Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

O‘zbek yozuvchilari tushkunlikni qanday bartaraf etadilar?

O‘zbek yozuvchilari tushkunlikni qanday bartaraf etadilar?

Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad.

Foto:«Xabar.uz»

Keyingi vaqtlarda e’tibor bersam, juda ko‘plab odamlar xo‘mraygan, badqovoq bo‘lib ketishyapti. Siz ham atrofingizga bir qarang. Aksariyat kishilar qandaydir tajang, norozi. To‘g‘ri, har kimning muammosi o‘ziga ayon. Tashvishsiz odamning o‘zi yo‘q, bo‘lmaydi ham. Ammo gap muammoni qay darajada qabul qilishda emasmi? Odamning tashvish-yuklamalarni yuragiga olib, g‘am-anduh chekish sog‘lig‘iga koni ziyon-ku! Kamiga u atrofga ham norozi boqadi, yonidagilarga zahrini sochadi. Muammolarni bartaraf etish o‘rniga o‘z yog‘iga battar qovuriladi. Unutmang, tushkunlik ado qiladi, ichingizni kemiradi. Keyin esa yana bir tashvish – kasallik keltiradi. Tushkunlik bor joyda samimiylik aslo bo‘lmaydi. Keyingi paytlarda dilkashlikning yo‘qolib ketayotgani sababi ham shunda.

Xo‘sh, millatimiz ziyoli ahlining peshqadamlari bo‘lmish yozuvchilar tushkunlikni qanday bartaraf etadilar?

Xurshid Do‘stmuhammad, «Bozor», «Oromkursi», «So‘roq», «Sof o‘zbekcha qotillik» va boshqa ko‘plab asarlar muallifi: – Tushkunlik, umidsizlik hammaga tanish tuyg‘u. Chunki u hech kimni ­– kimligidan qat’i nazar ­– chetlab o‘tmaydi. Ayab o‘tirmaydi ham. Hamma gap unga munosabatda, uni qanday qabul qilishda.

Alloh taolo hech bir tuyg‘uni bejiz bergan emas odamzodga. Tushkunlik ham shu jumladan. Har kuni, turli holatda va, hatto har daqiqada vujudingizda, ruhiyatingizda turlicha kayfiyat hukmronlik qiladi. Juda ko‘p holatlarda (vaziyatlarda) insonning insoniyligini o‘sha «hukmron» kayfiyatga nisbatan o‘zini tuta bilish hal qiladi. Sevinchli holatlarda suyunasiz, iztirobli vaziyatlarda iztirobga tushasiz va hokazo. Lekin, unutmang, siz sevinishingizga ham, iztirobingizga ham xo‘jayinsiz, qul emas!

Eng ma’quli ­– me’yor. Nega? Xafa bo‘ldingizmi? Nazaringizda dunyo zimziyo, qorong‘imi? Og‘irroq bo‘ling, hademay tong otadi, muqarrar quyosh charaqlab chiqadi!

Sabab-besabab dimog‘ingiz chog‘! Sizdan baxtiyorroq odam yo‘qdek. Bunday lahzalarning zavqini tuygancha tuying, faqat, unutmang, afsuski, xursandchilik ham uzoqqa bormasligi turgan gap. Nima qilmoq kerak? Quvonchli damlarda ham juda do‘ppini osmonga otmaslik ma’qul.

Ko‘ryapsizmi, kayfiyat o‘zgaruvchan, chunki hayotning o‘zi o‘zgaruvchan. Ushbu o‘zgaruvchanlik qonuniyatiga iqrormisiz, yashang, haddan tashqari shodiyona ham, haddan tashqari g‘ambodalik ham turgan-bitgani koni ziyon!

Men o‘smirlik kezlarimda juda ko‘p tushkun kayfiyatda yurardim. Endi o‘ylasam, o‘zimdan qoniqmaslik tuyg‘usi meni ko‘p qiynar ekan. Nima bo‘ldiyu, talabalik kezlarimda shaxs, inson «men»i mavzulariga qattiq qiziqdim, shuning ortidan falsafa, psixologiyaga doir kitoblarni ko‘p o‘qishga to‘g‘ri keldi. Qaysidir juda taniqli xorijiy olimning kitobida ajoyib misol keltirilgani hali yodimda. U taxminan quyidagicha:

Qadimda eshiklar prujina yordamida ochilib-yopilardi, yoshi kattalar ko‘rishgan. Prujina siqiq holida eshik taqa-taq yopiq (deylik, kayfiyatingiz g‘oyatda rasvo!), lekin hademay prujina cho‘ziladi va eshik ochiladi (kayfiyat a’lo!). Tabiiy, eshik dam ochiq-dam yopiq. Xulosa: kayfiyat ham shu eshikka o‘xshaydi: dam a’lo, dam rasvo!

Mazkur misolni ko‘p eslayman va bordiyu kayfiyat tushkunlikka moyil bo‘lsa, demak, prujina siqiq, deyman, va o‘zimni xushyorlikka chaqiraman: shoshma, og‘ayni, prujina hademay shunday cho‘ziladiki, xursandchilikdan o‘zingni qo‘yarga joy topolmay qolasan! Qarabsizki!..

Tushkunlikka tushishning asosiy sabablaridan biri odatda ko‘pchilik (ayniqsa, yoshlar) katta orzu-havas bilan yashaydi. Buning aybi yo‘q, ammo-lekin orzu-havasning ham me’yori bo‘lmog‘i kerak-da. Ya’ni, ko‘rpaga qarab oyoq uzatilmasa, oqibati ravshan ­– tushkunlik iskanjasidan qutulolmay qolasiz.

Keng tarqalgan sabablardan yana biri ­– boshqalardan domangir bo‘lish. Nima demoqchiman? Bir ishni mo‘ljallaymiz-da, u amalga oshmay qoladi. Amalga oshmay qolgani uchun aybdor izlay boshlaymiz. Falonchi unday qildi-da, pistonchi bunday qildi-da, oqibatda mo‘ljalim yuzaga chiqmadi, deymiz. O‘zimizni qo‘yarga joy topolmaymiz.

Bunga istagancha misol keltirishimiz mumkin. Men nima qilaman? Qaysidir ro‘yobga chiqmagan niyatim, ishim uchun boshqa kimnidir aybdor qilmaslikka harakat qilaman. Aybni o‘zimdan izlayman.

Ba’zan so‘zingiz, niyatingiz, harakatingizni mutlaqo teskari tushunadigan, talqin etadiganlar chiqadi. Xafa bo‘lib ketaman va shu zahoti o‘zimga tanbeh bera boshlayman: demak, o‘zim to‘g‘ri tushuntira bilmadim. Ayb o‘zimda.

Xulosa qilib aytganda, tushkunlik, umidsizlik zararli yoki yomon tuyg‘u emas. Ularni foydali tuyg‘ularga aylvantirish imkoni o‘z qo‘limizda. Faqat ongli va to‘g‘ri yondashuv orqali unga qul bo‘lish emas, balki unga XO‘JAYIN bo‘lishga erishish zarur. Vassalom!

Shoyim Bo‘tayev.

Shoyim Bo‘tayev, «Ko‘chada qolgan ovoz», «Shox», «Sirli yulduzlar» va boshqa asarlar muallifi: – Boshqalarga maslahat bera olmayman, chunki o‘zim ham tushkun vaqtda nima qilishni bilmay qolaman. Shunda qavmu qarindoshlar, aka-ukalar qurshovida inoqlikda, o‘z tug‘ilgan joyingda yashash afzalligini ko‘ngildan o‘tkazaman – uzoqdagi narsalar hamisha shunday jozibali tuyulsa kerak. Azon ovozi juda katta dalda beradi, yo‘lda eshitsam to‘xtab quloq solishga harakat qilaman, hamma muazzin ham bir xil emas, muazziniga qarab machitga boraman, o‘zini tanimgan-ko‘rmagan bo‘lsam ham ovoziga qarab unga hurmatim oshadi; o‘zlarini tanib-ko‘rgan bo‘lsam ham va’zgo‘ylarning va’zlaridan bezibroq turaman, chalkash gaplarni ko‘p aytishadi. «Ruqiya» tinglayman.

Zarifboy Ibodullayev degan olimning «Asab va ruhiyat» degan kitobini o‘qiyman, muallif bilan bir marta ko‘rishganmiz, unga xayolan Nobel mukofoti olib beraman. Shu mukofotni olayotgan chog‘ida u qanday nutq so‘zlashini tasavvur etaman. Haqiqatni qaror toptiraman guyoki! Shunda xayolim chuqurlashib ketib, hech kimga keraksiz deb o‘ylagan asarlarimning peshma-pesh bosilayotgani, nashriyotlardan qalam haqi oqib kelayotgani, muxlislar dastxat so‘rab ortimdan yugurib yurishgani, qandaydir mukofotlar berishayotgani, men esa ularni rad etib, hayot haqiqatining ulug‘vorligini isbotlaganim kabi xomxayollarga sho‘ng‘ib ketaman.

Yanami? Televizordan uzoqlashaman, ko‘radigan bo‘lsam, hayvonlar haqidagi ko‘rsatuvlarni ko‘raman. Sherlar shijoatini, g‘alaba va mag‘lubiyatlarini muqobillariga taqqoslayman, sirtlonlarning inoqligidan hayratga tushaman.

Yanami? Abdulla To‘qayning satrlarini eslayman: «Yarqirab yulduz yonodir tun qaro bo‘lgan sayin, Yodima Tangrim tushar kun qaro bo‘lgan sayin». Tangri xayoli bilan yashash bu mushkul xolatning davosi-ku! «Umr erur toatu ibodat uchun, Tangri buyurganiga itoat uchun» (A.Navoiy). Qaniydi? Holimiz zabun!

Abduqayum Yo‘ldoshev.

Abduqayum Yo‘ldoshev, «Alvido, go‘zallik», «Puankare», «Bir tun va bir umr» va boshqa asarlar muallifi: – Hayotning o‘zi tushkunlikdan va uni yengishga urinishdan iboratday taassurot tug‘iladi ba’zan. Har nechuk, bobolarimiz orzu qilgan utopik «Quyosh shahri»dan boshqa har qanday jamiyatda va har bir inson kechmishida bu zalvorli quyqa achib-bijg‘ib yotsa kerak...   

Bir matematik tanishim hayrat bilan tan olgandi: «Yoshim arifmetik progressiyada ortib borgani sayin, tushkunlik geometrik progressiyada o‘sib boryapti-ya!» Fikrimcha, tanishim dilni o‘rtab yuboradigan armon chog‘ishgan eng alamli, eng og‘uli tushkunlik xususida gapirgandi.

Bu baloni yengish har kimda har xil – mutloq individual – kechishi, muzaffariyat qurbonligi turli-tuman bo‘lishi tayin, shu sabab bu borada birovga maslahat berishdan, hammabop retsept yozishdan, aqllilik qilishdan Xudoning o‘z asrasin.

O‘zimga kelsak, tushkun kayfiyatdan aksar hollarda bironta o‘zim behad yaxshi ko‘rgan, qayta-qayta o‘qib to‘ymaydigan, «Shuniyam Inson bolasi yozganmi, a?» degan hayratlarga oshno etadigan asarning qaysidir qismini tilimizga o‘girish mashg‘uloti ko‘magida qutulaman (ko‘pincha bu Dostoyevskiyning kitobi bo‘ladi). Aniqrog‘i, bu jarayonda «buyuklar kahkashoni»ga taqqoslaganda ko‘nglimni bandi etayotgan his-tuyg‘ularim benihoya mayda, arzimas ekanligini his qilaman, shularga erkimni, fursatimni berib qo‘yayotganimni anglab, uyalib ketaman; o‘zim o‘zimga dakki bera boshlayman: «Odam degani sal odamga o‘xshab yashashi ham kerak-da, birodar...»

Isajon Sulton.

Isajon Sulton, «Boqiy darbadar», «Pushtirang maxluqcha», «Navoiy» va yana boshqa asarlar muallifi: – Tushkunlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan holat emas-ku? Qaysidir maqsadga erisha olmasangiz yoki erishish uchun tanlagan yo‘lingiz to‘g‘ri bo‘lib chiqmasa, ishlar siz o‘ylagandek bo‘lavermasa va uni o‘nglash uchun chora topolmasangiz, shunda tushkunlik kelib chiqadi, menimcha. Gohida esa bizlarga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ham paydo bo‘ladi: jamiyatdagi adolatsizlikdan tortib to kimdir ko‘ngilni xira qilgunigacha.

Tushkunlik deyilganda, uni tasavvur qilish uchun Vrubel degan rassomning «Iblis» nomli suratini ko‘rishni tasviya qilgan bo‘lardim. Chin ma’nodagi tushkunlik mana shu: barcha ishlari behuda ketadigan, insonlarni qancha urinib yo‘ldan ozdirsa ham, baribir mash’um qismati peshonasiga bitilgan Azozil taqdiri. Shu bois ham «Noumid shayton» deydilar.

«Dam bu damdir, o‘zga damni dam dema», deydi donolar. Bu shundayki, ayni damda biron savob ishni qilib olmasangiz, u hech qachon qaytmas bo‘lib tarixga uchib ketadi. Bolalik chog‘lari kichkina qayiqcha yasab suvga oqizmagan kishi bo‘lmasa kerak. Daqiqalar,  soatlar, kunlarni o‘shanday qayiqchalarga qiyoslasangiz, ularning qanchasi bo‘m-bo‘sh oqib ketmoqda. Vaholanki, u mitti suzuvchilar umr deb atalgan daryoning quyilish manziliga allaqancha yaxshiliklarni olib ketishi mumkin edi.

Yetishmovchiliklar ko‘p, deymiz-u, nazarimda, bizga aynan ezgulik yetishmayotganga o‘xshaydi. Ezgulikni esa, sizu biz hosil qilamiz. Shunday misol keltirsam bo‘ladi: aytaylik, kimdir birovning yo‘lini to‘sib, oldinga o‘tib olmoqchi bo‘lsa, ikkinchi kishi unga yo‘l bergisi kelmaydi. Aksincha, qarshisidagi odamning hurmatini joyiga qo‘yib, «O‘tib olsam maylimi» deganday ishora qilsa, jon-dili bilan o‘tkazib yuboradi. Hayotda bunday misollar keragicha topiladi.

Boyagina suzuvchi qayiqchalar haqida so‘zladik. Barchamiz ham umr daryosida o‘shanday suzib bormoqdamiz. Daryoning qayga quyilishi, safar taassurotlari va hisob-kitobi aniq.

Yaxshilik, yaxshilik! Uni faqat insongina sodir qila oladi va shunga qarash mukofotini oladi. Xalqimizda uning ko‘rinishlari shunchalar ko‘pki! Ota-ona, jon-jigar, qo‘ni-qo‘shni, do‘st-birodar ko‘nglini olish, bir-biroviga yaxshilik qilish! Men bir kishini bilaman: sal tushkun kayfiyat tug‘ilsa, yaqinlariga kichik-kichik sovg‘alar oladi. «Qalbim shundan rohat topadi, kayfiyatim ko‘tariladi», deydi u, tutumining g‘alatiligini tan olib.

Aslida esa, sirayam g‘alati emas. Insonlik qirralaridan biri bu!

Tushkunlikni yo‘latmaydigan eng asosiy unsurlarni men mana shular deb bilaman.

Ulug‘bek Hamdam.

Ulug‘bek Hamdam, «Muvozanat», «Isyon va itoat», «Uzoqdagi Dilnura» va boshqa asarlar muallifi: – Avvalo, tushkunlikning darajasi bor, deb qarash kerak. Eng yengil shaklidan eng og‘irigacha. Nisbatan yengil formalari uchun maslahat berish mumkindir, lekin juda og‘ir shakllarida xos mutaxassislarga, ular tavsiya qiladigan medikamentlarga murojaat qilish lozim bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Oddiy ko‘rinishlarida aytish mumkinki, avvalo, tushkunlikka olib kelgan sabablar aniqlashtirilishi kerak. Aniq bo‘lgan sabablar, mabodo, bartaraf etilmasa (imkonsiz bo‘lsa!), ular haqida o‘ylamaslik zarur. Shuningdek, tushkunlikka tushgan inson o‘zi yaxshi ko‘rgan ishlar bilan shug‘ullansin, boshini og‘ritadigan, uni yana depressiyaga kiritib qo‘yadigan yoki muammoni yodga tushiradigan har qanday inson, detal, xotira... bularning baridan yiroq yursin.

Bir vaqtlar tushkun hollarda kamina xonaga kirib olib, o‘zi yaxshi ko‘radigan qo‘shiqlarni eshitardi. Soatlab, hatto kun davomida tanglab, shu ohanglarning avjlari yordamida ichimdagi o‘sha qayg‘umi, dardmi, balomi... barcha-barchasidan xalos bo‘lib chiqib ketardim. Keyingi paytlarda esa, musiqalar ham, baland ohanglarda o‘qiladigan she’rlar ham yordam bermay qolganini payqadim. E’tibor bersam, endi meni ko‘proq tabiat o‘ziga tortyapti. Shu uchun dala hovliga chiqib ketaman, u yerda katta suv bor, unga tikilib o‘tiraman, suvni, tabiatni, kerak bo‘lsa, sukunatni tinglayman. Muhimi, mening asablarimni qo‘zg‘atadigan, ya’ni qo‘zg‘atuvchi faktorlardan uzoq bo‘lishga harakat qilaman.

Bunda kishi yana odamni stressdan xalos etuvchi yengil mashg‘ulotlar bilan band bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, koptok, tennis o‘ynasin, piyoda yursin, cho‘milsin. Bundan tashqari, o‘ziga yoqqan taomlarni yesin, o‘zi tilagan odamlar bilan suhbatlashsin. Yana ayrim ayollar kashta tikib o‘ziga keladi, ayrimlar (erkagu ayol) sayohat qilib tinchlanadi. Ko‘proq (nafl namozlari kabi) namoz o‘qib, xayr-sadaqa qilib, Qur’onning yoqimli tilovatlaridan bahra topguvchi qalblar qancha... Bu ishlar har bir odamda individual kechadi. Birovga yoqqan ish (tadbir) boshqaga yoqmasligi g‘oyat tabiiy. Buvijonimning ta’biri bilan aytganda, «Hasanjonga yoqqani Husanjonga yoqmaydi». Bas, hamma uchun universal yagona qoida yo‘q yoki ular juda oz bo‘lsa kerak.

Agar ish shu kabi tadbirlar bilan ham bitmasa, o‘ylaymanki, dardmand odam ruhshunoslarga ko‘rinishi kerak bo‘ladi.

Rustam Xudoyqul.

Rustam Xudoyqul, «G‘aroyib qiyofalar», «Sirli tobut», «Bir jinoyat tarixi» va boshqa kitoblar muallifi: – Hayot quvonchu, tashvishlardan iborat ekanligini unutmaslik kerak. Tushkunlikka tushmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Gap uni qanday qilib yengish yoki bartaraf etishda qolgan. Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi. Bu aqidaga amal qilganlar tushkunlikni yengishi oson kechadi. Ko‘p kitob o‘qigan odamlar tushkunlikka kamdan-kam tushadilar va shunday bo‘lgan taqdirda yechimini tez topadilar.

Shaharga oilam bilan ko‘chib kelib, ijarada uyda yashay boshladik. Menga tayin bo‘lgan ish ham propiska muammosi tufayli yo‘qqa chiqdi. Xullas, bir yarim oydan keyin ish ham topdim, endi qishloqda sotilgan uyning puliga boshpana izlashga tushdik. Afsuski, shaharda uy narxi bir kunda bir necha barobarga ko‘tarilib ketdi. Men tushkunlik girdobiga tushib qoldim. Chunki bo‘yi yetgan ikki qizimni to‘y qilib uzatishim va o‘g‘limni uylantirish tashvishi ham bir tomonimni kemirardi. Oilamni shaharga ko‘chirib kelganimdan ming-ming pushaymon bo‘ldim. Ammo ularga tushkunlikka tushganimni aslo bildirmasligim shart edi. Aks holda fojia yuz berardi. Ana shunday kunlarning birida oila davrasida, ayolim va bolarim aytgan so‘zlar ko‘nglimni osmon qadar ko‘tardi, o‘zimga ishonchni butunlay qaytardi. Mana o‘sha sehrli so‘zlar: «Otajon, bu kunlar o‘tib ketadi. Peshonamizda bor ekan, sabr bilan shukur qilamiz. Fojialardan Xudo saqlasin. Siz pushaymon bo‘lmang, hali bu kunlarni kulib-kulib eslab yuramiz».

Men ijodga kirishdim. Ko‘rpaga o‘ranib, yostiq ustida qanchadan-qancha asarlarni yozib tashladim. Zarurat ilhomni jo‘sh urdirar ekan. O‘zim mehnat qiladigan «Inson va qonun» gazetasidan tashqari «Darakchi», «Tasvir», «Hamroh», «7X7» gazetalarida asarlarim tinimsiz chop etildi. Katta-katta gonorarlar oldim. Qo‘ziqorin yetishtirishni o‘rgandim. Xizmat haqi evaziga boshqalarga ekib berdim. Keyinchalik, kitoblarim nashr etildi.

Har doim tushkunlikka tushganida odam, «Bundan battari bo‘lishi ham mumkin edi-ku!» deyishi va o‘ziga taskin berishi kerak. Toshkent shahridagi «Do‘stlik» metro bekati yaqinida bir oila yashaydi. Sevib-sevilib turmush qurgan er-xotinning besh nafar farzandi tug‘ma gung-soqov. Oila a’zolari bir dasturxon atrofida jam bo‘lganda shod-xurramlikni ko‘rsangiz edi. «Tiq» etgan tovushsiz shodiyona davrani ko‘rganmisiz? Men ko‘rganman.

– Men onasi bilan farzandlarimiz nogiron tug‘ildi deb ko‘p siqilib yurardik, – bolalarning otasi. – Ular esa «boshqalardan kam emasmiz, baxtlimiz, ko‘rasizlar, sizlarni ham baxtiyor qilamiz», deyishardi. Barchasi kompyuter dasturchisi bo‘lishdi va yangi yil kuni bizga yangi avtomashina sovg‘a qilishdi.

Nazarimda ba’zi odamlar o‘z oldilariga bajarib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘yib, oxir oqibat unga yetisha olmaydilar. Keyin tushkunlikka tushib qoladilar. Daholar har kuni ham tug‘ilavermaydi. «Generalning xotini bo‘lish uchun eng kamida harbiyga turmushga chiqish kerak», degan purmano hikmatni unutmaslik lozim. 

Hayotimning o‘n yili shu tariqa birovlarning uyida o‘tdi. Qiz chiqarib, o‘g‘il uylantirdim. Tunnel oxirida milt etgan chiroq ko‘rinmasa-da, bir kuni tugashini yaxshi bilardim. Shunday qilib, hayotimni titratgan o‘n yil ham o‘tib ketdi. Ro‘shnolik kunlari keldi. U kunlar bizga saboq bo‘ldi. Do‘st kim, dushman kimligini ko‘rsatdi, oilamizni mustahkamladi.

Saidvafo Boboyev.

Saidvafo Boboyev, «Qonli qilich», «Sirtmoq qoshidagi o‘ylar», «Ushalmagan orzular» va boshqa asarlar muallifi: – Tushkunlik hammada bo‘ladigan holat. Men shaxsan bolalikdan shuni o‘zimga maqsad qilganmanki, tushkunlik mehmon bo‘lib kelsa, bir necha marta takrorlab aytaman: «Shunday bo‘lishi kerakdir. Keldingmi, mehmon bo‘l, janob tushkunlik, marhamat! Faqat tezroq jo‘na, mening vaqtim ziqroq. Hali sendan tashqari, shodlik xursandchilik, xurramlik, yangilik degan og‘aynilarim ham kelishmoqda. Ularni ham mehmon qilishim kerak». Ana shunda tushkunlik bir zumda g‘ubordek tarqalib ketadi. Agar ixtiyoringizni uning qo‘liga bersangiz, undan qutulish qiyin. Irodani but qiling. Bo‘sh kelmang. Hayotda lallaymaslik kerak. Omad tilayman. Mana, kutib oling, shodlik bilan xursandchilik sizga mehmonga borishyapti.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring