Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xatirchining xatarli yo‘llari yoxud bolajonlar uchun xavfsiz yo‘lak, svetofor o‘rnatish muammomi?

Xatirchining xatarli yo‘llari yoxud bolajonlar uchun xavfsiz yo‘lak, svetofor o‘rnatish muammomi?

Foto: «Xabar.uz»

Telegram botimizga shunday mazmunda xabar yo‘llandi:

«Assalomu alaykum, tahririyat xodimlari. Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan yozyapmiz. Mana yangi o‘quv yili boshlandi, tuman markazida – 7- va 20-maktabning 500 nafarga yaqin bolalar qatnaydigan yo‘lda ancha vaqtdan beri yo‘l-ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Yana necha yil davom etadi, buni mutasaddilarning o‘zlari ham bilishmasa kerak. O‘quvchi bolalarimizga xavfsiz yo‘lak qilib berishlarini iltimos qilardik».

Bizga jo‘natilgan qisqagina videoda mashinalarning har tomondan katta tezlikda kelayotganini va uch nafar o‘quvchining jonini xatarga qo‘yib, har yoqqa alanglab o‘tayotganini ko‘rishingiz mumkin. Soniyalar davom etadigan ushbu lavhani ko‘rish asnosida xuddi bolalar har qadamda mashina tagida qolib ketishi mumkindek tasavvur uyg‘otadi va kapalagingiz aniq uchadi. Nahotki, avvalombor mana shu maktab jamoasi bu narsalarga befarq bo‘lsa? Qolaversa, bu ko‘chada qanchadan-qancha mutasaddi rahbarlari o‘tib-qaytsa kerak? To‘rt tomondan mashina kutilmaganda kelib qolish xavfi bo‘lgan hududda na bir belgi va na bir svetofor qo‘yilmagani juda hayratlanarli.

Yo‘l-transport hodisalarida bolalar o‘limi bilan bog‘liq juda qayg‘uli voqealar har kuni ko‘rsatilmoqda, bu haqda bong urilmoqda.

2024 yilning dastlabki 5 oyida 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan. Ya’ni har oyda bir, ikki o‘quvchi vafot etgan. Tinchlik zamonida bu juda katta ko‘rsatkich va fojia emasmi?

294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohati olgan. Ma’lumotlarga qaraganda, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, svetoforlar o‘rnatilmagan.

Yo‘lga maxsus belgi qo‘yish, piyodalar yo‘lagi chizish yoki svetofor o‘rnatish orqali bolajonlar o‘limini kamaytirish mumkin bo‘lgan zamonda bolalar o‘lib ketaversa, bu yuk bilan qanday yashaysizlar?!

Videodan ko‘rinib turibdiki, bu kamchilik ertaga qoldiriladigan ish emas. Shu bugunoq muammoni hal etish, bolalar yo‘ldan xavfsiz o‘tishi uchun chora ko‘rilishi shart, deb hisoblaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring