Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer va undagi binolarga bo‘lgan huquqni e’tirof etishga doir Qonun kuchga kirdi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer va undagi binolarga bo‘lgan huquqni e’tirof etishga doir Qonun kuchga kirdi

Bugun, 8-noyabr kunidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer va undagi ko‘chmas mulkka mulk huquqini e’tirof etishga oid Qonun kuchga kirdi.

Ma’lumki, joriy yilning 5-avgust kuni Prezident tomonidan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun imzolangan edi. Mazkur Qonunda belgilanganidek, bugun, 8 noyabr kunidan Qonun rasman kuchga kirdi.

Qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:

  • 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • «bir martalik aksiya» doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
  • yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
  • yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
  • muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
  • bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
  • har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).

Qonunga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha beriladi:

  • 1998-yil 1-iyulgacha egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;
  • 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.

Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.

Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan:

  • Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;
  • 10 ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, «O‘zbekkosmos» agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi;
  • tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi (yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).

Qonunga ko‘ra, yer va binolarni qonuniylashtirish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:

  • Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari (1 mln 875 ming so‘m);
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m);
  • viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari (750 ming so‘m);
  • boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari (375 ming so‘m);
  • qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi.

Shuningdek, I va II guruh nogironlari, oldingi «aksiya» vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.

Qonunga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlariga qurilgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini aniqlash maqsadida 2024-2025 yillarda xatlov qilinadigan mahallalar reja-jadvali tasdiqlandi, deb xabar berdi Kadastr agentligi matbuot xizmati. 

Qayd etilishicha, tasdiqlangan reja-grafik Kadastr agentligining kadastr.uz saytiga joylashtirildi. Fuqarolaar saytga kirib o‘zining hududida xatlov ishlari qachon amalga oshirilishini bilib olishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring