Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Shakar ta’minoti bu – oziq-ovqat xavfsizligi. U bilan hazillashib bo‘lmaydi

Shakar ta’minoti bu – oziq-ovqat xavfsizligi. U bilan hazillashib bo‘lmaydi

Foto: «Xabar.uz»

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali «Shakar zavodlari bizga kerakmi?» qabilidagi xabarlar tarqalmoqda. Bu odatiy holga aylangan. Mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarimizga raqobatchi bo‘lgan importyorlar har ikki yilda bir ichki bozorimizga hujum uyushtirib turadi.

Avvalgi harakatlar 2018 va 2020-yillarda sodir bo‘lgan edi.

2018-yilda ham O‘zbekistonda shakar ta’minoti importyorlar qo‘liga o‘tgandan keyin shakar narxlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilib ketgan edi. Undan so‘ng 2020-yildagi karantin vaqtida ham O‘zbekistonda shakar muammosi boshlandi. Har ikkisida ham O‘zbekistondagi mavjud ikkita shakar zavodlari faoliyati «sindirilgan»dan so‘ng importyorlar tomonidan sodir etilgan. Muammoning tag zamiriga qaraydigan bo‘lsak, 2020-yil boshidan 31 dekabrga qadar shakar importiga 20 foizlik boj hamda 20 foizlik aksiz solig‘i xuddi shu yilning 3 aprelidagi qarorga muvofiq, bekor qilingan edi.

Importyorlarga barcha imtiyoz berildi. Ammo imtiyoz faqat Rossiyadan kirib keladigan shakar uchun qo‘llanildi. Misol uchun, Pokiston mahsuloti bunday imtiyozlardan zarracha ham foydalana olmadi. «Pokiston shakari sifatsiz» degan vaj bilan O‘zbekistonga kirishiga barer (to‘siq) qo‘yildi.

Importyorlar uchun yana bir katta imtiyoz shuki, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilar qo‘liga yetib boradi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa faqat va faqat birja orqali bozorga chiqarishga majbur. Shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilamiz. O‘zbekiston bozorini importyorlar egallagan vaqtda, ya’ni 2020 yili narx 29,1 foizga ko‘tarilgan. Eng qizig‘i shuki, importyorlar birjasiz bozorga to‘g‘ri kirib borishiga qaramay, narxni bir yil davomida shuncha ko‘tarishga erishgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar O‘zbekiston bozorida o‘z mavqeini qayta egallagan davrda, ya’ni 2021 yilda narx 13,3 foizga oshgan.

Albatta, O‘zbekistonda shakar narxining ko‘tarilishiga haqqi bor. Bizda narx-navo, oylik ish haqi, nafaqalar ham doimiy ravishda ko‘tarilib turadi. Birgina Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 2020 yilda 679 330 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ayni kunda 822 000 etib belgilangan. Ya’ni, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 22,5 foizga oshgan. O‘zbekistonda maosh, nafaqa va barcha narsaning narxi ko‘tarilayotgan vaqtda shakar narxini ko‘tarmasdan ushlab turishning umuman imkoni yo‘q. Xom-ashyo ham tekin kelmaydi. So‘nggi ikki yil ichida butun dunyo bo‘yicha shakar xom-ashyosi 40 foizga ko‘tarilgan. «Antiproteksionist»lar shakar narxini hisoblayotganda mana shu jihatlarni ham hisobga olishsa adolatdan bo‘lar edi...

Proteksionizm haqida gapiradigan bo‘lsak, bu — strategik oziq-ovqatlarga juda zarur. Misol uchun Rossiya tadbirkorlarini juda qattiq himoya qiladi. Birgina shakarni olaylik, Rossiyadan shakar olib kelinsa, tonnasiga 80 dollar soliq qo‘yadi. Ammo Rossiyaning hududidan olib o‘tilgan shakar xom-ashyosining tonnasiga 180 dollar soliq to‘lattiradi. Aslida shakar borasida, Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib bizdan proteksionizm talab qilinmayaptimikin?

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni nazorat qilish mumkin. Ammo xorijdan shakar keltirayotgan importyorlarga iltimos ham qilib bo‘lmaydi.

Bu borada importyorlarni ham qoralab bo‘lmaydi. Ularni ham tushunish kerak. Chunki O‘zbekistondagi shakar zavodlarini sindirib, mahalliy bozorlarni egallashning o‘zi oson ish emas. Tadbirkorlar ham ketgan xarajatini 10 barobar, 20 barobar qilib chiqarib olishni istaydi. Axir bu biznes.

O‘zbekistondagi shakar zavodlarini yo‘qotish davosini ilgari surayotgan fikrlarda Rossiyadagi shakar narxlari bo‘yicha raqamlar ham keltirilgan. Ya’ni, Rossiyada shakar 2020-yilda 64,5 foizga, 2021-yilda esa bor-yo‘g‘i 4 foizga qimmatlashgan deyiladi. Bu raqamlar Rossiya hukumati shakar nazoratini o‘z qo‘liga olganligi bilan bog‘lanadi. Aslida esa inkor etib bo‘lmas faktlarga asoslanadigan bo‘lsak, 2020-yilda Markaziy Osiyodagi davlatlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari sindirilgandan so‘ng Rossiyaning o‘zida ham narxlar keskin darajada ko‘tarilib ketgan edi. Qozog‘iston bu jiddiy muammoni ertaroq bartaraf etishga ulgurdi. Eng katta iste’molchilardan biri bo‘lgan O‘zbekiston esa 2020-yilning oxiriga kelib mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni boshladi.

O‘zbekistondagi shakar narxlaridan xavotir olayotgan iqtisodchilar avvalo yog‘ narxlari haqida o‘ylasa yaxshi bo‘lardi. Yog‘ masalasida mahalliy aholining kuni faqat importyorlarga qolganligini O‘zbekistondagi yog‘lar narxidagi beqarorlikdan anglash qiyin emas. Butun dunyoda strategik oziq-ovqat bo‘lmish – shakarning O‘zbekistondagi ta’minoti bir tadbirkor qo‘liga o‘tgandan keyingi ssenariy qanday bo‘lishini 2018 va 2020-yillarda ko‘rib bo‘ldik.

Xalq ham o‘sha vaqtlardagi shakar muammosini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan ko‘rgan edi. Bu borada ular haq. Chunki O‘zbekistondagi har qanday shakar muammosiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar javobgar hisoblanadi. Vaholanki, asl haqiqat boshqa. Ya’ni, importyorlarga barcha imtiyoz va vakolatlar berilgan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘yindan siqib chiqarilganini ular bilishmaydi. Har ikki qaltis vaziyatda ham Prezidentimizning shaxsan o‘zi aralashgandan keyin muammo bartaraf etilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring