Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish masalasi muhokama qilindi

2-iyun, yakshanba kuni O‘zbekiston bandlik vaziri Behzod Musayev hamda Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalari muhokama qilingan.

Xususan, 2023-yilning 6-iyun kuni Samarqand shahrida ikki davlat Hukumatlari o‘rtasida imzolangan «Qatar Davlati hududida ishchi kuchi bandligini tartibga solish to‘g‘risida»gi bitimni hayotga tatbiq etish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi. 

Qatar davlat Mehnat vazirining ta’kidlashicha, ushbu mamlakatda ayni vaqtda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori. Ushbu davlatda ishlash istagida bo‘lganlarni qiynayotgan eng katta masala bu til to‘sig‘i ekanligi aytib o‘tildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ushbu muammoni yechish bo‘yicha shu yerdagi mavjud tajribadan kelib chiqib ishchi kuchini maqsadli tayyorlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, ayni maqsad va ko‘rsatkichlar 2008-yilda tasdiqlangan «Qatar Vision – 2030» dasturida ham o‘z aksini topganligini ma’lum qildi. Shuningdek, xorijlik ishchilarning ijtimoiy himoyasi, tibbiy sug‘urtasi, oylik, transport va yashash joylari xarajatlarini ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilganligini, hamda chetdan borib ishlovchi ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘mita tashkil etilganligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida qo‘shma komissiya tuzilib, uning navbatdagi yig‘ilishi Qatarda o‘tkaziladi va unda hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid bitim imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring