Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumani qismi ochildi (foto)

Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumani qismi ochildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Toshkent xalqa yo‘li poytaxtimizning eng uzun va keng ko‘chasi. Faqat uning Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga - kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi.

Davlat rahbari bu yerga kelib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yo‘l poytaxtimiz va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bog‘laydi. So‘nggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qo‘llanildi. Yo‘lning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.

O‘ziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.

Ko‘chaning Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi. Mamlakatimizda ilk bor qo‘llanilgan bu usulning afzalligi ko‘p. Xususan, uning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati esa yuz yildan ortiq. O‘tkazgichni ta’mirlash ishlari ham ancha arzon tushadi.

Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetaforlar o‘rnatildi. O‘n uchta bekat qurildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.

Prezident yangi yo‘l va inshootlar Mustaqillik bayramiga tuhfa ekanini ta’kidlab, xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladigan bunday qurilishlar davom ettirilishini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda 12 ming 600 kilometr avtomobil yo‘llari, ikki yuzga yaqin ko‘prik rekonstruksiya qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring