«Odisseya» filmi 1,1 mlrd dollar daromad keltirdi — Nolanning yangi rekordi
«Odisseya» (2026) filmidan kadr.
Kristofer Nolanning «Odisseya» filmi jahon prokatida 1,104 mlrd dollar to‘plab, rejissyor faoliyatidagi eng ko‘p daromad keltirgan kinoasarga aylandi. Bu haqda The Guardian Universal Pictures ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
«Odisseya» Nolanning avvalgi rekordchisi — 2012-yilda prokatdan 1,085 mlrd dollar ishlagan «Qora ritsar: Qayta tug‘ilish afsonasi» filmini ortda qoldirdi. Rejissyorning eng ko‘p daromad keltirgan filmlari reytingida uchinchi o‘rinni 2008-yilda ekranlarga chiqqan «Qora ritsar» egallab turibdi. Uning jahon prokatidagi tushumi 1,005 mlrd dollarni tashkil etgan.
«Odisseya» filmining premerasi 17 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Film Gomerning mashhur dostoni asosida suratga olingan bo‘lib, Troya urushi tugaganidan so‘ng Odisseyning Itakaga qaytishini hikoya qiladi. Uning uyiga yetib borishi 10 yil davom etadi.
Filmda bosh rolni Mett Deymon ijro etgan. Kartinada, shuningdek, Enn Heteuey, Robert Pattinson, Zendeya, Tom Holland, Sharliz Teron va Lupita Niongo suratga tushgan.
«Odisseya» premeradan so‘ng jahon prokatida birinchi o‘rinni egalladi va ketma-ket ikki hafta oxirida eng ko‘p tomosha qilingan film bo‘lib qoldi. Universal Pictures ma’lumotlariga ko‘ra, kartina Deymon, Heteuey va Pattinson faoliyatidagi eng daromadli filmga ham aylangan.
Nolan film rejissyori va ssenaristi bo‘lish bilan birga, Emma Tomas bilan birgalikda uning prodyuseri ham bo‘lgan. Filmning ishlab chiqarish budjeti reklama va targ‘ibot xarajatlarini hisobga olmagan holda taxminan 250 mln dollarga baholangan.
«Odisseya» 2026-yilda Universal Pictures kinostudiyasining jahon prokatida 1 mlrd dollarlik chegaradan oshgan uchinchi filmi bo‘ldi. Bunga qadar «Super Mario: Galaktik kino» va «Maykl» biografik filmi ushbu natijani qayd etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter