«U yoqqa va orqaga» yoxud chirog‘i o‘chmaydigan uy
Qishlog‘imizda eski uy buzildi. Bir paytlar o‘n nafar farzandning shovqini eshitilib turgan bu hovlidagi xonalar endi boshqatdan quriladigan bo‘ldi...
Yangi uy qurildi, kichkina oshxona va yerto‘lagina yangilanmadi. Lekin qizig‘i shundaki, o‘sha uy hali ham o‘sha uydek. Ota-onalar o‘tib ketganiga qaramay farzandlar tez-tez shu yerga yig‘iladi.
Uy degani aslida nima? Devorlarmi, hovlimi, xonalarmi? Agar uy faqat shulardan iborat bo‘lsa, eski uy buzilganda hammasi tugashi kerak edi, ammo hovlida hayot davom etmoqda.
Chunki uyni uy qiladigan narsa unda kimlar yashagani, kimlar ulg‘aygani, kimlar ketgani va eng muhimi yana kimlar unga qaytib kelayotgani ekan.
Rahmatli uy egasi ushoqqina xola bu uyning qurilish tarixini bot-bot eslashni yaxshi ko‘rardi: «cholim kechqurun loy qorib qo‘yardi, men esa u kishi ishdan qaytgunicha g‘isht quyardim...»
Keyin oila qanday kattargan bo‘lsa, uy ham shunday kengaygan. Bolalarning ovozi, janjali, kulgisi, bemorligi, mehmondorchilik, to‘y, hammasi shu hovlida o‘tgan.
«Imoratni ota qurar, bolasi davron surar» degan gapni eshitganmisiz? Bu menga oddiy gapdek tuyulgandi: ota uy quradi, bola esa o‘sha uyda yashaydi. Keyin tushundim, uy faqat yashash uchun qurilmaydi. «Uyimning chirog‘ini yoqib o‘tir bolam», yoki onaning «hech qayoqqa bormayman shu uyda cholimning chirog‘ini yoqib o‘tiraman», degan gaplarni ham eshitganmiz. Keyinchalik bildimki, uyning chirog‘i men o‘ylagandan ham kattaroq ma’noga ega ekan...

Yaqinda «Aeon» nashrida Konsuelo Araosning «Hech qachon tugamaydigan uy» maqolasini o‘qib qoldim.
Konsuelo Araosni tadqiqotlari Santyagoning shahar chekkalarida uy qurishning asta-sekin, avloddan-avlodga o‘tib keladigan va hech qachon to‘liq tugamaydigan usuliga e’tibor qaratishga undaydi. U bu izlanishlari orqali uy qurish orqali yashash san’ati haqidagi tajribani ko‘radi.
Maqolada odamlar o‘z qo‘llari bilan yillar davomida qurib keladigan uylar haqida so‘z boradi: oila o‘zgaradi uy ham o‘zgaradi, bola tug‘iladi xona qo‘shiladi, imkoniyat paydo bo‘ladi devor ko‘tariladi, pul tugaydi qurilish to‘xtaydi, keyin yana davom etadi. Araosning bu fikrga kelishida Viktoriyaning uyi muhim o‘rin tutadi.
Viktoriya Araosning oilasida xizmatkor bo‘lib ishlagan. Ayol uyi haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Uy uning hazillarida, shikoyatlarida, xotiralarida ham bor edi. Go‘yo uy uning hayotidan alohida narsa emas, hayotining o‘zi edi. Bir paytlar uning uyida to‘rt avlod birga yashagan. Uy esa ular bilan birga o‘sgan. Hovliga xona qo‘shilgan, ustidan yana xona qurilgan, devorlar ta’mirlangan, oshxonaning poli yangilangan...
Bu uy qurilishi uchun bir kuni bitta qop sement olingan, boshqa kuni ikki dona shifer, yana bir kuni bolor taxlangan. Bular aslida mayda qurilish ishlaridek ko‘rinadi va bizga ham begona emas. Xuddi bizdagidek, pul bo‘lsa qurilish davom etgan, pul bo‘lmasa to‘xtagan, keyin yana boshlangan. Shu tariqa uy bir marta qurilib, keyin o‘zgarishsiz qolmagan. U oilaning hayot yo‘li bilan birga o‘sib borgan. Shu ma’noda unga hech qachon «oxirgi g‘isht» qo‘yilmagan.

Eshigi ochiq uy
Viktoriyaning qizlaridan biri ijara uyga chiqib ketadi. U bu qarorini boshqalar uchun joy bo‘shatish bilan bog‘laydi. Ammo bir gapi Araos uchun muhim: «Muammo bo‘lsa, boradigan yagona joying — onangning uyi. Masalan meni erim uydan chiqarib yuborsa, shu yerga qaytib kelaman, chunki ota-onang sen uchun eshikni har doim ochib qo‘yishini bilasan».
Uy shu yerda boshqa ma’noga ega bo‘ladi, u faqat yashash joyi emas, u qaytish imkoniyati. Lekin Araos bu uyni romantiklashtirmaydi, eshigi hech qachon yopilmaydigan uy ba’zan odamga juda torlik qilishi mumkin. Viktoriya oilasi bilan birga yashagan yillarni «juda tiqilib yashagandik» deb eslaydi. Bunday tig‘izlik shaxsiy hayot va erkinlikni cheklashi mumkin. Demak, uy bir vaqtning o‘zida panoh ham, o‘z kamchiliklariga ega ham. Ammo bitmagan uyning bir ustunligi bor: hayot o‘zgarsa, uning o‘zi ham o‘zgarishi mumkin, xona qo‘shiladi, devor suriladi, ayvon kattalashadi... Viktoriyaning hali qurilmagan terrasa va bog‘ haqidagi orzulari ham shundan darak beradi, uy bitmagan, shuning uchun kelajak orzulari uchun joy qolgan.
Araos tadqiqotida yana bir kichik epizod bor. Viktoriya hovlisini o‘rash uchun kuyovidan bir-ikki qop sement so‘raydi. U esa yer uning nomida emasligini aytib, qurilish uchun hech narsa berolmasligini bildirgan. Viktoriya uchun bu oddiy qurilish materiali haqidagi rad javobi emas edi. Araos buni juda aniq ifodalaydi: «Sementni yashirish — munosabatni yashirish». Chunki uy qurilayotganda kimdir sement olib beradi, kimdir hashar qiladi, kimdir bolor taklif qiladi, kimdir qarz beradi va bugun berilgan yordam ertaga qaytariladi. Shuning uchun uyning qurilish tarixi — oilaning munosabatlar tarixi degan qarashni ifodalaydi muallif o‘z maqolasida.
Demak, devorlar orasida yaqinlik va masofa, yordam va rad etish, bog‘liqlik va mustaqillik ham shakllanadi. Bu munosabatni biz o‘zimizdagi, tom yopish lo‘mboz, hashar an’anasida ham ko‘rishimiz mumkin.

Uy ko‘tarilib bo‘lgach, tom yopish vaqti keladi. Bu ishni bir oila yolg‘iz bajarmaydi. Qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlar chaqiriladi. Ertalab hovliga odamlar yig‘iladi. Kimdir lo‘mboz tayyorlaydi, kimdir uni uzatadi, kimdir tomda ishlaydi, yana kimdir hashardagilarga ovqat pishiradi. Tom shu tariqa odamlar ishtiroki bilan yopiladi.
Uy qurilishi qachon tugallanadi?
Shu yerda Araos «tugallangan», «doimiy» uy g‘oyasiga murojaat qiladi. Chilida 1980-yillardan boshlab davlat ijtimoiy uy-joy dasturlarida oilaga tayyor uy berish g‘oyasi shakllanadi: devorlari bor, xonalari belgilangan, maydoni ma’lum. Xuddi bizda hozir juda ommalashgan va ehtiyojga aylangan uylardek, masalan, sizga 60 kvadrat metrli uy berildi. Endi, mana shu 60 kvadrat metrga sig‘ishingiz kerak. Muammo ham shu «endi»dan boshlanadi. Chunki uy qurilish nuqtai nazaridan tugallangan bo‘lishi mumkin, ammo unga ko‘chib kiradigan oilaning hayoti endi boshlanadi. Davlat uyni qurganda oilaning bugungi holatini ko‘radi: necha kishi bor, qancha xona kerak, qancha maydon ajratish mumkin.
Ammo oila ertangi kunini ham shu belgilangan hududga sig‘dirishi kerak. Bola tug‘iladi, ulg‘ayadi, turmush quradi, kimdir ishi yurishmay uyga qaytib keladi va bir muddat ota-onasi bilan yashaydi, kimdir ajrashib, farzandlari bilan yana uyiga qaytib keladi yoki qarib qolgan ota-onaga qarash kerak bo‘ladi. Bir paytlar bolaga mo‘ljallangan xonaga endi katta odam joylashishi mumkin. Mehmonxona yotoqxonaga aylanadi. Oshxonani kattartirish kerak, hovli bo‘lsa, unga yana bir xona qo‘shishga urinishadi, lekin uyning o‘lchami o‘zgarmaydi. Shu yerda «tugallangan uy» tushunchasining cheklanganligi ko‘rinadi. Uy tugallangan: devori bor, tomi bor, eshigi bor, xonalari bor. Ammo oila nuqtai nazaridan u hali o‘sishi kerak.
Shu yerda Araos Martin Xaydeggerning «Qurish,yashash, o‘ylash» essesiga murojaat qiladi. Xaydegger urushdan keyingi uy-joy tanqisligi haqida yozar ekan, odatiy tasavvurni teskari qo‘yadi: biz yashash uchun uy qurmaymiz, biz yashaganimiz uchun quramiz.
Bu fikr har bir o‘zbek oilasining hayotida aniq o‘z ifodasini topadi: farzandlar tug‘ilgani uchun xona qo‘shiladi, kimdir ketgani uchun joy bo‘shaydi, kimdir qaytgani uchun eshik ochiladi, ya’ni yashashning o‘zi uyni qurishda davom etadi.
Uysiz odamlar va odamsiz uylar
Bu fikr Araosni yana uy-joy inqiroziga olib qaytadi. Ma’lumotlarga qaraganda dunyo bo‘ylab 2,8 milliarddan ortiq odam, ya’ni dunyo aholisining 35 foizi uy-joyga ega emas. Ijara haqi ish haqidan tezroq o‘smoqda, yoshlar uchun uy sotib olish qiyinlashmoqda, ayrim shaharlarda esa uy odam yashaydigan joydan ko‘ra investitsiya vositasiga aylanib bormoqda. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar barqaror uy-joy topish uchun kurashayotgan bir paytda, ko‘plab uylar bo‘sh yoki to‘liq foydalanilmay turibdi.
Ayrim shaharlarda investorlar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylarning derazalari kechasi ham qorong‘i. Ba’zi joylarda esa butun boshli tuman odamlar kelib yashashini kutib turadi.
Shu yerda paradoks paydo bo‘ladi: odamlarsiz uylar va uysiz odamlar. Agar muammo faqat uylar yetishmasligida bo‘lsa, bo‘sh turgan uylar bor ekan, nega odamlar hanuz uysiz? Chunki zamonaviy ko‘chmas mulk bozorida uy yashash joyidan boshqa narsaga ham aylanishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi muallif. Uni sotib olish, qayta sotish, ijaraga berish, investitsiya sifatida saqlash mumkin. Unda odam yashamasa ham, iqtisodiy qiymati saqlanishi yoki oshib borishi mumkin. Masalan O‘zbekistonda ham shaharlarda bir odamning bir necha uyi bor va hech qachon o‘zi yashamaydi, ijaraga beriladi. Demak bunday holatda uy «uy» emas, ya’ni uning vazifasi yashash emas, qiymat saqlash.
Shuning uchun Araos o‘zini o‘zi qurgan uylarni zamonaviy ko‘chmas mulk bilan yonma-yon qo‘yadi: bir tomonda, loyihalashtirilgan, hisob-kitob qilingan, moliyalashtirilgan va bozorga chiqarilgan uy, ikkinchi tomonda egasi puli topganda xona, ayvon, devor qo‘shib boradigan uy.
Qaysi biri zamonaviyroq, albatta, birinchi uy. Ammo savol boshqa: qaysi biri bizga uyning aslida nima ekanini yaxshiroq ko‘rsatadi? Odamlar tayyor uyga kirgach ham uni o‘z hayotiga moslaydi: mehmonxona yotoqxonaga aylanadi, bolaning xonasi keyinchalik ishxona bo‘ladi, devor buziladi, yangi devor ko‘tariladi, kimdir ketadi, kimdir qaytib keladi.
Bu yerda yana bir narsaga e’tibor qaratish kerak, muallif o‘z-o‘zidan qurilgan uylarga alohida e’tibor qaratmayapti, maqtamayapti. Uyni yillab qurish yashashning oson ko‘rinishi emas. Pul yetmasligi, qurilishning to‘xtab qolishi, bir necha oilaning bir hovliga sig‘ishi, shaxsiy hududning yo‘qolishi — bularning hammasi haqiqiy muammolar.
Viktoriyaning «hammamiz tiqilib yashagandik» degan gaplarini eslab ko‘ring, demak qurilishi tugamaydigan uy muammosiz hayot va’da qilmaydi. Lekin u boshqa narsani beradi: uyni hayotga moslashtirish imkonini, ya’ni cheklangan imkoniyatlar ichida ham odam o‘z hayotiga mos makon yaratish mumkinligiga ishora.
Maqolada Roza ismli ayolning bo‘sh yerdan uy qurgani haqidagi hikoyasi ham keltiriladi. Viktoriyaning uyi bor edi va u oila bilan birga o‘zgarib bordi, Rozada esa faqat tepalik bor, hatto boshqalar xohlamagan yer.
«Men har kuni bu yerga kelib, ozgina yer tozalardim, — deydi u Araosga. — Keyin erim ishdan qaytgach, kelib, yana biroz ish qilardi». Ha uylar shunday quriladi: oz-ozdan, avval yer tozalanadi, chegara belgilanadi, keyin kichik boshpana paydo bo‘ladi.
Xaydeggerning «San’at asarining kelib chiqishi»dagi grek ibodatxonasi haqidagi fikri shu yerda esga tushadi. Ibodatxona misoli bu yerda me’morchilikdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Ma’bud shunchaki bir joyni egallamaydi, u atrofida hayot barpo qiladi: uning atrofida tug‘ilish va o‘lim, baraka va falokat, g‘alaba va mag‘lubiyat o‘z ma’nosini topadi. Ya’ni qurilish orqali shunchaki bino emas, ma’noli makon paydo bo‘ladi. Agar Roza o‘sha tepalikda uy qurmaganida u yerda tug‘ilish va o‘lim ham bo‘lmasdi.
O‘zbek uylariga qaraganda ham bu fikrni ko‘rish mumkin. Quruq yerda bir xonadon qad rostlashi bilan u joy shunchaki geografik nuqta bo‘lib qolmaydi. Hovliga suv sepiladi, tandir quriladi, oila-a’zolari bog‘da mehnat qiladi, bola tug‘iladi, keksalar qariydi. Keyin uning atrofida yana bir uy, keyin yana biri paydo bo‘ladi. Yo‘llar, qo‘shnichilik, mahalla shakllanadi, keyin butun bir qishloq paydo bo‘ladi.

O‘zbek qishlog‘ida hasharning o‘zi ham buni ko‘rsatadi: bir odamning uy qurilishida butun mahalla ishtirok etadi. Bunda ko‘rinadiki, uy faqat oila uchun makon emas, u odamlarni bir-biriga bog‘laydigan dunyoni ham barpo etadi. Demak, dunyo ham qaysidir ma’noda uylardan quriladi.
Arosning essesida Fransuz faylasufi Gaston Bashlyar uyni «bizning dunyodagi burchagimiz», hatto «birinchi koinotimiz» degan fikri ham yodga olindi. Bolalik, xavfsizlik, yolg‘izlik, yaqinlar, qaytish istagi, bularning barchasi, avvalo uyda shakllanadi. Bu qarashlar o‘zbek dunyoqarashi va milliy borlig‘imizga shunchalik tabiiy singib ketganki, biz uchun uy shunchaki pishiq g‘isht va loydan ko‘tarilgan inshoot emas. Bizning tafakkurimizda «Ota hovli» yoki «Ona uyi», bu insonning ma’naviy ildizi, ruhiy uyg‘unlik va dunyoni anglashning ilk nuqtasidir.
Biz uchun uy tushunchasi eng avvalo «hovli», «ostona» va «xonadon» obrazlarida namoyon bo‘ladi. Inson dunyoga kelib, ilk bor olamning kengligini, «o‘ziniki» va «begona»ning chegarasini aynan ostona orqali his etadi.
Bashlyar uyni «xotiralar solingan sandiqqa»ga o‘xshatadi. Turmushimizda bu xotiralar uyning devorlarida, ayvonning ustunlarida, yopilgan issiq non hidida va supada yashaydi.
Araos o‘zini-o‘zi quradigan uylarga shu nuqtai nazardan qaraydi. Unda uni qurgan odamlarning mehnati, kutgan umidlari, boshidan kechirgan qiyinchiliklari, qarindoshligi, janjali, yarashuvi va qaytishlari jamlanadi. Biz qurgan va yashayotgan uyimiz shu tarzda bizda dunyodagi o‘rnimizni ko‘rsatadi.
Maqolani bir necha marta qayta-qayta o‘qidim. Va shu asnoda bir necha bor ota uyimga «bordim». Tolkinning mashhur «Xobbit» qissasida bosh qahramon Bilbo Beggins o‘zining shinam va tinch uyini tashlab, xavf-xatarlarga to‘la uzoq sayohatga chiqqani yodimga tushdi. U ajdarholar, sehrli o‘rmonlar va dahshatli janglar labirintidan o‘tadi. Ammo u qayerda bo‘lmasin, qanday katta boylik yoki donishmandlikka erishmasin, uning qalbini faqat birgina ip — o‘z uyiga bo‘lgan sog‘inch bog‘lab turardi. Dunyo kezgan Xobbit baribir ortga qaytadi va faqat o‘z xonadoniga qadam qo‘yganidagina haqiqiy xotirjamlikni topadi. Uning butun sayohati kundaligiga yozganidek, «U yoqqa va ortga», ya’ni uyni qayta kashf etish yo‘li edi. Maqolani qayta o‘qish asnosida men ham uyni qayta kashf etdim. Balki shuning uchun ham biz umrimizni dunyoni o‘zimizga uyga aylantirishga urinib o‘tkazarmiz. Oxir-oqibat tarqoq sarguzashtlarimizga ma’no bag‘ishlaydigan, o‘zimizni anglaydigan va aynan shu yerga tegishli ekanimizni his qiladigan joyga qaytamiz. Uyga...
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter