza qo‘lli, toza kiyimli bo‘lish talab etilgan.

Non - ne’mat, tandir - baraka!

Non yoki nonvoylik haqida gap ketganda, avvalo, ko‘z o‘ngimizga tandir kelishi, shubhasiz. Tandirning tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. Buxoro xalqi orasida birinchilardan bo‘lib, tandirni Said Hazrati Amir Kulol yasagani, bibi Fotima to‘ylariga Hazrati Momo Havo tandir patir pishirgani haqidagi rivoyatlar keng tarqalgan. Shuning uchun tandirsozlar yilda bir marotaba tandir yasash mavsumi boshlanmasidan, Amir Kulol qabriga ziyoratga borganlar. Mavzuga doir o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish uchun bevosita, 30 yildan buyon o‘zbek taomlari va tanovvul madaniyatini tadqiq etgan olima, non bilan bog‘liq qadriyatlar bo‘yicha muvaffaqiyatli dala materiallarini yig‘a olgan Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari nomzodi, etnograf Manzila Qurbonovani suhbatga chorladik.

- Buxoroda barcha qishloqlarda yangi uy qurishdan oldin birinchi bo‘lib uy-joy quriladigan maydonga yangi yasalgan tandirni olib kelib qo‘yish odati hali-hanuzgacha saqlanib qolingan. Yasalgan tandirni ko‘pincha ochiq yerda, hovlilarda qurishgan. Alohida oshxonasi bo‘lgan oilalarda tandir oshxona burchagida sal qiyalab qurilgan. Tandir tepasida esa tutun chiqadigan joy, ya’ni hashtak ham yasalgan. Bu usulda qurish juda kam joyni egallashiga mo‘ljallangan bo‘lib, tandir alangasi nonpaz yuziga urmagan. Buxoro markazida esa tagi teshilib, ishlatishga yaroqsiz bo‘lgan sopol xumlar ham tandir o‘rnida ishlatilgan. Buning uchun xumning tagi va og‘iz qismi sindirib olingan, keyin esa tandir uchun mo‘ljallangan joyga qo‘yilgan. Ota-bobolarimiz so‘zlariga ko‘ra, tandir xudoning yuzini ko‘rgan, shuning uchun ham uning bandalari tandir yasash va qurishga e’tiqod bilan yondashishlari kerak, degan axloqiy aqidaga katta ahamiyat berilgan. Yangi qurilgan tandirda birinchi marta yog‘li patir pishirib, qo‘shnilarga tarqatilishi ham xonadonning yangi tandir sohibi bo‘lgandan darak bergan. Bundan tashqari, tandir sifatliligini aniqlash maqsadida ham yog‘li patir yopilgan. Patir-non tandirdan orqasi butun chiqsa, demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan. Tandir xislatli o‘choq sanalib, uning yoniga yuviqsiz holatda yaqinlashmaganlar. Demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan,-deydi etnograf Manzila Qurbonova.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, tandirlarning ichki qismi namakob (tuzli suv) bilan silliqlanadi. Xonadonlarga quriladigan o‘rtacha tandirning ichki diametri 0,8 m chamasi, yerdan 0,8-1 m baland qilib o‘rnatiladi. Buxoro va Samarqandda tandir yerga yoki maxsus supaga og‘zi tik qilib qurilsa, Farg‘ona vodiysi va Toshkentda yotiq qilib o‘rnatilar ekan.

- Atroflariga tutun tortadigan va havo kiradigan 10-15 smli teshiklar qilinadi. Tabiat havosini buzmasligi uchun. Yangi tandirning ichki devorlariga paxta yog‘i surkab, bir kecha-kunduz davomida olov yoqib qo‘yiladi. Non yopilganda, uning orqa tarafiga kesaklar ilashmay qolishi maqsadida shunday qilinadi. Toki, tandir ichki devorlari oqarguncha, non yopishdan oldin shox-shabba, yantoq, o‘tinlar yoqiladi. Oddiy loydan yaratilgan mo‘’jiza – tandirga “odamlarning rizq-nasibasi osilgan”,-deya bejizga ehtirom ko‘rsatishmaydi,--deya so‘zida davom etadi suhbatdosh.

Neolitdan bugungacha

Ma’lum bo‘lishicha, ozarbayjon tarixchilariga ko‘ra, tandir tarixi Neolit davrida - odamlar o‘troq holda yashay boshlaganlaridan keyin boshlangan ekan. “Tandir” so‘zi qadimgi turk tili (shumerlar)ga borib taqaladi. Biroq, tandir ko‘chmanchilarning emas, balki, o‘troq xalqning qadriyati ekani tan olinadi.

- Qadimdan o‘troq xalq sifatida tanilgan o‘zbeklar non yopishda ming asrlardan beri tandirdan foydalanib kelishadi. Bugungi kunda ham tandir xalqimiz madaniyatining bir qismi sifatida e’zozlanadi. Kimdir tandir ham madaniyatimizning bir bo‘lagi deyotganimizga e’tiroz bildirishi mumkin. Tandir, nafaqat, tariximiz, balki madaniyatimizdir. Tandirda non yopish qadimiy an’ana, urf-odat. Non yopish san’ati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu san’at asrlardan asrlarga ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘zbeklar nonni muqaddas, deb bilishadi, ko‘zga surtishadi. Tandirda yopilgan non quyosh va baraka ramzi hisoblanadi. O‘zbek dasturxonini nonsiz tasavvur etib bo‘lmaydi,-deydi Manzila Qurbonova.

Darhaqiqat, dasturxonlarimizga, avvalo, non tortamiz va dasturxon atrofidagilarga ushatamiz. “Nonushta” so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham “non ushatish” ma’nosini bildiradi. Non ushatilganda, yangi kunning barakasi taqsimlanadi, degan qarashlar saqlanib qolgan. Shuningdek, “Ertalabki mushtdan qaytsang ham nondan qaytma”, -degan iboralar yashaydi. Ya’ni, tongdan rizqingni qoldirma, ol va nasibang butun bo‘lsin ma’nosida. Aytish joizki, tandir har bir xonadonga qut-baraka, fayz va albatta, mehr-oqibat olib kiradi. Qishloqlarning ayrim xonadonlarida haligacha har tongda tandir yon yopadiganlar bor. Nonning xamirini qorishdan boshlab, to tandirga yopib olgunga qadar xilma-xil odat va rasm-rusumlarga rioya etilgan. Xamir uchun ishlatiladigan unning nonlari chiroyli chiqsin, deb erinmasdan 2-3 martagacha elash odati bo‘lgan. Xamir doim supra (buxorocha, po‘stak)ni yoyib, tog‘oroda qorilgan. Faqat suprada qorilgan xamir “halol luqma” sanalgan.

Qadriyatlarga behurmat bo‘lmaylik

O‘z navbatida tandirning me’yorida qizdirilishi ham hal qiluvchi omil bo‘lgan. Xamirning oson yoki kechikibroq yetilishiga qarab, uni qorgan kishiga baho berilgan. Xamirga solingan har xil masalliqlarga qarab nonlar sutli, yog‘li, jizzali, piyozli, qiymali deb farqlangan. Birgina non yuziga turi ziravorning sepilishi bilan esa kunjutli non, sedanali non, bodiyonli non, shirmoy non, ko‘knorli non, za’farli non, degan atamalar kelib chiqqan.

- Tandir va o‘choqqa halol luqma tayyorlanar ekan, shunga muvofiq, tegishli savobu-uvollarga rioya qilingan. Bunga o‘xshash qadriyat, urf-odat, an’ana va irim-sirimlarning barchasi xalqimizning uzoq o‘tmish tarixi, ijtimoiy turmush tajribasi va madaniyatining natijasi bo‘lib, ular avlodlarga xizmat qiladi. Uni uvol qilishga hech kimning haqi yo‘q, qadim va qudratli madaniyatimiz tarixi uchun og‘riqli zavol keltirmaylik,-deydi Manzila Qurbonova.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring