Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onam yuzidagi chiziqlar (badiha)

Onam yuzidagi chiziqlar (badiha)

Illustrativ surat

Saksoninchi yillar oxiri...

Ayni choshgohda quyosh chordog‘imiz tepasiga keladi-da, katta-katta shoxlarida hosili g‘uj-g‘uj o‘ynagan toshkandi gilosimizning qoq uchidan turib, butun hovlimizni qizdira boshlaydi. Peshayvonga yonbosh so‘rida onam quyosh nuri qamashtirgan yuzlarini nari-beri olib qochib, katta tog‘orada xamir qoriydi. Manglayidan har zamonda ter oqadi. Engashib peshona terini yengiga artmoqchi bo‘ladi-yu, ikki qo‘li xamir, bu ishning uddasidan chiqolmaydi. O‘choqboshida tutun ko‘kka o‘rlaydi. Non pishguncha yog‘ni dog‘lab, onam bizga is noni pishirib beradi. Olti boshmiz. Vohaning semiz bir tandir noni bir haftaga yo yetar, yo yetmas. Bo‘yi cho‘zilib, yag‘rini to‘lishib qolgan akalarim tushgacha qanoat qilolmaydi. Onam is nonini tezlatadi. Uning biqiniga tiqilaman. Xarxasham boshlanadi. Ertaga maktab, boshmog‘im eski... Onam kosovni chetga olib, yuzini buradi. Tandir qiziguncha bir muddat qorayib ketgan bo‘g‘otning tirqishidan uzoqlarga tikilib qoladi. Bu holat, chamasi, ikki daqiqalar davom etadi. O‘shanda onamning chiroyli kulcha yuziga bir chiziq tushadi.

Otamdan madad kutib, atrofga alanglayman. Tarvaqaylab ketgan uzum shoxlarini shartta-shartta qaychilab, tok barglari orasidan otam menga ko‘z qirini tashlaydi. Onam bilan suhbatimizni eshitgan shekilli, unga iltijoli tikilaman. U menga qovoq uyib qaraydi...

Bilsam, mening tashvishimdan muhimroqlari ham ko‘p ekan. Opamni o‘qishga jo‘natish kerak. Studentning qo‘liga pul tutqazmay yuborib bo‘ladimi? Hech bo‘lmasa stipendiya olgunicha bir-ikkki so‘m bo‘lishi kerak. Shaharda yashash oson emas. Dadam ishkomdan tushishi bilanoq, onam shularni aytib, ikkovlari bir pas g‘ijillashib olishadi. Otam uringan kostyumini yelkasiga iladi-da, qaddi bir oz bukilib, darvoza tomon yuradi...

Opam jomadonini hozirlab, yo‘l tadorigini ko‘radi. Onam qaynoq nonlarni apil-tapil ko‘tarib kelib, opamning sumkasiga joylaydi. Avtobusga kech qolmaslik kerak. Opam shoshib, jomadonini ko‘tarib jo‘naydi. Onam tandir boshida kiyiladigan eski kiyimlarda bo‘lgani uchun opamni kuzatishga meni qo‘shadi. Nimanidir unutganday orqasiga qaray-qaray ketayotgan opamga onam: «Yo‘lda dadangni uchratarsan», deya yupanch beradi. Bekatga yaqinlashayotganimizda uzoqdan tez-tez yurib kelayotgan otamning qorasi ko‘rinadi. Tirband avtobus yura boshlaydi. Dadam yugurib kelib, opamning qo‘liga pul tutqazadi. Otamning chang to‘zg‘igan yo‘llarga tikilib, mung‘aygan ko‘zlari atrofida yangi chiziqlar paydo bo‘ladi.

Akalarim oldinma-ketin alloslab uyga chopib kiradi. Ortidan qo‘shni xotinning shang‘illagani eshitiladi. Darvozani taraqlatib ochib, qo‘shni ayol javragancha uyimizga kirib keladi. Onam u bilan murosa qilishga ko‘p urinadi. Ammo ayolning chakagi tinmaydi. O‘g‘illarining qilmishini, bor aybu gunohini yelkasiga ilgan onam qo‘shnimizni bir amallab tinchitib, uyiga kuzatadi. Akalarimga o‘girilib, «hah juvonmarg, kunda janjal boshlab kelasanlar», deya ularni qarg‘ab ketadi. Tinkasi qurib so‘riga cho‘kkalaydi. «Qo‘shni bir dunyo bo‘lmag‘ur gap qilib ketdi. Bolang haqida shuncha yomon gap eshitsangu, bo‘ningni egib turishga majbur bo‘lsang. Uh!..» Shunday deb onam menga o‘giriladi. Yana «eh, sen nimaniyam tushunarding», degandek yuzini boshqa tomonga buradi. O‘shanda onamning bug‘doyrang, ammo tandirga kirganidan bir oz qizarinqiragan yuziga navbatdagi chiziqlar tortilgan bo‘lsa ehtimol.

Men kichkina sinfman. Muammoyim ham kichkina. Poyabzalimning eskiligi bir yoqda qolib ketdi. Litseyda o‘qiydigan o‘rtancha akamga oq ko‘ylak kerak. Oq ko‘ylaksiz darsga qo‘yishmaydi. Masala o‘rtaga tashlandi, o‘ylab ko‘rildi. Chora yo‘q. Akam bu alfozda o‘qishga bormayman, deb to‘polon ko‘tardi. Mashmasha bo‘ldi. Ammo imkoni topilmadi. Tongda onam qovog‘i engagigacha osilgan akamga Toshkentda o‘qiydigan akamning oq «vadalaska»sini kiydirib, silab-siypab, u deb bu deb o‘qishga jo‘natdi. Akam kunning issig‘ida vadalazka kiyib borgani uchun uydagilarga alamzadalik bilan qaradi. O‘qishdan kelib, papkasini otdi-yu, xonasiga qamalib oldi. Ota-onamning yuzlariga yana chiziqlar tortildi.

O‘rtancha akam ham o‘qishga kirdi. Biroq o‘qish tatimadi. U yaxshi ko‘rgan qizni turmushga berishdi. Onam ro‘mol ko‘tarib, qizning eshigiga borolmadi. Ilojini qilolmadi. Akamning ko‘nglida alamzadalik qolib ketdi. Bizni kechirmadi. Yillar o‘tdi, akam hech uylanmadi. Onamning chehrasiga aybdorlik chiziqlari soya soldi. Borib-borib chiziqlar qalashib ketdi.

Bugun

Yillar bir-birin quvlab o‘tib ketaverdi. Falonchi o‘qituvchining hamma bolalari o‘qidi, oliy ma’lumotli bo‘ldi, deyishdi odamlar. Asta-sekin ular toparmon ham bo‘lishdi, dedi ular yana. Esizgina, faqat shularni o‘zi ko‘rolmadi-da, deb gap qilishdi.

Akalarim katta-katta ishlarning boshini tutishdi. Bolaligimizdagi pastqam hovlimiz butunlay o‘zgarib ketdi. Zang darvozamiz o‘rnini muhtasham va ko‘rkam darvoza egalladi. Qo‘shnining chordog‘i ko‘rinib turadigan, nuragan devorlarimiz ko‘tarilib, ko‘kka bo‘y cho‘zdi. Hech nimadan kamchilik yo‘q. Hammasi o‘z o‘rnida. Ba’zan o‘g‘illari ko‘cha g‘avg‘osidan, ish-yumushlardan horib-tolib qaytadi. Shunda onamga to‘nglik bilan gap qaytarishlari mumkin. Onamning shu oddiy ikir-chikirlarni ham ko‘ngliga olib o‘tirgani g‘alati. Yuzidagi chiziqlar kun sayin ko‘payib boradi.

Shaharda yashayman. Onamni ko‘rmaganimga olti oy bo‘ldi. Telefonda suhbatlashdim. Onam: «Aya, keling, sog‘indim, sizni. Uyimda mehmon bo‘ling», deyishimni kutdi. Men: «Aya, keling, bolam kasal, ishdan qololmayapman, uch-to‘rt kun bolamga qarang», dedim. Onam bolamning kasalligini eshitib, kuyib-pishdi. Bir tugun narsa-qara qilib uyimga yetib keldi. Men apil-tapil onam bilan so‘rashib, bolamni topshirdim-da, ishga chopdim.

Kechqurun uyga qaytganimda ona-bola uzoq gurunglashdik. Shunda qaradim. Evoh, buni ko‘rmaslik uchun ko‘r bo‘lish kerak. Nahot shuncha payt ko‘rmadim? Onamning ikki yonog‘iga chiziqlar ustma-ust, ayovsiz chizilibdi. Mohir taqdir mushtipar onamning yuz-ko‘zini bo‘yab tashlabdi.

Madhiya Avazova,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring