Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tushga kirgan Chingiz Aytmatov

Tushga kirgan Chingiz Aytmatov

Juda ko‘plab hayot qaqiqatlarini ilg‘agan, ularga duch kelgan yozuvchi Chingiz Aytmatov umrini iztirob bilan o‘tkazdi, desak yolg‘on bo‘lmaydi. Zero, ma’rifat ahlining, ijodkorning qismati shunday bitilgan. U yaratgan manqurt timsoli adabiyot aholisini yangi tip bilan to‘ldirishidan tashqari insoniyatni xotirasizlik, ma’rifatsizlikdan ogoh qildi. Manqurtchilik yangi ko‘rinishlarda yuz ko‘rsatayotganidan tashvishini yashirib o‘tirmadi.

Ancha urf bo‘lgan estrada yulduzlari yoki sport qirollari ma’naviyatining o‘ta sayozligidan iztirobga tushib, «Qachonlardir inson qalbining ma’naviy boyligi, ma’rifat, madaniyat ham o‘z qadrini toparmikan?» deb chuqur taassuf bildirdi. Bu gaplarning mohiyatini tushunib yetadigan emas, o‘qib ko‘radigan peshvolar ham kam topilib qoldi endilikda.

Chingiz Aytmatov insoniyat taraqqiyoti jilovini bunday kimsalarga berib qo‘ymaslikni vasiyat qilgandek bo‘ladi. Oxirgi asarlaridan birini «Qulayotgan tog‘lar» deb nomladi. Albatta, hayot nekbin bo‘lishni taqozo qiladi, talab etadi. Bu chaqiriqlar esa ogohlik hayqiriqlari edi, xolos. Dunyo o‘z orbitasida necha yillar davomida sayyoraviy miqyoslarda qaraganda zarradek, undan ham kichik tuyuluvchi inson qavmi nazarida zalolatga botgandek sezilaveradi, biroq muzaffar quyosh sayrini davom ettiraveradi. Faqat insoniyatning yetuk farzandlarigina sayyoradagi hayot har bir odamga bog‘liqligini, uning taqdiriga hamma daxldor ekanini eslatib, hushyorlikka chaqirib turadi. Bu chaqiriqlar, aslida, kutilayotgan falokat – so‘nggi kunni kechiktirish, odamzodga ko‘proq yashash imkonini berishga undov, chaqiriqdir.

 

Nima bo‘lganda ham Chingiz Aytmatov buyuk shaxs va o‘z o‘rnida Allohning ojiz bandasi edi. Faqat Yaratgan uning so‘zi bilan g‘ofil kimsalarga ko‘p hikmatlarni yetkazdi, kelayotgan to‘fonlardan ogoh etdi. Adib bir elchi edi, xolos. Ayni paytda zaif bir zot sifatida qismat uni ham avaylab o‘tirgani yo‘q, axir u ham bir faqir qatorida «xato qilish baxti»dan mosuvo emas edi-da. Ajr esa shunday edi: ijod olamida bir yorqin yulduzning paydo bo‘lishi yuzlab, hatto minglab xira, shu’lasiz yulduzlarning samoda yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi, lekin yulduzlik da’vosidagilar (ular, hatto tan olinib ulgurilgan bo‘lishi mumkin) shunchaki so‘nib ketmaydi.

Ch.Aytmatovning paydo bo‘lishi ham xira tortgan ko‘plab yulduzlarning hasadini qo‘zg‘adi, shu tufayli uni turli ko‘ylarga solishdi. Hamma uchun shar’iy bo‘lgan, oddiy tuyulgan ko‘plab maishiy holatlar go‘yo uning uchun jinoyat hisoblanardi. Hatto o‘zining yurtida «Aytmatov o‘ynashlari» nomi ostida kitob chiqarishga muyassar bo‘ldilar. Hozir ham uning asarlaridan g‘oyaviy nuqson izlash to‘xtamayotgan ekan. Bunday dog‘li, alamli holatlar turkiy qavmlarning buyuk vakili, jahon afkor ommasining ardoqli ramzi (ma’budi)ga aylangan.

Chingiz Aytmatov ijodi va faoliyati bilan faxrlanish huquqiga soya tashlay olmaydi, xiralashtirolmaydi. Nima bo‘lganda ham Chingiz Aytmatov yo‘qlik olamiga ketdi, endi uning nomi bilan original asarlar taqdim qilinmaydi, nashr etilmaydi – afsus, qalam qo‘ldan tushdi, g‘iybat esa tildan tushmaydi. Baribir uni yoqlovchilar ko‘p, ijodining muhiblari, muxlislari kamayib qolmaydi...

Umuman, «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» mavzusi (shu nomda kitob ham chop etildi) ancha jozibali. Mo‘’jizalarning yo‘q joydan paydo bo‘lmasligi masalaning bir qirrasi bo‘lsa, uni qadrlash, hurmatini joyiga qo‘yish, umuminsoniyat mulkiga aylantirish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar ikkinchi muhim omildir. Yirik yozuvchining butun tal’ati, iste’dodining jami ko‘lami va qirrasini sig‘dira oladigan oltin barkash esa O‘zbekiston deb atalgan mamlakat ediki, birinchidan, biz turkiy tilli madaniyat vorislarimiz va daho san’atkor ijodining butun asrorini inkishof etib, qabul qiladigan va sharhlab, avaylab-saqlab, qadriga yetadigan darajadagi salohiyat ming yillar madaniyatini o‘zida jamlagan oltin sandiq – O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin edi.

Bu holni Chingiz Aytmatov his qilgan chamasi, u yozganlarini «yovvoyi tungus yoki chechin» (Pushkin iborasi) qo‘liga tushib qolishini xohlamagan, albatta, yurtimizga betakror mehr bilan qaragan, bu joylarda o‘zgacha rohat qilgan. Uning asarlari ayrim hollarda qirg‘izchadan ham oldin o‘zbek tilida nashr etilgan. Mohir tarjimonlar sa’y-harakati bilan ular xuddi ona tilimizda bitilgandek yangragan. Ana shunday mehr va e’tibor mahsuli sifatida O‘zbekistonda ham o‘ziga xos Aytmatovshunoslik yuzaga keldi. Bizning olimlarimiz adib asarlarining estetik nufuzini inkishof etish, kitobxonlar ularni bekamu ko‘st tushunishlari uchun oltin kalit tayyorlab berish borasida salmoqli ishlar qilyaptilar. Jumladan, yozuvchi asarlarining o‘zbekcha tarjimalari katta tadqiqotlarga mavzu bo‘lmoqda (uning ba’zi asarlari turli tarjimonlar tomonidan mustaqil o‘zbekchalashtirilgani ham bunga izn beradi). Bunday kuzatishlar, tadqiqotlar to‘xtab qolmaydi.

Adibning monumental romanlari – «Asrga tatigulik kun» va «Qiyomat» birinchi marta 1989 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda bir jildda chop etilgan. Unga taniqli tarjimashunos olim, professor G‘aybulla Salomov so‘ngso‘z yozganlar. Go‘zal narsa har doim ko‘zlarni quvontiradi. Jumladan, go‘zal tarjima ham.

Bilasizmi, go‘zallikning har bir uzvi go‘zal bo‘ladi va kichkintoy go‘zalliklar uyg‘unlashib, komil go‘zallikni tashkil qiladi. Tarjimashunos olim ham hayratlanadilar: ularcha, bir ibora tarjimasi chinakam go‘zallik kashf etgan. «Syuda i priblijalas v tot den strannaya, soprovojdayemaya sobakoy verblyudnaya-traktornaya poxoronnaya protsessiya...» degan gap «Mana bugun o‘sha joyga tuya-traktor aralash, it hamrohligida dafn karvoni yaqinlashmoqda edi» tarzida o‘girilibdi va olimni «soprovojdayemaya sobakoy» degan iboraning «it hamrohligida» tarzida o‘girilishi chinakamiga hayratga solibdi: «...bu muallif uslubiga ham, ayni vaziyatga ham, tasvir mantig‘iga ham bus-butun mos». Odatda, «hamroh» deganda o‘zaro muloqotga kirishib ketadigan hamfikr, sherik tushunilsa, hayvonni hamroh deyishda ishtiboh tug‘iladi. Mabodo o‘sha gap quyidagicha o‘girilsa-chi: «Mana bugun o‘sha joyga izidan it ergashib kelayotgan, tuya-traktor aralash motam karvoni yaqinlashmoqda edi».

Chingiz Aytmatov shunday yozdi, tarjimon bunday o‘girdi, olim shunday baholadi, muxlis bunday dedi – haqiqat qay tomonda? Mana – ilm.

Adib ijodida yangi «ilm»larga ozuqa beradigan o‘rinlar ko‘p. «Plaxa» romani birinchi marta o‘zbek tilida Ibrohim G‘ofurov tarjimasida «Sharq yulduzi» jurnalida 1987 yil «Kunda» nomi bilan e’lon qilingan (keyin «Qiyomat»). Unda bo‘rilar – Toshchaynar va Akbara qalamga olingan. Bu o‘rinda gap boshqa narsa haqida emas, aynan «Akbara» so‘zi haqida. Asli ixtisosi arab tili mudarrisi bo‘lgan Muxlisning shunday mulohazasi bor: «O‘zbek kitobxonlari ona bo‘rini shu nom bilan qabul qildilar-u, bilmadik, ularning necha foizida bu so‘z arabcha ekani, u «kabir» so‘zidan yasalgan kishi ismi ekanligi va bu so‘zning bo‘ri nasliga qanchalik aloqasi borligi haqida gumon uyg‘ondi, lekin aniqki, bunda chalkashlik bor.

Tarjimada o‘qiymiz: «shu yerlik cho‘ponlar bu qanjiq bo‘rini Oqdil (originalda – «Akdali» – ruscha izohda «Beloxolka», ya’ni oq yag‘rin) deb yurishdi. Keyin-keyin borib Akbari dedilar, yana bir muncha vaqtlar o‘tib esa Akbara – Ulug‘ deb atadilar» («ulug‘» so‘zining arabchaga to‘g‘ri tarjimasi – kabir, azim). Albatta, hayvonga qirg‘iz qavmi tomonidan Akbar(a) deb nom qo‘yilishi kishini shubhalantiradi.

Roman rus tilida yozilgan (uni qirg‘izchaga Hoshim Jaqipbekov tarjima qilgan), muallif bo‘rilarning tusiga urg‘u berganda oq so‘zini ko‘p qo‘llagan: «yollari oqish-ko‘kish tusda», «bularni oqyol (akjali) deb atashardi», «qanjiqning oqarib ko‘ringan ko‘kragi», «Akbaraning xuddi o‘zi – ko‘k ko‘z, chovida oq yamog‘i bor» va boshqa. Ona bo‘rini dastlab oqdil (aslida akdali – beloxolka, oq yag‘rin) deb ataydilar. Endi ajratib olamiz «akbara»dagi birinchi bo‘g‘in «ak» mabodo «oq» emasmikan? Xuddi shundayligi aniq, «bara» esa «barra» (merlushka) – jun (ya’ni barra po‘stin). Demak, Akbara – Oq barra, oq junli bo‘ri yoki shunchaki «oq bo‘ri».

Muxlis shunday dalillarni keltiradi. Bu yozuvchi ijodini sevadigan va hurmat qiladigan, shuningdek, biron nuqtada chalkashlik bo‘lmasligini istagan kitobxonning mehrli so‘zlari. Biroq originalda ham muallif bu fikrni tasdiqlab turibdi: «Volchitsa prozivalas sredi sdeshnix chabanov Akdali, inache govorya Beloxolkoy, no vskore po zakonam transformatsii yazika ona prevratilas (tarjimada bu so‘zlar yo‘q) v Akbari, a potom v Akbaru – Velikuyu»... Albatta, o‘quvchining o‘z fikri, munosabatini bildirish huquqi bor, yozuvchining dastxati esa daxlsiz. Ba’zi mavhumliklarga aniqlik kiritish faqat muallif yumushi edi, afsuski, bunga kech bo‘ldi. Umuman, Chingiz Aytmatov ijodi o‘z jozibasi bilan dillarni maftun etaveradi, muhokamalarga undayveradi. Bu teran merosning o‘ziga xosligi ham shundadir, ehtimol.

...Ehtimol, satrlarida ko‘ngil mayllarining ifodasi va jindek ehtiros singib ketgan bu bitiklarni o‘qigan kishida «Muallif o‘pkasini qo‘ltiqlab, rosa ko‘piribdi. O‘zi, aravani quruq olib qochmabdimikan? Unga Chingiz Aytmatovning ko‘z qiri tushganmi yoki o‘zi uzoqdan bo‘lsa ham uning qorasini ko‘rganmikan?» degan mulohaza tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri gap.

Haqiqatan, ul zot mashhurlik cho‘qqisida bo‘lgan va, tabiiy, uni ko‘rish, salomlashish istagida yurganlar son-sanoqsiz topilgan. Ha, uzoqdan daraxtni ko‘radilar, uning sumbatini tasavvur qiladilar, soyasiga intiladilar yoki mevasidan bahramand bo‘lgilari keladi. Ammo shu asnoda daraxtlar poyida maysalar borligini, ular shu shajar soyasida parvarish topayotganidan, soyasidan bahramand bo‘layotganidan mamnun ekanligini xayollariga keltirmaydilar. Daraxt bor joyda maysa bor, ular bir qobiq – yalakat mag‘iz bo‘lib, yashillik olamini tashkil etadi. Maysa daraxt shoxiga chiqa olmaganidek, daraxt ham egilib yashil do‘stini qucha olmaydi. Bu tabiat sinoati, Aytmatovni ko‘rar edilar va uning atrofida millionlab muxlisi borligi oddiy hodisa edi.

Yuqoridagi ishtibohga javobim shuki, 1996 yil 24 oktyabr kuni sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi «Turkiston» madaniyat saroyida xalqaro konferensiya ochildi. Taklifnomam borligi uchun barvaqtroq, balki hammadan ertaroq bordim. Saroy eshiklari ochiq, taqiq yo‘q, to‘xtalmay keng-ko‘lam zalga kirdim. Tadbir mutasaddilari g‘imirlashib yuribdi, menga hech kim e’tibor bermadi. Saroy go‘zalligiga maftun bo‘lib ancha turdim, atrofni tomosha qildim, qalbimdan iliq kechinmalar o‘tdi. Keyin jur’at qilib, katta, qalin pardaning bir chetidan sahna tomon o‘tdim. Xilvat, hech kim yo‘q. Yuzlab chiroqlaru ayqash-uyqash payvandlangan temir havozalarni kuzatib turgandim, ichkaridan ikki kishi chiqib keldi, biri barvasta, yonidagi miqti gavdali – bo‘ylari orasidagi farq aniq ko‘zimga tashlandi.

Diqqat bilan qarasam, keluvchilarning biri Odil Yoqubov, ikkinchisi – bir dasta kitobni qo‘ltig‘iga qisib olgani Chingiz Aytmatov ekan. Azbaroyi ularni sirtdan bilganim uchun birdan tanidim, biroq salobatlari qarshisida bir oz dovdiradim, xohishdan tashqari qadamlar esa masofani yaqinlashtirdi. Salom berdim, beixtiyor «Tabriklayman» dedim. Odil aka ochiq chehra bilan sinashta qarab turar, Chingiz og‘aning qoshlari chimirilgan, beparvo edi. Ular orqa eshikdan kirgan va zalga chiqayotgan ekan. Shu zumda mutasaddilar chopqillab kelib qolishdi, suhbat davom etmadi. Chingiz Aytmatov shu yig‘ilishda tepada, birinchi prezident bilan yonma-yon o‘tirdi, so‘zga chiqdi, davlat boshlig‘iga kitoblarni sovg‘a qildi. Uchrashuv shunday kechgan edi, Chingiz Aytmatovning asarlari esa doimiy hamrohlarimdan edi. Keyinchalik ikki-uch marta tushimda ko‘rdim, o‘zimning ruhiy holatimdan kelib chiqib, tush alomatlarini o‘zimcha ta’bir qildim.

Nima bo‘libdi? Daraxtlar qurshovida maysalar ham yashash hikmatini tuyadi. Asli daraxt bo‘lib yaratilganlar esa bir-biri bilan yonma-yon qo‘r tashlaydi, biri pakana, biri daroz, tarvaqaylagan bo‘lsa ham. Hammasi ham soyasi atrofni tutishini – biri butun yer yuzini eabt etishini, biri o‘z tomorqasini qurshab olishini tilab yashayveradi. Muysafid dunyoning oddiy ishlaridan bu.

Hakim Sattoriy

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring