Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi 3-xalqaro investitsiya forumida 26,6 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi

Toshkentdagi 3-xalqaro investitsiya forumida 26,6 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi

O‘zbekistonda III Xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, 93 mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq delegatni jamlagan forum global muloqot va investitsiyaviy sohadagi ilg‘or tajriba almashish maydoniga aylandi. Tadbirning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining Bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalarining (Qambarota GES-1 va Yovon GESini qurish) xorijiy investorlarga taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Forum yakuniga ko‘ra, jami qiymati 26,6 mlrd dollarga teng kelishuvlar imzolandi:

  • «Data Volt» kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan hamkorlikda «Yangi Toshkent»da shahar infratuzilmasini qurish (1 mlrd dollar) va yashil texnologiyalarga asoslangan «ma’lumotlar markazlarini» qurish (3 mlrd dollar);
  • «Acwa Power» kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish (6,2 mlrd dollar);
  • «Amea Power» kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish (1,1 mlrd dollar);
  • «Saudi Tabrid» kompaniyasi bilan Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish 750 mln dollar);
  • «Nil Shugar» kompaniyasi (Misr) bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish (500 mln dollar);
  • «Shaynxay Knud Interneshnl» kompaniyasi (Xitoy) bilan Namangan viloyatida tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (205 mln dollar);
  • «Vilmar Interneshnl» kompaniyasi (Singapur) bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish (200 mln dollar).

Bundan tashqari, forumda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari hisoblangan «Oraskom Investment» (Misr), «Bonafarm Grup» (Vengriya), «Sayar» (AQSh), «Goldvind», «Sinoma» (Xitoy), «Sam Yap» (Turkiya), «Pasha Development» (Ozarbayjon) «Laselsberger» (Avstriya), «Petrosat Chexelsoton» (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati 6,6 mlrd dollarga teng yangi investisiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilgi TXIFda 11 mlrd dollarlik 167 ta hujjat imzolangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring