Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2030-yilga borib suv taqchilligi O‘zbekistonda ikki barobardan oshib ketadi

2030-yilga borib suv taqchilligi O‘zbekistonda ikki barobardan oshib ketadi

Bugungi kunga kelib suv resurslarining kamayishi va ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar global xavflar qatoridan joy olib ulgurdi.

Global iqlim o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda so‘nggi 50-60 yil davomida muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, harorat 20 darajaga ortganda muzliklar hajmi 50 foizga, 40 darajaga isiganda esa 78 foizga kamayadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. O‘zbekistonda 2015-yilgacha bo‘lgan davrda suvning umumiy taqchilligi 3 mlrd kub metrdan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030-yilga borib 7 mlrd kub metrni, 2050-yilga borib esa 15 mlrd kub metrni tashkil qilishi mumkin.

Tahlillar iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda suv taqchilligini yanada keskinlashtirishini, 2000, 2008, 2011, 2014 va 2018-yillardagi kabi qurg‘oqchilikning davomiyligi va davriyligi ko‘payishiga olib kelishini hamda iqtisodiyotning suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Keyingi 15 yil ichida aholi jon boshiga suv ta’minoti 3 048 kub metrdan 1 589 kub metrga qisqardi.

Shu bilan birgalikda, respublikada aholi soni yiliga o‘rtacha 650-700 ming nafarga oshib, 2030 yilga borib 39 mln nafarga yetishi, ularning sifatli suvga bo‘lgan talabi 2,3 mlrd kub metrdan 2,7-3,0 mlrd kub metrga (18-20 foiz) yetishi kutilmoqda. Bu esa kommunal sohani yildan yilga suvga bo‘lgan talabini ortishiga olib keladi.

So‘nggi yillarda sanoat va energetika sohalari faol rivojlanib, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin oshib bormoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra bu sohalarning yillik umumiy suv iste’moli 1,9 mlrd kub metrdan 2030 yilga borib 3,5 mlrd kub metrga (1,8 barobar) yetadi.

Markaziy Osiyodagi beshta respublika o‘rtasida suv taqsimlash sxemalariga muvofiq Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha O‘zbekistonning limiti 100 foizli limitda yiliga 63,02 km kubni tashkil etadi.

Qishloq xo‘jaligida o‘rtacha yillik suv sarfi yuqoriligicha qolmoqda.

Orolbo‘yidagi vaziyat Markaziy Osiyo mintaqasining eng keskin ekologik muammolaridan biri hisoblanadi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda mavsumiy qurg‘oqchilik kuchayishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu esa Orol dengizining qurish jarayoni mintaqadagi iqlim sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan dalolat beradi. Orol falokati yoz faslida qurg‘oqchilik va jazirama issiqni kuchaytirib hamda sovuq va qahraton qish faslini uzaytirib, iqlimning kontinentalligini chuqurlashtirdi.

Bugungi kunda Orol suv havzasining qoldiq suv balansi Amudaryo va Sirdaryo suvlarining oqib kelishi cheklanganligi, ayrim yillarda esa yo‘qligi oqibatida nomutanosib holatga kelib qolgan bo‘lib, natijada dengiz sathi pasayishi, uning yuza qismi maydoni qisqarishi va unda erigan elementlar konsentratsiyasi oshib borishi davom etmoqda.

Orolning qurib qolgan tubidan kuchli shamollar zaharli moddalar bilan to‘yingan tuzlar va chang-to‘zonni havoga ko‘tarishi aholi sog‘ligiga jiddiy xavf solmoqda, surunkali qon kasalliklarini, nafas olish yo‘llari, buyrak, oshqozon-ichak trakti, yurak-tomir tizimi, shuningdek, o‘t pufakda tosh paydo bo‘lishi, onkologiya va boshqa kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning suv oqimi asosan II va III toifalarga mansub toza va o‘rtacha ifloslangan suvlar toifasiga kiradi.

Ifloslantiruvchi moddalarning suv ob’yektlariga tashlanishi ortib borayotganligi ochiq suv oqimlarining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda va buning oqibatida suv flora va faunasiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazilmoqda, shuningdek, aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Manba: 2023 – 2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida barqaror turmush tarzini targ‘ib qilish Milliy dasturi loyihasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring