Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DXX uchta holatda Qirg‘izistondan olib o‘tilgan psixotrop moddalar partiyasini fosh qildi (video)

DXX uchta holatda Qirg‘izistondan olib o‘tilgan psixotrop moddalar partiyasini fosh qildi (video)

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Oqoltin tumanidagi «Sardoba» YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Toshkent-Jizzax» yo‘nalishida harakatlanayotgan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasiga 3 080 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi bo‘lgan – Baxmal tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

DXX xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 2 799 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 65 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda, Farg‘ona tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasida belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzib, Qirg‘iz Respublikasidan 5600 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib o‘tgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Unda «Toshkent-Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Xazorasp tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi va uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg. 814 gr. «opiy» moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Ushbu ajal og‘usi 1991-yilda Xazorasp tumanida tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u konditsionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gr. «opiy» va 1 kg. 988 gr. «gashish» moddalari olindi.

Bundan tashqari, mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989 va 1991-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gr. «opiy» moddasi olindi.

Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan olib kelinganligi aniqlandi.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan va Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 4kg. 861 gr. «Pregabalin» nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi ma’lum bo‘ldi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi.

Shuningdek, uning tanishlari bo‘lgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 va 1992-yillarda tug‘ilgan 2 nafar ayol ham protsessual tartibda ushlanib, ulardan 1 kg. 987 gr. «Pregabalin» moddasi hamda 1 342 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvi dori vositalari olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring