Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident prezidentlik saylovini tayinlagan taqdirda u 2 oy ichida o‘tkaziladi – Saylov kodeksida o‘zgarish

Prezident prezidentlik saylovini tayinlagan taqdirda u 2 oy ichida o‘tkaziladi – Saylov kodeksida o‘zgarish

Bugun, 8-maydan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi.

Mazkur qonun bilan Saylov kodeksiga tegishlicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Kodeksning 36-moddasi, ya’ni Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini nazarda tutuvchi norma, endilikda «ushbu Kodeksning 66 va 74-1-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno» jumlalari bilan to‘ldirilmoqda.

O‘z o‘rnida 66-modda ham yangi tahrirda qabul qilinmoqda. Unga ko‘ra, mazkur moddada nazarda tutilgan «O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi»ga doir norma ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan.

Ya’ni, unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi».

Qo‘shimcha kiritilayotgan 74-1-moddaga ko‘ra esa:

«Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda uch oy ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi».

87-1-moddada ham Senat a’zolarining muddatidan ilgarigi saylovi haqidagi yangi norma qo‘shilyapti. Unga ko‘ra, Senat Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda uch oy ichida o‘tkaziladi.

Senat tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda esa Senat a’zolarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda bir oy ichida o‘tkaziladi.

Shuningdek, 98-moddaning birinchi qismi ham tahrirlangan va unda Prezident saylovi, Oliy Majlis saylovi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlari bilan birgalikda endi bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlar va ular bilan bog‘liq boshqa xarajatlar ham Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring