Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qashqadaryoda egizak farzand dunyoga keltirgan ayol operatsiyadan keyin vafot etdi

Qashqadaryoda egizak farzand dunyoga keltirgan ayol operatsiyadan keyin vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi tug‘ruqxonada o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti vaqtida homilador ayol vafot etgani, shundan so‘ng, uning yaqinlari norozi bo‘lib, janjal qilishgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat SSB rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2004 yilda tug‘ilgan homilador ayol T.O. 31 iyul kuni soat 22:35 da «homiladorlik 1.35 hafta. Egizak homila. Erta tug‘ish xavfi» tashxisi bilan viloyat perinatal markazi homiladorlar patologiyasi bo‘limiga yotqizilgan.

4 avgust kuni birinchi chaqalog‘ini o‘zi tabiiy tuqqan. Ikkinchi chaqaloq homila ona qornida ko‘ndalang joylashib, tug‘ruq yo‘llari yopilib qolganligi sababli kesar kesish operatsiyasi yo‘li bilan olingan.

Operatsiyadan keyingi davrda standartlar asosida davolash tadbirlari o‘tkazilgan. 11 avgust kuni sanaviatsiya xizmati orqali xirurg shifokor chaqirtirilib, vrachlar konsiliumi o‘tkazilgan va «Kesar kesish operatsiyasidan keyingi 7-sutka. Metroendometrit. Peritonit. Kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilgan. Chaqirtirilgan xirurg shifokor yordamida soat 12:00da qayta operatsiya-relaparotomiya qilingan. Qayta operatsiyada-total gisterektomiya, qorin bo‘shlig‘i sanatsiyasi va naylash o‘tkazilgan.

12 avgust kuni soat 19:00da ayolning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan, o‘tkazilgan reanimatsion davo tadbirlariga qaramasdan 2023 yil 12 avgust kuni 19:30 da biologik o‘lim sodir bo‘lgan.

O‘limdan keyingi tashxis: «Relaparotomiyadan keyingi holat. Endotoksikoz. O‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi. O‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining og‘ir darajasi».

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring