Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bo‘lishish va bo‘linish yoxud Baliqning dumi

Bo‘lishish va bo‘linish yoxud Baliqning dumi

Ochlik boshlanib, odamlar och qoldi. Bir erkak uyida och o‘tirgan bolalari uchun baliq tutish maqsadida tongda daryo tomon yo‘l oldi.  Quyosh suv ustida porlayotgandek edi go‘yo. Erkak suvga qarmoq soldi. Birdan to‘rga bog‘langan ip titradi. Erkak to‘rni tortib oldi, qarmoqda ulkan baliq bor edi.

Keyin u shunday o‘yladi: «Men juda ochman, uni hozir pishiraman.» Shunday qilib, uni tozalab, dumini kesib, bir tomonga qo‘ydi. Hatto baliqning ichidan chiqqan qizil ikrani ham yutib yubordi. Qorni to‘ygach u xato qilganini angladi. Keyin erkak faqat dumni ko‘tarib uyiga ketdi. Uyga yetay deganda: «Mana, bolalar, bu dum» deb baqira boshladi.

Shunda bolalar uydan yugurib chiqishdi: «Urre dadam bizga ovqat olib keldi, endi ovqatlanamiz».

Ertasi kuni ota yana baliq ovlashga ketdi. U yana katta losos tutdi va uni yana o‘sha joyda pishirib yedi. Yana uyiga borib: «Mana, bolalar, bu dum! Yo‘lda tilanchilar ko‘p edi, ularga bo‘lib berdim», deb baqirdi.

Endi xotini eridan shubhalana boshladi. Ertasi kuni u yana baliq oviga ketayotganida, ayol bolalariga: «Sizlar shu yerda qolinglar, men uning orqasidan ketyapman», dedi.

Erkak yana baliq tutdi, dumini kesib alohida qo‘ydi, qolganini pishirib yedi. Bu holni kuzatib turgan ayol orqasidan kelayotgan bolalarga o‘girildi-da: «Biz bu odam bilan ortiq qololmaymiz», dedi.

Ota  uyga qaytib kelgach:  «Mana, bolalar, bu dum»!, deb baqirdi. Ammo u faqat sukunatni eshitdi. U yana qichqirdi. U uydan  yugurib chiqdi, atrofga alangladi va faqat sichqonlarning chiyillashini eshitdi.  Keyin u tepalikka qaradi. Xotini va bolalari tog‘ tomon ketayotganini ko‘rdi.

Xotini unga qichqirdi: «Xuddi oldin bo‘lganidek, u yerda yolg‘iz ovqatlaning!»

Erkak ularga ergashdi, yaqinlashib bordi va baqirdi. Xotini unga:  «Siz shu yerda qolasiz, faqat loy yeysiz. O‘sha payti biz boylarning qarshisida o‘tirgan bo‘lamiz», dedi.  

Shunda erkak eng kichkina farzandining qo‘lidan ushlash  uchun qo‘l uzatdi, lekin bola ayiq nilufariga aylandi. U boshqasini ushladi va u bodom butasiga aylandi. U xotinini ushlab oldi — xotini qarag‘ay daraxtiga aylandi. Nihoyat, u yana suv bo‘yiga qaytdi. Siz uni hozir  soylarning qirg‘og‘ida loy yeyotganini ko‘rasiz. U biz mox (mog‘or)yeyuvchi deb ataydigan kichkina kulrang qush. Ammo uning xotini va bolalari   hozir farovon hayot kechirishmoqda, kiyik terisida raqsga tushishadi.

Bu Amerika hindu afsonalaridan. Bu afsona  ochko‘z ota, uning ochko‘zligi ortidan oilaning bo‘linishi, oxir oqibat uning xudbinligi xorlikka yetaklashini hikoya qilayotgandek.

Kabob va bo‘lka

Hamma joyda saxiy va qizg‘anchiq, xudbin otalar bor, odamlar bor.

«Mening otam shunday edi, faqat u buni odamlar oldida qilmasdi. Ovqatni meni hech kim ko‘rmayapti, deya yashirib yerdi.  Biz bolalar uyda, sendvich, sifati past go‘sht, oddiy ovqatlar yerdik.  Shunda ham u biz ichadigan sharbat juda qimmatga tushganidan shikoyat qilardi. Ammo otamning o‘zi eng sara ovqatlarni yerdi. Bir safar men eng katta 2 yoshli farzandim bilan ota-onamni ko‘rishga bordim. Onam va men hamma uchun shirin kekslar tayyorladik, so‘ngra kechki ovqatga biror narsa olish uchun do‘konga ketdik. Qaytib kelsak hech qanday keks qolmagandi, otam hammasini yeb qo‘ygan edi, keyin mening o‘g‘limni va itni ayblashga harakat qildi. Keyin u: «Men elektr energiyasini to‘laganman, shuning uchun ularni barchasini yeb qo‘yishim hayratlanarli emas», dedi.  

Bu ochko‘z otalar haqida yozilgan xorij sigmenti — ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining iqrori edi. Bunday izohlar shu qadar ko‘p ediki, beixtiyor xudbin va ochko‘z otalar shu qadar ko‘p ekanda deb o‘ylaysiz. Men nima uchun ijtimoiy tarmoqning xorij sigmentidagi bunday iqrorlarga ehtiyoj sezdim. Facebookdagi «Maslahat»guruhiga qo‘yilgan, bloger Muazzam Ibrohimovaning shaxsiysiga kelgan ushbu maktub sabab bo‘ldi: «Hormang Muazzamoy. Yozmasam bo‘lmadi, asablarim o‘ynab, boshimga og‘riq kirib ketdi. «Bosh miya xo‘ppozi» degan maqolangizgi o‘qib, qattiq ta’sirlangan edim. Men ham rosmana «xo‘ppoz» ni ko‘rdim bugun. Xullas peshin vaqtiga ozgina qolgan edi. Masjidning yonidagi oshxonaga tushlik qilish uchun kirdim.  Endigina taomga qo‘l urgandim, o‘ng tomonimda o‘tirgan uch nafar o‘rta yoshlardagi kishilardan birining telefoni jiringladi. Masofa yaqin, telefon ham baland ovozda turganligi uchun beixtiyor suhbatga guvoh bo‘lib qoldim.

— Ha, nima deysan, — dedi erkak, og‘zidagi taomni chalpillatgancha.

Narigi tomonda esa ayol kishining ovozi eshitildi: — Qaytishingizda ikkitagina bo‘lka non olib keling.

Erkak o‘sha o‘sha chalpillagancha:

— Pulim yo‘q, dedida, shartta telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Og‘zimdagi og‘zimda, bo‘g‘zimdagi bo‘g‘zimda qolib, yalt etib o‘sha tomonga qaradim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, kamida yuz kilo keladigan xo‘ppoz qo‘lida bir six shashlik, oldida bo‘shagan sixlar, og‘zi to‘la yemish, pishshillab yeyishda davom etardi.  Ishtaham g‘ip bo‘g‘ildi. Ko‘z o‘ngimda uning bolalari tizilib qoldi.

Och o‘tirgan bo‘lishsa kerakki, balki ayoli, balki qizi qo‘ng‘iroq qilib qo‘rqa-pisa ikkitagina bo‘lka olib kelishini so‘ragan.

Atigi ikkitagina bo‘lkaya! Patir, bo‘lichka,pechene, tort... emas, bo‘lka!

Kamida to‘rtta kabob yegan erkakning ikkita nonga puli bo‘lmaydimi? O‘sha xo‘ppozdan ham, o‘zimdan ham, butun jamiyatdan ham nafratlanib, hafsalam pir bo‘ldi. Peshinni qanday o‘qidim, bilmadim. Haliyam o‘zimga kelolmayapman.

Shundan so‘ng muhokama boshlandi:

Xudbin och odamlar

Nasriddinova Kimyoxon: Men o‘n yillar avval emizikli bolasi bor ayoliga bo‘lka non, o‘ziga patir olib kelib yeydigan erkakni ko‘rganman.  Ayoli uyda bor narsadan qilingan ovqatni yedi, o‘ziga esa shashlik ko‘tarib kelgandi. Xontaxtaning narigi burchagida chaqalog‘i bilan ayol, bu burchagida patir bilan shashlik yegan erkakni ko‘rgandim, yoqa ushlaganim va anchagacha o‘zimga kelolmaganim rost...

Abdulloh: Ilgari choyxonada osh yegan erkak uyida oshning masallig‘ini badastir qilib ketgan! Kafeda ikki six kabob yegan odam uyidagilarga hech bo‘lmasa bir bo‘lakdan tegadigan kabob olib qaytgan. Bugungi kunda ham aksariyat ulfatlarim, do‘stlarim shunday qilishadi, kafeda sho‘rva ichishsa ham, olib ketarga deb to‘rt six kabob buyurishadi.

Izzatilla Rahmatillayev: Undaylar to‘lib yotibdiyu. Choyxonada maqtanish, ovqatlanish xuddi ming qo‘yli boydek, uyida sichqonlar hassa tayanib yuradi.  Men ham bir voqeani qo‘shib qo‘yay, zora boshqalar o‘zlari uchun xulosa chiqarsa. Bundan o‘n yillar oldin  bir kun nozikkina bir juvon kelib yig‘lab hasrat qilib ketdi: «Erim qamoqda, 4 bolam bor, qaynona-qaynotam bilan birga turaman qozonimizni boshqa qilib qo‘ygan. Ota-onam ham nochor ahvolda, ularning ham uyi yongan bizga yordam berolmaydi. Uyda hech narsa yo‘q bolalarga piyoz dog‘ qilib qovurib berayapman, iloji bo‘lsa yordam beringlar». Kelinga rahmim kelib yonimdan pul berdim, «shunga non, kartoshka olib turing bir ilojni qilamiz», deb chiqarib yubordim. U ayol ketgach mahalliy kengash deputati do‘stim kelib qoldi, unga  haligi ayol voqiasini aytib, martabang ulug‘ bo‘lgur, shu oilaga yordam ber dedim. Do‘stim kechki payt   supermarketdan uch paketga to‘ldirib mayda-chuyda mahsulotlar bilan keldi. Jurnaldan adresni topib ayolning uyiga yo‘l oldik. Hovliga kirib borsak yo‘lakdagi uyda qaynota-qaynona kechki ovqatni yeyishmoqda ekan, dasturxoniga nazar tashlasam pishgan tovuq go‘shti, patir, olma apelsin, mandarin... chiroyli bezatilgan. Qaynotasiga kelindan xabar olgani kelganimizni aytsam boraveringlar, hov to‘rdagi uyda dedi. Eshikni ochsak, bechora kelin rostdan ham piyoz, yana men bergan pulga olgan kartoshkani bolalariga qovurib berayotgan ekan. Hol-ahvol so‘rab, olib kelgan narsalarni berdik. Do‘stim ahvolni ko‘rib: «Singlim mana bu pulni boshqalarga ko‘rsatmay ertaga almashtirib, bir qop un, yog‘, kartoshka oling», deb 200 dollar berdi. Qaynotasi olisdan bizni kuzatib turgan ekan, oldidan o‘tib ketayotsak — biz ham jabrlanganmiz, o‘g‘lim qamoqda bizga ham yordam berib ketinglar, dedi nomard. Keyingi safar beramiz, deb gapni qisqa qilib chiqib ketdik. Men haligacha tushunmayman bu nomard odamning nabiralari och, piyoz qovurib yeb o‘tirsayu bobo va buvining qanday tomog‘idan tovuq go‘shti o‘tdi ekana, deb.

Nozima Xoliqova: Rossiyada ishlab qo‘lida dollarlarini maqtanib profiliga qo‘yadigan, ammo bolasi reanimatsiyada o‘lim bilan olishib yotganida yordam berishini so‘rab ayoli iltimos qilsa telefonini bloklab olgan nomardni bilaman.

Mehrli otalar

Mavluda Boymatova: Men xafa bo‘ldim, nafratlanib ketdim bunaqa otaning kilig‘idan va shaxtada bir umr ishlagan rahmatli dadam yodimga tushdi. Bu holat yodimga ko‘p tushadi. Konda ishlar edi, kechki payt ishdan qaytishlarini kutardik. Qo‘llarida materialdan tikilgan sumka, o‘sha sumkadan gazetaga o‘ralgan to‘rt bo‘lak oq bo‘lka non va ikki dona tuxum, ba’zida kotlet yoki ovqatlaridagi go‘sht bo‘lardi. 6 ta farzandlaridan to‘rt nafarimiz hali yosh bolalar edik, bir burdadan va yarimta tuxum yoki yarimta kotletdan tishlab yeb mazza qilardik, juda mazali edi. Biz yaxshi yashar edik, go‘shtsiz ovqat qilmasdik, dadamlar qattiqqo‘l va erkalatmasdilar. Lekin ishda berilgan ovqatni o‘zlari yemasdan bizlarga olib kelishlari bu hayotimda hech qachon yodimdan chiqmaydigan eng ajoyib xotira edi.

Meni eng ta’sirlantirgan izoh biri mana shu bo‘ldi: Bugunimizda ko‘chadagi taom oiladagi kundalik taomdan farqlanishini farzandlarga uqtirmoq lozim — ko‘chadagi taom nafsni qondirish uchun. Oiladagi taom huzur va mehr uchun.                                                               

Psixologlar bo‘lishishni hamjihatlikni tarbiyalaydigan an’ana, deb atashar ekan. Ota-onaning bolalarga ovqat ilini, bo‘lishib yeyishi bu egoistlikning oldini olarkan. Bo‘linish qachon yuzaga keladi? Ota-onalar bolalaridan yashirib ovqat yeganida.

Xudbin ota-onalar — xudbin bolalar

O‘shanda ijarada ikki oila yashardik. Biz va  hovlining u burchida biz kabi oila. Tovug‘imiz kunda 2-3 ta tuxum qilar, bolalarim tuxumni chelakchaga solib qo‘yardi. Bir kuni qo‘shnimizning o‘smir o‘g‘li, bollarimning tuxumni qo‘yayotganini ko‘rib hayron qoldi: «Nega yig‘ib qo‘yasizlar buni yevormaysizlarmi», dedi.

Men aytdim:

—Bir joyga yig‘ilib turadi, har kuni ertalab o‘zlariga pishirib beraman.

—Bizda unaqa emas, ukam va men tovuqning katagini poylab talashamiz, qaysimiz birinchi topsak o‘sha pishirib yeydi.

—Agar sen uch kun tuxumni topsang  uch kun yeysanmi, boshqalarga-chi deyman.

—Ee, boshqalar bilan nima ishim bor...

Shunda esimga tushdi ota-onaning ba’zan kuni bilan uyda qolib tabakani yoki baliqli konservani o‘zlari paqqos tushirganini. Demak xudbin otalarning bolalari ham xudbin bo‘ladi. Keyinchalik shunday ota-onalar bolalar mehr ko‘rsatmasa ularni toshbag‘irlikda ayblashadi.

Men bu bo‘linishni, bu ochko‘z otalarni poraxo‘r, nafsi och, yulg‘ich amaldorlarga o‘xshataman, kim bilsin, bularning ham otasi yoshlikda bolalariga faqatgina baliqning dumini qoldirganmikan? Balki bular ham qachondir mox yeydigan qushga aylanarlaru oddiy xalq kiyik terisida raqsga tushar. Ungacha esa o‘zi kabob yeb bolalaridan ikki bo‘lkani qizg‘anayotgan otalarning ko‘payib borayotgani juda tashvishli signal.

Avvallari biron maqola yozsak, o‘zimizning sharqona odob haqida maqtanib o‘tardik va albatta «chirigan g‘arb»ning salbiy jihatlariga to‘xtalishni kanda qilmasdik. Bugun ko‘rayapmizki ochko‘z, xudbin odamlar o‘zimizda ham yetarlicha ekan. Hamyurtlarimizdan biri yozgan izohdagi voqeaga e’tibor beradigan bo‘lsak nevaralari och o‘tirib o‘zlari tansiq taom yeyayotgan otaning o‘g‘li bekorga qamalmagan. Oilada xudbin ota-onalarning hatti-harakati bolalarda aks etadi. Yo bolalar bu ota-onalarni yuzini shuvit qilib jinoyatga qo‘l uradi yo ota onasidan yuz o‘girib kiyik terilari ustida raqs tushadilar. Bu paytda ochko‘z otalar qirg‘oqdagi yer moxini ya’ni loyni yeyotgan bo‘ladilar.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring