Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer qonunda nazarda tutilgan tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin – yangilanayotgan Konstitutsiya

Yer qonunda nazarda tutilgan tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin – yangilanayotgan Konstitutsiya

Uzoq yillar mobaynida O‘zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib keldi.

Shu bois, ushbu norma yangi Konstitutsiyadagi haqiqiy inqilobiy o‘zgarishlardan biri sifatida mulkchilik munosabatlari rivojiga xizmat qiladi.

68-modda.

Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.

Yerni xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi bevosita mulkdorga qanday manfaat beradi?

Xususiylashtirilgan yer uchastkasi mulkdori yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi.

Xususiy mulk bo‘lgan yerni davlat faqat mulkdorni roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Ya’ni, yer «snos»ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer begonalashtirilishi mumkin.

Yerga nisbatan xususiy mulk tadbirkorlarning kredit layoqatlilik darajasini ortishiga ham xizmat qiladi hamda mol-mulkni oqilona boshqarish orqali daromadlarni ko‘paytirish imkonini beradi.

Yerning xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi mulkdorlar qatlamini kengayishiga, yer bozorining rivojlanishiga, yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha iqtisodiy samaradorlikni oshishiga xizmat qiladi.

Yerdan foydalanish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, ushbu sohadagi mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash maqsadida bu norma juda muhim.

Ushbu normaning Konstitutsiyaga kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining yerga bo‘lgan mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga imkon yaratadi. Bu, o‘z navbatida, mulkdorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish va kafolatlashga xizmat qiladi, shuningdek, ularning yerga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini mustahkamlaydi.

Shu bilan birga qonunda nazarda tutilgan holatlarda yerni xususiy mulk qilib berish mexanizmlari amaliyotga joriy etiladi. Buni xalqimiz anchadan buyon kutayotgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring