Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ogoh bo‘ling! Suv muammosi: qo‘rqinchli bashoratlar

Ogoh bo‘ling! Suv muammosi: qo‘rqinchli bashoratlar

Foto: «Xabar.uz»

Bugun yer yuzidagi 2 milliardga yaqin aholi toza ichimlik suviga muhtoj, 2 mld 300 mlndan ortiq odam esa sanitariya talablariga javob bermaydigan obihayotdan iste’mol qilishga majbur.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2050 yilga qadar suvga bo‘lgan talab yana 50 foizga oshadi. Shu raqamlarning o‘zi ham tabiatning bebaho ne’mati bo‘lgan obihayotdan tejamkorona, oqilona foydalanishga undaydi.

Joriy yilning 8 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda asosiy e’tibor aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikamizda oxirgi besh yilda sohaga 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. Bu davrda 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Jumladan, o‘tgan yili 474 ta suv inshooti qurilib, 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortilgan. 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilangan.

Takidlanishicha, lekin bu masalada qiynalayotgan mahallalar ko‘p va ba’zi tumanlarda bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi. Shu bois, kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Albatta, bu kabi raqamlar inson hayotidagi eng muhim ehtiyojiy unsur bo‘lgan toza ichimlik suvi bilan aholini ta’minlash kelgusi yillarda sezilarli darajada oshishidan darak beradi. Ammo masalaning yana bir muhim jihati, biz olis hududlarga qanchalik tarmoqlar tortmaylik, suv saqlash inshootlarini barpo etmaylik, asosiy muammo yerosti suvlari zaxirasiga bog‘liq bo‘lib qolaveradi. Chunki suvning asosiy manbai shu.

Shu maqsadda yig‘ilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Takidlanishicha, bugungi kunda 8 mingta suv qudug‘idan 1 ming 500 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgan. Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish bo‘lgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.

Albatta yig‘ilishda qayd etilgan bu masala, ichimlik suvimizni hozirgi real holatidan darak berib, kelgusi ayanchli ahvoldan ogoh etdi. Fermerlik rivojlanishi bilan joylarda suvli yerga bo‘lgan talab, tumanlarda yuqori hosil olishga bo‘lgan ishtiyoq asosida, sug‘orilmaydigan yerlarga artizan «urish» urfga kirdi. O‘shandan boshlab, minglab gektar g‘alla maydonlari, paxta dalalari yer osti ichimlik suvi bilan sug‘orila boshlandi. Tumanlarda avj olgan ura-urachiliklar asosida, «plan» birinchi o‘ringa chiqdiyu, afsuski, masalaning muhim jihati etibordan chetda qoldi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi «Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroridan keyin suv isrofini oldini olishda ijobiy loyihalar amalga oshirila boshlandi. Ushbu qaror, suvdan tejamli foydalanish tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Keyingi yillardagi artizan «uruvchilar»ga ekinlarini faqat tomchilatib sug‘orish joriy etish sharti bilan ruxsat berilayotgani va bu loyihani amalga oshiruvchilarga subsidiyalar ajratilishi esa chuchuk suvga bo‘lgan avvalgi «tajovo‘z»larni qisman to‘g‘ri yo‘lga sololdi.

Ammo shuncha harakatlar bilan ham, istaymizmi-yo‘qmi, o‘tgan yilgi qurg‘oqchilik ichimlik suvi muammosidagi asl holatni bizga ko‘rsatib qo‘ydi. Kech anglab yetganimiz: «Orol muammosi» kabi, yangi muammo yaralmasdan turib, joylarda hamon davom etayotgan toza ichimlik suviga bo‘layotgan «tajovuz»larni to‘xtatishimiz darkor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, artizan suvidan 20 daqiqa oqqan suv sarfi evaziga, tomchilatib sug‘orish joriy etish bilan 8,4 tonna bo‘g‘doy yoki 15 tonna kartoshka olish mumkin ekan. Shunday ekan, toza ichimlik suvini bugundan qadrlab, bu borada samarali chora tadbirlar belgilab olishimiz lozim. Bu borada tumanlardagi barcha artizanlar asosida suv oluvchilarga majburiy tomchilatib sug‘orish tizimini qat’iy joriy etish, korxonalar va tashkilotlarning hovlisidagi ekin yerlarini toza ichimlik suvi bilan so‘g‘orilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shu maqsadda suv xo‘jalik nazorati inspeksiyasi xodimlari vakolatini kengaytirish, kelgusi yillarda suv tejovchi moslamalar joriy etishni yanada rag‘batlantirish, subsidiya va kredit ta’minotini oshirish kabilar orqali muqarar muammoning oldini olishga erishishimiz mumkin.

Bugun dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak suv uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda, biz toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘yyapmiz. Ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oramiz, mashinamizni yuvamiz, suvni hovlilarimizga va ko‘chalarimizga sepamiz.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: dunyoda har yili 5 yoshdan kichik bo‘lgan o‘rtacha 297 ming bola tozalanmagan ichimlik suvi iste’mol qilgani yoki ana shunday suv bilan qo‘l yuvishi natijasida diareya kasalligiga uchrab vafot etmoqda. Shu dahshatli raqamlarning o‘zi ham tomchi suvni qadrini bugundan anglashimiz uchun asos bo‘ladi, yo‘qsa ertaga kelgusi avlod oldida aybdor bo‘lib qolishimiz aniq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring