Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oylik 200 kVt-soatgacha bo‘lgan me’yor miqdori oshirilishiga asos yo‘q – Energetika vazirligi

Oylik 200 kVt-soatgacha bo‘lgan me’yor miqdori oshirilishiga asos yo‘q – Energetika vazirligi

Energetika vazirligi so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan aholi uchun elektr energiyasi iste’molining 200 kVt-soat oylik bazaviy me’yori haqidagi masalaga e’tibor qaratdi va rasmiy munosabatini e’lon qildi.

Vazirlikning Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi o‘rganishlaridan iqtibos keltirishicha, 2024 yilda respublika aholisi tomonidan jami 21,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi iste’mol qilinishi rejalashtirilgan. Shundan, yil davomida o‘rtacha oylik iste’moli 200 kVt-soatgacha bo‘lgan iste’molchilar jami abonentlarning 60 foizini tashkil etadi.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda elektr energiyasi iste’moli yil davomida keskin o‘zgarmasligini inobatga olib, yil davomida bir xil bazaviy me’yor joriy qilingan», – deyiladi vazirlik izohida.

Shuningdek, rasmiy ma’lumotda hozirgi vaqtda 1 kVt-soat elektr energiyasining tannarxi 895 so‘mni (QQS bilan 1 002 so‘mni) tashkil etayotgani aytiladi.

Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiya uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 so‘m, 201 kVtdan 1000 kVt·soatgacha esa 102,1 so‘m davlat tomonidan har bir iste’molchiga qoplab berilmoqda (1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 so‘mni, transportirovka xarajati 57,8 so‘mni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 so‘mni tashkil etadi).

Tahlillarga ko‘ra, joriy yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilganligi aniqlandi. Bundan ko‘rinadiki, iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan.

Shu bois, vazirlik yaqin istiqbolda iste’molchilarga qo‘llanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas, deb hisoblaydi.

Vazirlikka ko‘ra, 22 foiz iste’molchi 201 kVt·soatdan 1000 kVtgacha iste’mol qilgan va 900 so‘mdan haq to‘lagan bo‘lsa (jumladan, 201 kVt-soatdan 300 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilar salmog‘i 11 foiz), 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kVt-soat elektr energiyasi iste’mol qilib, 1 350 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirgan.

«Qolaversa, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) bir qancha kompensatsiya turlari taqdim etilmoqda.

Xususan:

  • Ijtimoiy himoya milliy agentligi AT «Xalq banki» bilan birgalikda noyabr oyida 270 ming so‘m bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beradi;
  • elektr energiyasi uchun oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt-soatgacha iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

Bunda kompensatsiya to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.

Masalan, elektr energiyasi uchun oylik iste’moli 350 kVt-soat bo‘lgan ehtiyojmand xonadon 200 kVt-soatdan oshgan 150 kVt·soatgacha 67 ming so‘m miqdorda kompensatsiya oladi», – deyiladi vazirlik izohida.

Energetika vazirligi, shu bilan birga elektr hisoblagichlar aholiga ortiqcha iste’mol va pul hisoblayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlarlarga ham tushuntirish bergan.

Qayd etilishicha, ushbu murojaatlarning har biri vazirlik hamda tizim tashkilotlari tomonidan alohida nazoratga olinib, har bir murojaat joyiga chiqqan holda mualliflar ishtirokida o‘rganilmoqda.

O‘rganish jarayonida iste’molchilarga murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berilib, texnik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan xatoliklar aniqlanganda to‘liq bartaraf etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bazaviy me’yorning amaliyotga tatbiq qilinishi Hukumatning 2024 yil 16 apreldagi 204-son qarori bilan joriy yil 1 maydan boshlab amaliyotga tatbiq qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring