Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixda hatto 30 fevral ham bo‘lganini bilasizmi?

Tarixda hatto 30 fevral ham bo‘lganini bilasizmi?

Foto: Creative Commons

Kabisa yili har to‘rt yilda bir marta keladi. Bu yil kabisa yili, ya’ni quyosh taqvimi bӯyicha qo‘shimcha 29 fevral kunini o‘z ichiga olgan yildir.

Xo‘sh, nima uchun fevral oyi shunday? Bu qanday hisob-kitob qilingan? Biz Yerning Quyosh atrofida aylanishini 365 kunga teng, deb bilamiz, aslida u 365 kundan 6 soatga ko‘proq, 366 kundan esa 18 soatga kamroqdir. Soat, daqiqa va soniyalarigacha hisoblaydigan bo‘lsak, Yer Quyosh atrofini 365 kun, 5 soat 48 daqiqa va 46 soniyada to‘liq aylanib chiqib bo‘ladi. Shu sababli har to‘rt yilda olti soatni to‘ldirish, qoplash uchun fevral oyi 29 kun, bir yil esa 366 kun deb belgilangan.«Kabisa» so‘zi arabcha «kabasa» – ya’ni «chuqurni to‘ldirish» fe’lidan olingan bo‘lib, istilohda «to‘ldiruvchi» degan ma’noni anglatadi.  

Aslida, fevralga to‘rt yilda bir marta bir kun qo‘shish fikriga birdaniga kelinmagan, bari insoniyatning uzoq yillik tajribasi va yo‘qotishlari evaziga kelingan xulosalar sharofatidir. Bundan 2065 yil oldin Yuliy Sezar topshirig‘iga binoan ishlab chiqilgan kalendarda kabisa yil tushunchasi o‘rin oldi, chunki ungacha olib borilayotgan yil hisobida yil kunlari va fasllari o‘rni surilib boravergan. Demak, Yulian kalendarining yoshini hisobga olsak, «kabisa yili» tushunchasining ham «yoshi» 2069 ga teng.

Grigorian taqvimiga ko‘ra, fevral oyida 28 kun bor (kabisa yilida istisno tarzda 29 kun). Shunga qaramay, bu butun tarixda 30 fevral bo‘lmagan degani emas.

foto: vkipediya

1699 yilda Shvetsiya qirolligida (u vaqt mamlakat Finlyandiyani ham o‘z ichiga olgan) Yulian taqvimidan grigorianga o‘tishga qaror qilishdi. Biroq shvedlar taqvimni o‘sha paytda yig‘ilib qolgan 11 kun oldinga surib o‘tirishmadi, balki o‘tishni bosqichma-bosqich, kabisa yillarini qo‘shmagan holda, 40 yil davomida amalga oshirishga qaror qilishdi. Ya’ni mana shu o‘tgan yillar davomida 28 fevraldan keyin 1 mart kelishi va har 4 yilda ular grigorian taqvimi tomon bir yilga yaqinlashishlari kerak edi. 1700 yil Shvetsiyada kabisa yili emas edi. Biroq, qabul qilingan rejaga qaramay, 1704 va 1708 yillar kabisa yiliga to‘g‘ri keldi. Shu boisdan ham shved taqvimi 11 yil davomida yulian taqvimidan bir kun ilgarida, ammo grigorian taqvimidan 10 kun ortda bordi. 1711 yili qirol Karl XII taqvim islohotidan voz kechib, yana yulian taqvimiga qaytishga farmon berdi.Buning uchun 1712 yili fevralga ikki kun qo‘shildi va shu tariqa 1712 yili Shveysiyada 30 fevral ham bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring