Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ayozbobo» filmi uchun qahramonlar qanday tanlangan?

«Ayozbobo» filmi uchun qahramonlar qanday tanlangan?

foto: xabar.uz

Har bir davr bolalarining bayramlarda ko‘radigan tomoshasi bo‘ladi. Masalan keyingi avlod yangi yil arafasida xorij kinofilmi «Uyda yolg‘iz»ni ko‘rib katta bo‘ldi. Va yoshi ulg‘ayganda ham nostalgiya va bolalikdagi yangi yilni xotirlash uchun tomosha qilishda davom etmoqda. Bizning bolaligimizda esa Aleksandr Rouning (1964) «Ayozbobo» filmi mana shunday mashhur edi. Shu filmni qishki ta’tilda, yangi yil arafasida ko‘rgan avlod hamon uni ilk marta ko‘rganidek sevib tomosha qiladi, bolalikka qaytadi. Ammo bu filmning haligacha ekranlardan tushmay kelayotganiga nima sabab, film qanday suratga olingan, ijodkorlar qanday mehnat qilishgan?

Albatta bunday hech qachon o‘z qiymatini yo‘qotmaydigan kino yaratish uchun aktyor tanlashda adashmaslik kerak edi. Kino boshlanishidagi ertakni aytib beradigan yoqimtoy momoni esladingizmi, aynan shu g‘oya rejissyorga juda ma’qul kelgan va filmni o‘ziga xos boshlab tugatgan. Ushbu ertakchi momo rolini o‘ynagan Anastasiya Zuyeva keyinchalik boshqa rollarga ham taklif etila boshlangan.

 

Aleksandr Rou Ivan roli uchun aktyor Eduard Izotovni tanladi, chunki Izotov ssenariyda tasvirlangan qahramoniga bir oz o‘xshash edi. Aktrisa Natalya Sedixning (Nastenka) so‘zlariga ko‘ra, u hatto suratga olish maydonchasida Izotovni yoqtirib qolgan.

Mana endi ertakka o‘zgacha joziba bag‘ishlagan qo‘g‘irchoq yuzli Nastenkaning kinoga kirib kelish hikoyasiga to‘xtalamiz. Nastenka roliga aktrisa topish uchun rejissyor va uning yordamchilari juda uzoq vaqt davomida munosib qizni izlashdi, ammo barcha urinishlar behuda ketdi. Chunki ularga nafaqat yosh va go‘zal, balki qo‘g‘irchoqdek yuzli qiz kerak edi.

 

Umidsizlikka tushgan Rou hatto Nadejda Rumyansevani ushbu rolga taklif qilishni o‘yladi. Lekin bir kuni Rou televizorda raqsga tushayotgan yosh Natalya Sedixni ko‘rib hayratlandi va u bilan suhbatlashishga qaror qildi.  

Natalya uchrashuvga rozi bo‘ldi, garchi u o‘z omadiga ishonmasa ham. Chunki uning nafaqat raqobatchilari ko‘p edi, balki «Badiiy kengash» rasmiylari Sedix nomzodiga keskin qarshi chiqdilar. Ularning noroziliklariga sabab qizning nozik ovozi edi. Ammo Aleksandr Rou keskin ravishda agar Sedix Nastenka rolini o‘ynamasa rejissyorlikni tark etishini aytdi. Shuning uchun rasmiylarning rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmadi.

Ammo keyin yana bir muammo yuz berdi. Natalya o‘qigan balet maktabidagilar qizni suratga olishga ruxsat berishni qat’iyan rad etishdi. Yaxshiyamki Natalyaning o‘qituvchisi uni himoya qilgani, yo‘qsa biz Sedixni bu rolda ko‘rmagan bo‘lardik.

Aleksandr Rouning filmlarida salbiy rollarda o‘ynagan mashhur aktrisa Vera Oltoy yovuz  o‘gay ona roliga juda mos tushganda o‘ziyam.  Shu uchun bu rolni o‘ynaydigan «yovuz ona»ni topish unchalik muammo bo‘lmagan.

Tishlari bilan yong‘oq chaqadigan Marfushani esladingizmi?

Dastlab Marfusha rolini Tamara Nosova ijro etishi kerak edi, biroq tasodifan rejissyor yordamchisi Shchepkinskiy maktabi yo‘lagida bu rolga juda mos tushadigan yosh Inna Churikovani ko‘rib qoldi.

Natijada, Marfusha rolini ijro etish (Nastenkaning o‘gay singlisi) Inna Churikova chekiga tushdi. To‘g‘ri, Churikova filmni birinchi marta tomosha qilganida va o‘zini Marfusha obrazida ekranda ko‘rganida yig‘lab yubordi. U shunday xunuk va salbiy xarakterli qiz rolini o‘ynab, endi boshqa obrazlarga taklif qilinmasligidan cho‘chidi. Bundan tashqari, u bu roldan keyin hech kim unga uylanmasligidan xavotirda edi. Ammo Inna juda xato fikrlagandi. Keyinchalik aktrisa filmlarda yorqin va qiziqarli rollarni ijro etdi, ooilaviy hayotda ham omadi chopdi.

Aytgancha, Marfusha roli uchun Inna Churikovaga Chexiya elchisi maxsus kumush medalni topshirdi.

Ayozbobo roliga aktyor topish ko‘p vaqt talab etmadi, sababi Aleksandr Rou dastlab bu rolga Aleksandr Xvilyani hech qanday sinovlarsiz tasdiqlagan. To‘g‘ri, bu aktyor bilan ishlash ba’zan qiyin bo‘lardi – u bilan faqat kayfiyati yaxshi paytdagina ishlash mumkin edi, kayfiyati yomon paytda esa yaqinlashmagan ma’qul... Aktyorning yana bir yutug‘i yoqimli ovozi borligi edi.

Aytgancha, rasmiylarga aktyorning ijrosi va xarakterga kirishi shunchalik yoqdiki, keyinchalik u doimiy ravishda qorbobo sifatida Kremlda yangi yil kechalarini o‘tkazishga taklif qilindi.

Yalmog‘iz kampir roliga odam topishda ham muammolar bo‘lmadi. Chunki filmlardagi yalmog‘iz rolini 1939 yildan beri Georgiy Millyar o‘ynab kelardi. Millyar o‘z obrazini bolaligidagi qo‘rqinchli va yaramas kampir va g‘amgin qo‘shnisiga taqlid qilib ijro etganini aytgan. «Ayozbobo» filmida Millyar asosan uchta rolni, ya’ni qaroqchilardan birini, yalmog‘iz kampirni o‘ynagan, shuningdek, xo‘rozga ovoz bergan.

Suratga olish vaqtida Natalya endigina 16 yoshda edi. Rejissyor grimmchilarga qizning yoshini kattaroq ko‘rsatish uchun ko‘rsatma bergan.

Yana bir fakt – Nastenkaning qor bilan qoplangan sochlari va kipriklarini haqiqiy ko‘rsatish uchun maxsus yelim qo‘llanildi. Yelimni qo‘llashning o‘zi hech qanday muammo tug‘dirmadi, lekin uni keyin olib tashlash juda qiyin bo‘lgan. Grimm qiluvchilar yopishtirilgan yelimni olib tashlashganda, Natalya hatto azobdan juda ko‘p yig‘lagan. Aktrisa bu lahzalarni hamon dahshat bilan eslaydi.

Ssenariyga ko‘ra, Marfusha qor bilan qoplangan qalin o‘rmonda  olma yeyishi kerak edi. Ammo suratga olish guruhi a’zolaridan biri olmalarni mehmonxonada unutib qo‘ygan. Mehmonxonaga qaytishning iloji yo‘q, ya’ni juda ko‘p vaqt ketib qolar edi – olma o‘rniga piyoz topildi.

Bechora Inna Churikova piyozni qarsillatib, chaynab yeyishi kerak edi, lekin u hech qachon bundan nolimadi, itoatkorlik bilan piyozni ko‘z yoshlarini to‘kib yedi.

U nafaqat achchiq piyoz yeb azoblandi, balki iflos suvli ko‘lmakda cho‘milishga majbur bo‘ldi. Ya’ni qishloq hovuzi haddan ortiq iflosligidan unda turli hasharotlar, chuvalchanglar suzib yurardi, shunga qaramay, Inna Churikova hech ikkilanmay iflos suvga sakradi.

Ammo Natalya Sedix hovuzga sho‘ng‘ishdan juda qo‘rqqan. U har safar suvga yaqinlashganida birdan to‘xtab qolgan. Natijada, bir necha marta suratga olaverishdan charchagan Rou qizga baland ovozda baqirib yuboradi. Va Nastenka hech ikkilanmasdan o‘zini suvga tashlaydi.

Suratga olish bahorda bo‘lib o‘tgani, may oyida qor allaqachon erigani bois, Ayozboboning uyi olovni o‘chiradigan ko‘pik bilan to‘ldirilgan.

Aytgancha, suratga olish jarayonida mahalliy aholining ularga ko‘p yordami tekkan. Ular nafaqat qishloq odamlari rolini o‘ynashdi, balki sahna ko‘rinishini yaratishda yordam berishdi va kino ijodkorlar o‘zlari bilan olib kelgan hayvonlarga qarashdi.

Xullas «Ayozbobo» filmi dunyoga kelguncha juda ko‘p sarguzashtlarni boshidan kechirgan, daraxtlarning orqaga yurishi, Ayozboboning orqaga yurishi, osmondan to‘qmoqlar, daraxtlar tushishi – bularning barchasi haqida batafsil ma’lumotlar bor. Balki shuncha mehnat tufayli bu film barcha yoshdagi tomoshabinlar orasida ajoyib muvaffaqiyatga erishdi va dunyoning turli mukofotlariga munosib ko‘rildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring